Bozorova Mahbuba Ishquvvatovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Levofloksatsinning kompleks birikmalari sintezi, tuzilishi va xossalari», 02.00.01 - Noorganik kimyo, 02.00.04 - Fizik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/K714.
Ilmiy rahbarlar: To‘raev Xayit Xudoynazarovich, kimyo fanlari doktori professor; Ashurov Jamshid Mengnorovich, kimyo fanlari doktori professor.
Dissertasiya bajarilgan muassasalar nomi: Toshkent davlat tibbiyot universiteti Termiz filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.K/T.12.05.
Rasmiy opponentlar: Muqumova Gulvar Jumaevna, kimyo fanlari doktori, dotsent; Ro‘zimuradov Olim Narbekovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: levofloksatsinning Co(II), Mn(II), Ni(II), Cu(II) va Zn(II) ionlari bilan metallokompleks birikmalarini sintez qilish, ularning molekulyar va kristall tuzilishini, fizik-kimyoviy xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor levofloksatsinning Co(II), Mn(II), Ni(II), Cu(II) va Zn(II) metall ionlari bilan turli stexiometrik nisbatlarda yangi kompleks birikmalari sintez qilindi. Olingan birikmalar orasida [LEVH₃]₂[Cu₃Cl₉(H₂O)₂]Cl, [Ni(LEV)₂(en)]·7H₂O, [LEVH₂]₂[CoCl₄]·2H₂O, [LEVH₂]₂[ZnCl₄]·2H₂O va [LEVH₂]₂[MnCl₄]·2H₂O kabi birikmalarning RTT, DSK, element, IQ-spektroskopik analiz usullari yordamida tuzilishi va fizik-kimyoviy xossalari aniqlanib, tetraedr hamda oktaedr tuzilishli poliedr metallokomplekslar hosil bo‘lishi aniqlangan;
Hirshfeld sirt tahlili natijalari molekulalar orasidagi asosiy o‘zaro ta’sirlar H···H hamda O···H/H···O tipidagi tasirlar ekanligini ko‘rsatdi. Shuningdek, kristall panjarasining shakllanishida molekulalararo energiyaviy ta’sirlarning hissasi baholandi va ularning kristall tuzilish barqarorligiga ta’siri tavsiflangan;
[LEVH3]2[Cu3Cl9(H2O)2]Cl tarkibli triyadroli klaster tipidagi kompleksda markaziy atomga nisbatan ligandlar bilan hosil bo‘lgan ko‘pburchak yaqqol buzilganligi namoyon bo‘lgan. Bu o‘zgarishga ekvatorial bog‘lar nisbatan qisqarib aksial bog‘lar uzunligi 2.682 Å gacha uzayishi natijasida Yan-Teller effekti kuzatilgan;
levofloksatsin asosida sintez qilingan Cu(II), Ni(II), Zn(II) va Mn(II) saqlovchi komplekslar mikroorganizmlarga qarshi sezilarli biologik faollik namoyon etdi. Olingan natijalar Cu(II) tutuvchi kompleks birikmaning dezinfeksiyalovchi vosita sifatida istiqbolli ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Levofloksatsinning metall ionlari bilan hosil qilgan kompleks birikmalarining sintezi, tuzilishi, fizik-kimyoviy tavsiflari hamda biologik faolligiga oid olingan ilmiy natijalar asosida:
levofloksatsinning [LEVH₃]₂[Cu₃Cl₉(H₂O)₂]Cl, [Ni(LEV)₂(en)]·7H₂O, [LEVH₂]₂[CoCl₄]·2H₂O, [LEVH₂]₂[ZnCl₄]·2H₂O va [LEVH₂]₂[MnCl₄]·2H₂O tarkibli komplekslari uchun aniqlangan kristall tuzilish parametrlari Kembridj xalqaro kristallografik ma’lumotlar bazasiga (Cambridge Crystallographic Data Centre, CCDC) kiritilgan hamda ularga mos ravishda CCDC 2291747, CCDC 2586213, SSDC 2586212, CCDC 2562421 va CCDC 2562413 depozit raqamlari olingan. Natijada mazkur kristallografik ma’lumotlardan o‘xshash koordinatsion polimerlarni sintez qilish, ularning kristall tuzilishlarini tavsiflash hamda strukturaviy xususiyatlarini qiyosiy tahlil qilishda foydalanish imkoniyati yaratilgan;
levofloksatsinning metallokomplekslari “NOVA FARM” MChJ ning amaliyotga joriy etilgan (“NOVA FARM” MChJning 2025 yil 14 iyuldagi №34-son ma’lumotnomasi). Natijada tarkibida Cu2+ ioni saqlagan levofloksatsin kompleks birikmasi o‘z xossalari va yuqori samaradorligi sababli dezinfeksiyalash vositalarga eritma ko‘rinishda 0,03% konsentratsiyali eritmasidan foydalanib yuqori samarali dezinfeksiyalovchi vosita sifatida qo‘llash imkoniyatini bergan;
sintez qilingan kompleks birikmalarning kristallografik tavsiflari BA-FA-F7-004 raqamli “Biologik faol birikmalar metallokomplekslari tuzilishiga haroratning ta’sirini o‘rganish” mavzusidagi fundamental loyiha doirasida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2026-yil 20-iyuldagi 4/1255-2053 son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar yangi metallokompleks birikmalarni sintez qilish, ularning molekulyar va kristall tuzilishini aniqlash hamda xossalarini tavsiflash imkoniyatlarini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish