Raximov Bekzod Baxtiyorovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Neft, gaz va yog‘-moy sanoati ikkilamchi xom ashyo va chiqindilari asosida muqobil yo‘l bitumni olish va uning kolloid-kimyoviy xossalari”, 02.00.08 – Neft va gaz kimyosi va texnologiyasi, 02.00.11 - Kolloid va membrana kimyosi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/T928.
Ilmiy maslahatchilar: Adizov Bobirjon Zamirovich, texnika fanlari doktori, professor; Ibragimov Aziz Baxtiyarovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, DSc.05/2025.27.12.K/T.19.01.
Rasmiy opponentlar: Salixanova Dilnoza Saidakbarovna, texnika fanlari doktori, professor; To‘raev Tolib Bozorovich, texnika fanlari doktori, professor; Berdiev Sanjar Allanazarovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi neft shlami, gossipol qatroni va absorbent metildietanolamin chiqindisi asosida kolloid-kimyoviy xossalari yaxshilangan muqobil yo‘l bitumi olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
neft shlami, gossipol qatroni va qayta tiklanishga yaroqsiz bo‘lib qolgan metildietanolaminlarni fizik-kolloid-kimyoviy xossalari hamda strukturalari asoslangan;
yaratilgan ingredientlar kombinatsiyasi asosida muqobil yo‘l bitumning optimal tarkibi (Gossipol qatroni-50%, neft shlami-41%, metildietanolamin-9%) ishlab chiqilgan;
yaratilgan muqobil yo‘l bitumning fizik-kolloid-kimyoviy, texnologik, reologik va fizik-mexanik xossalari (25 va 0°C dagi penetratsiyasi 85 va 24 mm, yumshash harorati 55°C, 25 va 0°C dagi duktilligi 66 va 4,5 sm, chaqnash harorati 232°C, mo‘rtlanish harorati -18°C, 135ºC haroratda kinematik qovushqoqligi 619 mm2/s, 60ºC haroratda dinamik qovushqoqligi 592 Pa·s, taranglik xususiyati +54ºC dan -17ºC haroratgacha o‘zgarmasligi, oquvchanligi +55ºC dan +150ºC haroratda o‘zgarishi) asosida bitumning xizmat qilish muddatini uzaytirishi va eskirishini ikki marta kamaytirishi aniqlangan;
muqobil yo‘l bitumni tayyorlashda 50% miqdorda gossipol qatroni va 9% gacha ishlatilgan metildietanolamindan foydalanish natijasida standart bitumiga nisbatan mineral materiallar bilan passiv ulash bo‘yicha adgeziyasi 10% ga ortganligi hamda shishaning bitum bilan ho‘llanishning chegaraviy burchagi 27º ga kichiklashuvi aniqlangan;
yaratilgan muqobil yo‘l bitumi asosida oltingugurt bilan modifikatsiyalangan yo‘l qoplamalari olish tarkibi va bunda granit, qum, marmar mineral materiallarga nisbatan shag‘al toshining sirt maydoni (9,02 m2/g) va g‘ovak hajmi (0,071 sm3/g) eng yuqori bo‘lib, ko‘proq hajmli g‘ovaklikka ega ekanligi sababli muqobil yo‘l bitumi g‘ovaklarda absorbsiyalanishi va sirt yuzasida adgezion xossalarini kuchayishi isbotlangan;
neft shlami, gossipol qatroni va qayta tiklanishga yaroqsiz metildietanolamin asosida muqobil yo‘l bitumi va undan Respublikamiz tez o‘zgaruvchan ob-havo sharoitiga mos oltingugurt bilan modifikatsiyalangan yo‘l qoplamalari olish va ishlatish texnologiyalari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mahalliy xom ashyo va chiqindilar asosida muqobil yo‘l bitumni olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
neft shlami, gossipol qatroni va ishlatilgan metildietanolamin chiqindisi asosida muqobil yo‘l bitumni ishlab chiqish texnologiyasi «Buxara Prosper Invest» MChJda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Energetika Vazirligining 2025 yil 27 iyun 03-13-1061-son ma’lumotnomasi). Natijada, mahaliy xom ashyo va chiqindilar asosida muqobil yo‘l bitum ishlab chiqarish imkonini bergan;
gossipol qatroni va neft shlami asosida olingan yo‘l bitumni sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida modifikatsiyalangan oltingugurt qo‘llash texnologiyasi «Buxara Prosper Invest» MChJda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Energetika Vazirligining 2025 yil 27 iyun 03-13-1061-son ma’lumotnomasi). Natijada, oltingugurt saqlagan muqobil yo‘l bitumi yordamida asfalt qorishmasini tayyorlash va yotqizish imkonini bergan;
yaratilgan muqobil yo‘l bitum asosidag yo‘l qoplama «Sanoat Qurilish Effekt» MChJ tomonidan Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Armechan mahalla fuqarolar yig‘ini «Ishsho» qishlog‘ini ichki yo‘llarida asfalt yotqizish uchun amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Energetika Vazirligining 2025 yil 27 iyun 03-13-1061-son ma’lumotnomasi). Natijada, mahalliy ikkilamchi xom ashyolar asosidan olingan muqobil bitum xorijdan olib kelinuvchi yo‘l bitumlari miqdorini 37% kamaytirish imkonini bergan.