Ro‘zieva Dilyayra Nurmurodovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi,ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i): “Zamonaviy Amerika va o‘zbek nasrida ota obrazi talqini”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan: B2023.4.PhD/Fil4199.
Ilmiy rahbar: Qurbonova Nodira Roziqovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa
doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti DSc.03/2025.27.12.Fil.08.08.
Rasmiy opponentlar: Bekova Nazzora Juraevna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Kadirova Nargiza Arifovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Zamonaviy Amerika va o‘zbek nasrida ota obrazi xususiyatlarining o‘xshash va farqli jihatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Amerika va o‘zbek adabiyotida ota obrazi orqali xalqning ruhiy dunyosi, milliy qadriyatlari, urf-odat va tarbiya an’analari badiiy ifodalanishi adabiyotning faqat estetik emas, balki etnopsixologik va tarbiyaviy funksiyalari orqali namoyon bo‘lganligi aniqlangan;
Amerika va o‘zbek adabiyoti namunalarida har bir adibning ota obrazini yaratishdagi badiiy mahorati individual uslub, psixologik detalizatsiya, nutq orqali xarakter yaratish, badiiy muhit ta’siri, muallif nuqtayi nazari singari elementlarda namoyon bo‘lishi asoslangan;
Amerika va o‘zbek adabiyotshunosligida ota obrazi mafkuraviy, aksiologik va psixologik-ijtimoiy mazmunni mujassam etuvchi badiiy arxetip tarzida poetik konseptualizatsiyasi jarayonida realistik, ekzistensial, psixologik, sotsiokultural yondashuvlar sintezida muallifning estetik ideali va dunyoqarash paradigmasini ifodalovchi semantik markaz sifatida badiiy realizatsiyasi, individual uslubiyat, narrativ struktura va intertekstual aloqalar bilan uyg‘unlashuvda namoyon bo‘lishi isbotlangan;
sharq adabiy merosida ota siymosi axloqiy-ma’naviy, sotsiokultural va estetik jihatdan yuksak semantik xususiyatga ega badiiy arxetip sifatida dominant qadriyatlar tizimi hamda ijtimoiy arxetiplarga muvofiq transformatsiyalanib, shaxs kamoloti va jamiyatning aksiologik barqarorligida muhim determinativ omil sanalsa, g‘arb adabiyotida ota obrazi turli davrlar va adabiy yo‘nalishlarda xilma-xil semantik yuklamaga ega bo‘lib, ota-farzand kolliziyasi ko‘pincha konfliktning semantik yadrosi sifatida muallif shaxsiy identifikatsiya, individualizm va sotsial qadriyatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni poetik shaklda yoritishi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Zamonaviy Amerika va o‘zbek adabiyotida ota obrazi xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha erishilgan ilmiy natijalar asosida:
Amerika va o‘zbek adabiyotida ota obrazi orqali xalqning ruhiy dunyosi, milliy qadriyatlari, urf-odat va tarbiya an’analari badiiy ifodalanishi adabiyotning faqat estetik emas, balki etnopsixologik va tarbiyaviy funksiyalari orqali namoyon bo‘lganligiga oid nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy universitetida bajarilgan “REP-25112021/113 – UzUDT: O‘zbek tilida tabiiy tilni qayta ishlash uchun universal bog‘liqlik daraxti korpusi va uning semantik tahlili” mavzusidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy universitetining 2025-yil 23-maydagi 04/11-6456-son ma’lumotnomasi). Natijada ota obrazining badiiy talqini kitobxonning ma’naviy tafakkurini boyitishga hamda ijtimoiy-axloqiy qadriyatlarni anglashga xizmat qilishi, xususan, Amerika va o‘zbek adabiyotida ota obrazining yaratilishi individual uslub, psixologik tahlil, nutqiy xususiyatlar va muallif qarashi orqali badiiy mahorat bilan ifodalanishiga erishilgan;
Amerika va o‘zbek adabiyoti namunalarida har bir adibning ota obrazini yaratishdagi badiiy mahorati individual uslub, psixologik detalizatsiya, nutq orqali xarakter yaratish, badiiy muhit ta’siri, muallif nuqtayi nazari singari elementlarda namoyon bo‘lishiga doir nazariy xulosalardan 2022-2024-yillarda Samarqand davlat chet tillar instituti va Toshkent shahridagi AQSh elchixonasi hamda Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashi bilan hamkorlikda AQSh davlat departamenti tomonidan moliyalashtiriladigan “English Access Microscholarship Program” loyihasida foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2025-yil 16-maydagi 1470/02-son ma’lumotnomasi). Natijada badiiy obraz mohiyatini anglash, obrazlarning chuqur psixologik tahlillarida ijodiy tafakkur hamda milliy-madaniy o‘ziga xosliklarning bevosita rolini kuchaytirishga xizmat qilgan;
Amerika va o‘zbek adabiyotshunosligida ota obrazi mafkuraviy, aksiologik va psixologik-ijtimoiy mazmunni mujassam etuvchi badiiy arxetip tarzida poetik konseptualizatsiya jarayonida realistik, ekzistensial, psixologik, sotsiokultural yondashuvlar sintezida muallifning estetik ideali va dunyoqarash paradigmasini ifodalovchi semantik markaz sifatidagi badiiy realizatsiyasi individual uslubiyat, narrativ struktura va intertekstual aloqalar bilan uyg‘unlashuvda namoyon bo‘lishi bilan bog‘liq xulosa va natijalardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasida “Adabiyot – millat ertasi”, “Assalom, Buxoro”, “Maxsus reportaj” teledasturlari hamda “Buxoro” radiosida efirga uzatilgan “Ijod zavqi”, “Najot bilimda” radioeshittirishlari ssenariylarini tuzishda foydalanilgan (Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2025-yil 4-apreldagi 01-09-2028-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur teleko‘rsatuvlar ilmiy-ommabopligining ta’minlanishiga, ilmiy manbalar bilan boyitilishiga va teletomoshabinlarning ushbu soha yuzasidan bilimlarini oshirishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish