Razzakov Ziyodulloh Nabijon o‘g‘lining

falsafa fanlari doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisosliklar shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Eman po‘stlog‘i, moychechak, na’matak va shirinmiya o‘simliklari asosida shifobaxsh tovarlar olish”, 02.00.09 – Tovarlar kimyosi, 12.00.41 – Xalq tabobati (kimyo fanlari).
Dissertastiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/K1203.
Ilmiy rahbarlar: Abdulloev Obidjon Shahobiddinovich, kimyo fanlari doktori, professor; Otaxonov Qobiljon Qahramonovich kimyo fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.K/T.07.04.
Rasmiy opponentlar: Xo‘jaev Vaxobjon Umarovich, kimyo fanlari doktori, professor; Dexqonov Raxmatilla Sultonovich, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi na’matak (Rosa canina L.) mevasi, shirinmiya (Glycyrrhiza glabra L.) ildizi, moychechak (Matricaria chamomilla L.) va eman po‘stlog‘i (Corticus Quercus) asosida xalq tabobati uchun shifobaxsh tovarlar olish, ularning kimyoviy tarkibi, sifat ko‘rsatkichlari va biologik faolligini aniqlashh hamda TIF TN bo‘yicha sinflashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
na’matak (Rosa canina L.) mevasi va shirinmiya (Glycyrrhiza glabra L.) ildizi asosidagi kompozisiyalarning antioksidant faolligi adrenalinning avtooksidlanishini ingibirlash usulida aniqlanib, 75:25 nisbatdagi etanolli ekstraktning boshqa nisbatlarga nisbatan yuqori antioksidant faollik namoyon qilishi isbotlangan;
moychechak (Matricaria chamomilla L.) guli va eman po‘stlog‘i (Corticus Quercus) asosidagi kompozisiyalarning DFPG radikalini neytrallash xususiyati aniqlanib, 1:3 nisbatdagi kompozisiyaning antiradikal faolligi yuqoriligi (IC50 qiymati spirtli ekstrakt uchun 92,02 mkl, suvli ekstrakt uchun 114,19 mkl) isbotlangan;
“AS-RAZZOQ” oziq-ovqat qo‘shilmasi tarkibidagi makro- va mikroelementlar induktiv bog‘langan plazmali optik emissiya spektrometriyasi (IBP-OES) usulida aniqlanib, 100 g namunada K – 2780,05587±0,037, Ca – 1460,81848±0,012, Mg – 458,8338±7,08, Na – 395,88882±2,287, P – 169,17473±0,678, Fe – 28,16389±0,132, Mn – 8,95527±0,069 va Zn – 3,79275±0,029 mkg miqdorda saqlab, hayot uchun zarur elementlarga boyligi hamda zaharli elementlar (Pb – 0,18·10⁻³ mg/kg, As – 0,2·10⁻³ mg/kg, Cd – 0,4·10⁻³ mg/kg va Hg – 0,5·10⁻⁴ mg/kg) miqdorining gigienik me’yorlardan sezilarli darajada kamligi isbotlangan;
“AS-RAZZOQ” oziq-ovqat qo‘shilmasi tarkibidagi suvda eruvchan vitaminlar, polifenollar va flavonoidlarning sifat va miqdor tarkibi yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi (YuSSX) usulida aniqlanib, 100 g namunada vitamin B1 – 12,605 mg, vitamin B3 – 11,843 mg, vitamin C – 4,830 mg, vitamin B6 – 1,480 mg, vitamin B9 – 1,413 mg, vitamin B2 – 1,310 mg, vitamin PP – 0,245 mg hamda kempferol – 200,210 mg, kversetin – 9,773 mg, rutin – 1,943 mg va gall kislotasi – 0,465 mg saqlashi, vitamin B12, salitsil kislotasi va apigenin esa aniqlanmaganligi asoslangan;
“AS-ZIYOD” oziq-ovqat qo‘shilmasining aminokislota tarkibi suyuqlik xromatografiyasi–mass-spektrometriya (SX-MS) usulida aniqlanib, 100 g namunada L-lizin – 23,648 g, L-aspartat kislota – 23,517 g, L-glutamin – 21,938 g, L-arginin – 21,704 g, L-asparagin – 20,575 g, L-sistein – 10,222 g, L-alanin – 7,631 g, L-valin – 5,121 g, L-tirozin – 4,655 g va L-metionin – 4,280 g miqdorda saqlashi aniqlangan;
“AS-RAZZOQ” oziq-ovqat qo‘shilmasining in vitro sharoitda balg‘am qovushqoqligiga ta’siri o‘rganilib, 60 mg miqdorda qo‘llanganda qovushqoqlikni 1,98 mPa·s dan 1,36 mPa·s gacha, ya’ni 31,3 % ga kamaytirishi isbotlangan;
“AS-RAZZOQ” va “AS-ZIYOD” oziq-ovqat qo‘shilmalarining antimikrob faolligi in vitro sharoitda baholanib, “AS-RAZZOQ” ning Staphylococcus aureus ga nisbatan 20 mm, Pseudomonas spp. ga nisbatan 18 mm, “AS-ZIYOD” ning esa Staphylococcus aureus ga nisbatan 22 mm, Candida albicans ga nisbatan 10 mm ingibirlash zonasini hosil qilishi hamda S. aureus ga nisbatan faolligi furatsilinga qaraganda 1,57 barobar yuqoriligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Na’matak (Rosa canina L.) mevasi, shirinmiya (Glycyrrhiza glabra L.) ildizi, moychechak (Matricaria chamomilla L.) guli va eman po‘stlog‘i (Corticus Quercus) asosida xalq tabobati uchun tabiiy oziq-ovqat qo‘shilmalari olish, ularning kimyoviy tarkibi, biologik faolligi va tovar sifatida sinflanishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
na’matak (Rosa canina L.) mevasi va shirinmiya (Glycyrrhiza glabra L.) ildizining 75:25 nisbatdagi kompozisiyasi asosida “AS-RAZZOQ” hamda moychechak (Matricaria chamomilla L.) guli va eman po‘stlog‘i (Corticus Quercus) ning 1:3 nisbatdagi kompozisiyasi asosida “AS-ZIYOD” tabiiy oziq-ovqat qo‘shilmalarini ishlab chiqarish texnologik yo‘riqnomasi ishlab chiqilib, «Zaytun Med Group» MChJ tomonidan ishlab chiqarishga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2025-yil 10-dekabrdagi №304553567-001:2025-son ma’lumotnomasi). Natijada, mahalliy dorivor o‘simlik xomashyolari asosida yuqori nafas yo‘llari hamda og‘iz bo‘shlig‘i bilan bog‘liq holatlarning profilaktikasida yordamchi vosita sifatida qo‘llaniladigan tabiiy oziq-ovqat qo‘shilmalarini ishlab chiqarish imkonini bergan;
ishlab chiqarilgan “AS-RAZZOQ” va “AS-ZIYOD” tabiiy oziq-ovqat qo‘shilmalarining iste’molga yaroqliligini tasdiqlovchi sanitariya-epidemiologik xulosa olingan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limining 2026-yil 19-yanvardagi №492768-son xulosasi). Natijada, mahalliy dorivor o‘simliklar asosida tayyorlangan oziq-ovqat qo‘shilmalarini xalq tabobati amaliyotida qo‘llash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish