Xolikov Qurbonali Madaminovichning
doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Tukli trikotaj to‘qimalarining yangi turlarini olish va mahalliy xomashyodan samarali foydalanish hisobiga trikotajning sifat ko‘rsatkichlarini oshirish», 05.06.02 – to‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xom ashyoga dastlabki ishlov berish (texnika fanlari bo‘yicha).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: 2013 yil 10 oktyabrdagi LA №0000535 sonli guvohnoma, qayd raqami №632.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.3-4.T254.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti huzuridagi 16.07.2013.T.06.01 raqamli ilmiy kengash.
Ilmiy maslahatchi: Mukimov Mirabzal Mirayubovich, texnika fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Xamraeva Sanovar Atoevna, texnika fanlari doktori; Bitus Evgeniy Ivanovich, texnika fanlari doktori, professor; Murodov Rustam Murodovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi.
Mahalliy xomashyo asosida yangi tuzilishga ega bo‘lgan tukli trikotaj to‘qimalarini olish hisobiga trikotaj to‘qimalarining sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash va trikotaj mashinalarining texnologik imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan yangi texnologiyani yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi.
Aylana ikki ignadonli trikotaj mashinasida yopqichli tukli trikotaj olishning yangi samarali usuli ishlab chiqilgan;
tukli trikotaj to‘qimalarini ishlab chiqarishda xomashyo sarfini kamaytirishning texnologik echimlari tavsiya etilgan;
protyajka ipi uzaytirilgan arqoqli tukli trikotaj olishning yangi usuli ishlab chiqilgan;
glad to‘qimasi asosida ikki tomonlama tukli trikotajning yangi tuzilishlari va to‘qish usullari ishlab chiqilgan;
aylana ignadonli oborot mashinasida ikki qatlamli, halqalari vertikal siljitilmagan hosilali glad asosida, yopqichli tukli trikotaj, lastik 2+2 to‘qimasi asosida yangi ikki tomonlama tukli trikotaj to‘qima tuzilishi va to‘qish usuli hamda ikki tomonlama futerli tukli trikotaj to‘qimasini olish texnologiyalari ishlab chiqilgan;
asos ipi sifatida yigirilgan ipak ipidan, tukli ip sifatida yigirilgan paxta ipidan foydalanib, paxta-ipakli tukli trikotaj to‘qimasini olish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
halqa hosil qilish jarayonida asos va tukli iplar orasidagi ishqalanish kuchini va eski halqani tortish kuchini hisobga olgan holda, tukli ip tarangligini yangi hisoblash usuli taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yaratilgan ikki tomonlama tukli trikotajning yangi tuzilishlari va to‘qish usullari, protyajka ipi uzaytirilgan arqoqli, aylana ikki ignadonli trikotaj mashinasida yopqichli tukli trikotaj olish usullari asosida ishlab chiqilgan trikotaj to‘qimalariga O‘zbekiston Intellektual mulk agentligining «Bir qavatli ko‘ndalangiga to‘qilgan tukli trikotaj to‘qimasini ikki ignadonli to‘quv mashinasida to‘qish usuli» (№IAP 04717 – 2013 y., №6), «Protyajkasi uzaytirilgan arqoqli tukli trikotaj to‘qimasini olish usuli» (№IAP 04716 – 2013 y., №6), «Bir qavatli ko‘ndalangiga to‘qilgan tukli trikotaj to‘qimasini ikki ignadonli to‘quv mashinasida to‘qish usuli» (№IAP 04715 – 2013 y., №6) ixtirolariga patentlar olingan va bu mahalliy xomashyo asosida import o‘rnini bosuvchi yangi mahsulot turini yaratish imkonini bergan;
dissertatsiya bo‘yicha olingan ilmiy natijalar trikotaj ishlab chiqarish korxonalarida jumladan, “UZTEXChirchik” MChJ qo‘shma korxonasi, “RENTAL CAR SERVIS” MChJ korxonasi,“ALKIMTEKSTIL”MChJ chet el korxonasi, “BF TEXTILE Production” MChJ chet el korxonalarida tasdiqlangan texnologik reglament asosida joriy qilingan (“O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik kompaniyasining 2015 yil 23 sentyabrdagi 526-son ma’lumotnomasi). 1000 kg yigirilgan paxta ipi qayta ishlangandagi xomashyo tejash hisobiga iqtisodiy samara 2015 yil narxlarida 677 ming so‘mni tashkil qiladi.