Jumaeva Kamila Bobirovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bilingvlar mental leksikonining modellashtirilishi va ishlash mexanizmlari: psixolingvistik hamda amaliy aspektlar”, 10.00.11 – Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/Fil6675.
Ilmiy rahbar: Sultonova Shoxista Muxammadjanovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Qo‘qon davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.34.02.
Rasmiy opponentlar: Nurmanova Dilfuza Abduxamidovna, filologiya fanlari doktori, professor va Hoshimov Muzaffar G‘anijonovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi bilingvlar mental leksikonini modellashtirish xususiyatlari hamda uning ona tili va ikkinchi til o‘zaro ta’siri sharoitida qo‘llanilish mexanizmlarini psixolingvistik va amaliy jihatdan tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
mental leksikon va bilingvizmning psixolingvistik hamda amaliy jihatlari ilmiy-nazariy jihatdan umumlashtirilgan, shuningdek, bilingvlarning mental leksikonini tahlil qilishda ikki tilli (dual) tizim modelini qo‘llash asoslab berilgan; har ikki til tizimi sathlari nisbiy mustaqillikni saqlab qolgan holda, yagona kognitiv tuzilma doirasida faoliyat yuritishi, real kommunikativ vaziyatda tillararo o‘zaro ta’sir va o‘zaro faollashuvni ta’minlashi isbotlangan;
erkin assotsiativ tajriba korpusi asosida bilingvlarning mental leksikoni mexanizmlarini modellashtirishda tillararo assotsiativ aloqalarning ahamiyati aniqlangan, mazkur aloqalar lingvodidaktik resurs sifatida qaralishi mumkinligi asoslangan, ularni hisobga olish tillararo interferensiya zonalarini aniqroq belgilash, ona tili va ikkinchi til birliklari o‘rtasida barqaror ma’noviy bog‘lanishlarni shakllantirish hamda shu orqali bilingval muhitda ikkinchi tilni o‘qitish samaradorligini oshirish imkonini berishi dalillangan;
bilingvlarning lisoniy va konseptual manzarasini o‘rganish doirasida bilingvlar ikki tilning madaniy kodlari hamda nutqiy modellarini uyg‘unlashtirishi yoritib berilgan, ko‘p madaniyatli til makoni sharoitida kommunikativ vazifaga qarab avtomatik va strategik tillararo kod almashinuvini ta’minlovchi ko‘p tarmoqli mental leksikon shakllanishi asoslangan, mazkur xususiyatlarni hisobga olish madaniyatlararo kompetensiyani shakllantirish, kommunikativ uzilishlarning oldini olish hamda ikkinchi tilni o‘qitish metodikasini takomillashtirishga xizmat qilishi isbotlangan;
empirik ma’lumotlar va ekspert baholashlari asosida bilingval ta’lim sharoitida ikkinchi tilni o‘qitish nutqiy voqelanishning hududiy xususiyatlarini hisobga olishni, nutqiy xatolarni differensial baholashni hamda unikal konstruksiyalarni o‘zlashtirish uchun maxsus metodik usullarni ishlab chiqishni talab qilishi aniqlangan; unikal konstruksiyalarni o‘zlashtirish yuqori darajadagi kognitiv yuklama, interferensiya va tillararo kod almashinuvi kabi qiyinchiliklar bilan kechishi sababli ular maqsadli lingvodidaktik choralarni talab qilishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Bilingvizm sharoitida mental leksikonning tashkillanish va ishlash mexanizmlarini o‘rganish jarayonida olingan nazariy takliflar va amaliy natijalar:
erkin assotsiativ tajriba korpusi asosida bilingvlarning mental leksikoni mexanizmlarini modellashtirishda tillararo assotsiativ aloqalarning ahamiyati aniqlanganligi, mazkur aloqalar lingvodidaktik resurs sifatida qaralishi mumkinligi asoslanganligi, ularni hisobga olish tillararo interferensiya zonalarini aniqroq belgilash, ona tili va ikkinchi til birliklari o‘rtasida barqaror ma’noviy bog‘lanishlarni shakllantirish hamda shu orqali bilingval muhitda ikkinchi tilni o‘qitish samaradorligini oshirish imkonini berishi dalillanganligi to‘g‘risidagi xulosalar ALM-202304076-05-sonli “Milliy neyropsixolingvistik tashxislash metodikasini yaratish” amaliy loyihasida foydalanilgan (Farg‘ona davlat universitetining 2026-yil 23-iyundagi 04/7223-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha ishtirokchilarining bilingvlar mental leksikoni faoliyati haqidagi nazariy va amaliy bilimlari sezilarli darajada kengaygan, shuningdek leksik birliklarning faollashuvi va o‘zaro ta’siri mexanizmlarini tasavvurlar yanada chuqurlashgan;
bilingvlarning lisoniy va konseptual manzarasini o‘rganish doirasida bilingvlar ikki tilning madaniy kodlari hamda nutqiy modellarini uyg‘unlashtirishi yoritib berilganligi, ko‘p madaniyatli til makoni sharoitida kommunikativ vazifaga qarab avtomatik va strategik tillararo kod almashinuvini ta’minlovchi ko‘p tarmoqli mental leksikon shakllanishi asoslangan, mazkur xususiyatlarni hisobga olish madaniyatlararo kompetensiyani shakllantirish, kommunikativ uzilishlarning oldini olish hamda ikkinchi tilni o‘qitish metodikasini takomillashtirishga xizmat qilishi isbotlanganligi; empirik ma’lumotlar va ekspert baholashlari asosida bilingval ta’lim sharoitida ikkinchi tilni o‘qitish nutqiy voqelanishning hududiy xususiyatlarini hisobga olishni, nutqiy xatolarni differensial baholashni hamda unikal konstruksiyalarni o‘zlashtirish uchun maxsus metodik usullarni ishlab chiqishni talab qilishi aniqlanganligi; unikal konstruksiyalarni o‘zlashtirish yuqori darajadagi kognitiv yuklama, interferensiya va tillararo kod almashinuvi kabi qiyinchiliklar bilan kechishi sababli ular maqsadli lingvodidaktik choralarni talab qilishi asoslanganligi haqidagi xulosalar 2023-2025-yillarda amalga oshirilgan “2023 KA 171 Mobility Higher Education students (Erasmus+)” nomli grant doirasida samarali va keng foydalanilgan (Qo‘qon davlat universitetining 2026-yil 16-iyundagi 130-son ma’lumotnomasi). Natijada platformaning bilingv mental leksikoniga bag‘ishlangan bo‘limlari shakllantirilgan, ularga universal va unikal konstruksiyalarning faoliyat xususiyatlariga oid materiallar kiritilgan, bu esa tarjima jarayonini chuqurroq tushunish va engillashtirishga xizmat qilgan;
mental leksikon va bilingvizmning psixolingvistik hamda amaliy jihatlari ilmiy-nazariy jihatdan umumlashtirilganligi, shuningdek, bilingvlarning mental leksikonini tahlil qilishda ikki tilli (dual) tizim modelini qo‘llash asoslab berilganligi; har ikki til tizimi sathlari nisbiy mustaqillikni saqlab qolgan holda, yagona kognitiv tuzilma doirasida faoliyat yuritishi, real kommunikativ vaziyatda tillararo o‘zaro ta’sir va o‘zaro faollashuvni ta’minlashi haqidagi ilmiy qarashlar 2024-2025-yillarda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi tomonidan tayyorlangan “Ta’lim va rivojlanish” hamda “O‘zbekiston yoshlari” radioeshittirishlari ssenariylarida foydalanilgan (“O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasining 2025-yil 12-avgustdagi 05-09-1295-son ma’lumotnomasi). Natijada dasturlarning ilmiy sifati oshgan, shuningdek tinglovchilar auditoriyasining bilingvlar mental leksikonini modellashtirish va uning ishlash mexanizmlari haqidagi tasavvurlari kengaytirilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish