Xoldorov Shovkat Manonnboy o‘g‘lining

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Iqlim o‘zgarishi sharoitida sug‘oriladigan tuproqlarning sho‘rlanishi va ularni masofadan zondlash ma’lumotlari asosida baholash”, 11.00.05 - Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.PhD/B1776.
Ilmiy rahbar: Jabbarov Zafarjon Abdukarimovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, Ilmiy kengash raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/2025.27.12.B.01.15 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Juliev Muhiddin Komilovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Sodiqova Gulchexra Sattarovna, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: iqlim o‘zgarishi sharoitida Mingbulak tumani sug‘oriladigan erlarida tuproq sho‘rlanishining ekologik holatini masofadan zondlash ma’lumotlari asosida baholash, uning makoniy dinamikasini aniqlash va geoekologik monitoring imkoniyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Namangan viloyati Mingbulak tumani sug‘oriladigan erlarida iqlim o‘zgarishi sharoitida tuproq sho‘rlanishining ekologik holatini masofadan zondlash ma’lumotlari asosida geoekologik baholash yondashuvi asoslangan;
sug‘oriladigan erlarning ekologik-meliorativ holatini baholashda Landsat-8 OLI tasvirlarining Sentinel-2A MSI ga nisbatan yuqoriroq axborotliligi va diagnostik aniqligi ilmiy jihatdan asoslangan, NDSI indeksi esa sho‘rlanishning eng ishonchli spektral indikatori sifatida aniqlangan;
tuproq sho‘rlanishining nafaqat yuzaki, balki 0-30 sm va 30-60 sm qatlamlarda namoyon bo‘lish xususiyatlarini masofaviy ma’lumotlar orqali baholash mumkinligi aniqlangan, chuqurroq qatlamlarni ifodalashda ko‘k spektral kanalning proksi ahamiyati ochib berilgan;
NDSI indeksi bilan elektr o‘tkazuvchanlik hamda sho‘rlanishni shakllantiruvchi asosiy ionlar, xususan SO₄²⁻ va Ca²⁺ o‘rtasidagi barqaror bog‘liqlik aniqlangan hamda sug‘oriladigan erlarning ekologik holatini masofaviy geokimyoviy baholash imkoniyati ko‘rsatilgan;
g‘o‘za agrotsenozlarida sho‘rlanishning o‘simlik holati orqali bilvosita namoyon bo‘lish qonuniyatlari ochib berilgan va avgust oyi sho‘rlanishni fenologik jihatdan eng maqbul baholash davri ekani asoslangan;
haroratning oshishi, bug‘lanishning kuchayishi va namlik tanqisligi kabi iqlim omillarining sug‘oriladigan erlarida sho‘rlanish jarayonlarini faollashtirishi hamda uning makoniy-vaqtiy dinamikasiga ta’siri aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Iqlim o‘zgarishi sharoitida sug‘oriladigan tuproqlarning sho‘rlanishini masofadan zondlash ma’lumotlari asosida baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Namangan viloyati Mingbuloq tumanining 34 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan erlarida 2019–2024-yillardagi sho‘rlanish dinamikasini aks ettiruvchi 1:25 000 masshtabli sho‘rlanish kartogrammalari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 15-oktabrdagi 05/05-04-648-sonli ma’lumotnomasi). Natijada sho‘rlanish darajasi va tipi asosida sho‘r yuvish me’yorlari, soni va muddatlarini belgilash hamda agromeliorativ tadbirlarni rejalashtirish imkoniyati yaratilgan;
Mingbuloq tumanidagi 5 790 gektar g‘o‘za maydonida o‘simlikning vegetatsiya fazalariga asoslangan sho‘rlanishni masofadan baholash usuli amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 15-oktabrdagi 05/05-04-648-sonli ma’lumotnomasi). Natijada klaster va fermer xo‘jaliklarida sho‘rlanish darajasiga qarab ekinlarni joylashtirish, avgust oyida sho‘rlanish stressiga qarshi qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni belgilash hamda meliorativ ishlarni rejalashtirish imkoniyati yaratilgan;
Mingbuloq tumanining sug‘oriladigan erlari uchun tuproqdagi harakatchan fosfor, almashinuvchan kaliy va gumus miqdorini aks ettiruvchi 1:25 000 masshtabli agrokimyoviy kartogrammalar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 15-oktabrdagi 05/05-04-648-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tuproqlarning oziqa elementlari bilan ta’minlanganlik darajasiga ko‘ra o‘g‘itlash me’yorlarini belgilash, organik va mineral o‘g‘itlardan oqilona foydalanish hamda tuproq unumdorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni rejalashtirish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish