Buriev Amanullaning
ma’ruza shaklidagi doktorlik (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumot.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Temuriylar davri yozma manbalarida Markaziy Osiyo tarixiy geografiyasi”, 07.00.08–Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/Tar122.
Ilmiy maslahatchi: Abduhalimov Bahrom Abdurahimovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, DSc.27.06.2017.Tar.44.01.
Rasmiy opponentlar: Bobojonov Baxtiyor Maraimovich, tarix fanlari doktori; Madraimov Abdumajid Abduraimovich, tarix fanlari doktori, professor; Tojieva Zulxumor Nazarovna, geografiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Markaziy Osiyoning XIV-XV asrlardagi tarixiy geografiyasini Temuriylar davri yozma manbalari asosida yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Amir Temur davlatining tashkil topishi bilan jahon siyosiy kartasida yangi ma’muriy-hududiy o‘zgarishlar yuzaga kelgani, Osiyo, Evropa va Afrika qit’alarida ko‘p davlatlar siyosiy-ma’muriy jihatdan Amir Temurga bo‘ysungani, XV asrda Zahiriddin Bobur Afg‘oniston hududida mustaqil davlat tashkil etgani asoslab berilgan;
Shaharlar uch yo‘nalishda – poytaxt shaharlar, Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab barpo qilingan shaharlar va Movarounnahrning shimoliy va sharqiy chegaralaridagi mudofaa ahamiyatiga molik shaharlar tizimida rivojlangani, Amir Temurning bevosita tashabbusi bilan birinchi marta, Samarqand shahri va uning yaqin atrofi misolida, shahar va uning atrofini kompleks rivojlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani asoslab berilgan;
Buyuk Ipak yo‘li, ayniqsa uning Movarounnahr-Xitoy va Movarounnahr-Hindiston tarmoqlari bevosita Amir Temur tomonidan qayta tiklangani, Mirzo Shohrux hukmronligida elchilik aloqalari dengiz yo‘li orqali Hindiston yarim orolining janubiy chekkalarini ham qamrab olgani isbotlab berilgan;
Amir Temur va Temuriylar davrida butun saltanat bo‘ylab qishloq xo‘jaligini rivojlantirish dasturi doirasida yangi sug‘orish tarmoqlari yaratilgani, sug‘orma dehqonchilik rivojlangani, meva va poliz ekinlarining sara navlari yaratilgani, yangi shaharlar barpo etilgani aniq misollarda ko‘rsatilgan; bu davrdagi bunyodkorlik ishlari Temuriylar renessansi uchun bosh omil bo‘lgani qayd asoslangan;
xalqaro munosabatlarda Amir Temur va avlodlarining izchil diplomatik siyosati vositasida savdo-elchilik aloqalari kengaygani va Evrosiyoda yagona iqtisodiy makon shakllangani Temuriylar davri yozma manbalari ma’lumotlari asosida isbotlab berilgan;
ilk bor Markaziy Osiyoning XIV–XV asrlardagi toponimik holati, toponimlarning umumiy soni va turlari, vaqt ko‘lamida toponimlarning saqlangani, o‘zgarishi va etimologiyasi, toponimlarni o‘rganishda yozma manbalarning o‘ziga xos jihatlari haqida muhim ma’lumotlar keltirilgan.
Temuriylar davlati, XIV–XV asrlarda Markaziy Osiyo, XIV–XV asrlarda Markaziy Osiyoning etnik holati nomli yangi kartalar tuzilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
“Temuriylar davri yozma manbalarida Markaziy Osiyo tarixiy geografiyasi” nomli ilmiy tadqiqot jarayonida erishilgan natijalar asosida:
Amir Temur davlatining tashkil topishi bilan jahon siyosiy kartasida yangi ma’muriy-hududiy o‘zgarishlar asosida Temuriylar davlatining yangi xaritasi ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 17 apreldagi 3/1255-1182-son va O‘zbekiston Respublikasi Er resruslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2019 yil 4 maydagi 02-08-3579-son ma’lumotnomalari). Xarita “Istoriya Uzbekistana. Epoxa Amira Temura i Temuridov” nomli nashrda mazkur davlatning chegaralari va ma’muriy hududiy tuzilishini samarali yoritishga xizmat qilgan;
Amir Temur va Temuriylar saltanati hududidagi toponimlar bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy-izohli ma’lumotlar bazasi Temuriylar tarixi davlat muzeyida olib borilgan “Amir Temur ensiklopediyasini tuzish va nashrga tayyorlash” mavzuidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 17 apreldagi 3/1255-1182-son ma’lumotnomasi). Ilmiy-izohli ma’lumotlar bazasi o‘rganilayotgan davrdagi 100 ga yaqin aholi manzilgohlari va geografik joy nomlarining kelib chiqishi, tarixi va bugungi lokalizatsiyasini aniqlashtirish imkonini bergan;
Temuriylar davlatining xalqaro aloqalari geografiyasi hamda savdo yo‘llaridagi bojxonalar tarixiga oid ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi buyrug‘i asosida chop etilgan “Bojxona ishi tarixi” nomli ilmiy nashrda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2019 yil 25 apreldagi 04-05/3-03486-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar Amir Temur va Temuriylar davlatida bojxonalar faoliyati savdo yo‘llari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgani va xorijiy mamlakatlarga eksport qilingan mahsulotlarni aniqlashga hissa qo‘shgan;
Amir Temur va Temuriylar davlatida bunyodkorlik ishlari, xalqaro savdo-elchilik munosabatlari tarixi doirasida qo‘lga kiritilgan ilmiy yangiliklar 2000-2017 yillar davomida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining bir qator telekanallarida efirga uzatilgan maxsus ko‘rsatuvlarda davomli tarzda berib borilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2017 yil 28 martdagi 05-15/1039-sonli xati). Erishilgan natijalar respublika hukumatining Amir Temur va Temuriylar tarixini tadqiq etish va yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilishga qaratilgan chora-tadbirlarini samarali amalga oshirishga hissa qo‘shgan;
O‘zbekiston hududidagi shu jumladan, Toshkent vohasi tarixiy joy nomlari bilan bog‘liq ma’lumotlar Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha shahar komissiyasi faoliyatida amalda foydalanilgan (Toshkent shahar hokimi mahkamasining 2017 yil 25 maydagi 04-1126-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari Toshkent shahri va viloyatidagi aholi manzilgohlari hamda tabiiy landshaft bilan bog‘liq joy nomlariga aniq manbalar asosida aniqlik kiritish va tiklash imkonini bergan;
Temuriylar davri manbalari tadqiqi hamda ularning ilmiy-izohli tarjimalarini ilmiy muomalaga kiritish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlardan O‘zbekiston tarixi xrestomatiyasining XI–XV asrlar davrini o‘z ichiga olgan qismini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston tarixi. Xrestomatiya. 2-jild 2-kitob. XI–XV asrlar. – T.: Fan, 2014. – 454 b.). Mazkur yozma manbalardan tarjimalar Temuriylar davlatining ijtimoiy-siyosiy holati, xalqaro munosabatlar tarixi hamda Amir Temurning jahon tarixida tutgan o‘rnini o‘rganishning ahamiyatini oshirishga xizmat qiladi.