Fayzieva Aziza Azamat qizining

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kichik tadbirkorlik subektlari faoliyatining hudud iqtisodiyotini rivojlantirishdagi ta’sirini statistik tadqiqoti (Surxondaryo viloyati misolida)” 08.00.06 – “Ekonometrika va statistika” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Iqt4962
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti
Ilmiy rahbar: Toshalieva Saodat Toxirovna, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy Kengash raqami: Termiz davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi
PhD.03/2025.27.12.I.12.02 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Toshkent davalat iqtisodiyot universiteti “Yashil” iqtisodiyot va barqaror biznes kafedrasi, Iqtisodiyot fanlari doktori (DSc), dotsent Kasimov Azamat Abdukarimovich va Termiz iqtisodiyot va servis universiteti Buxgalteriya hisobi va statistika kafedrasi o‘qituvchisi, iqtisod fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Turaev Bahtiyor Ergashevichlar tavsiya etiladi.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Surxondaryo viloyati misolida kichik tadbirkorlik subektlari faoliyatining hudud iqtisodiyotini rivojlantirishga ta’sirini statistik usullar yordamida baholash va ushbu ta’sirni kuchaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
kichik tadbirkorlik subektlari daromadliligiga ta’sir etuvchi omillarni baholashda yuzaga keladigan endogenlik muammosini bartaraf etishga qaratilgan instrumental o‘zgaruvchilar (IV) asosidagi ikki bosqichli eng kichik kvadratlar (2SLS) metodikasi qo‘llanilib, baholashning ishonchliligi oshirilgan;
Surxondaryo viloyatida kichik tadbirkorlik faoliyatini ifodalovchi asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar tizimi asosida hudud iqtisodiyotiga ta’sirini kompleks baholash imkonini beruvchi “kichik tadbirkorlikning hudud iqtisodiyotiga ta’siri” indeksi ishlab chiqilgan va uning hududiy bandlik darajasiga ta’siri regressiya tahlili asosida baholanib, o‘zaro bog‘liqlikning statistik ahamiyatliligi asoslab berilgan;
viloyat tumanlari kesimida kichik tadbirkorlik subektlarining raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi ilmiy asoslangan mezonlar asosida baholanib, ular “past”, “o‘rta” va “yuqori” darajadagi segmentlarga ajratilgan hamda hududiy raqamli tafovutlar aniqlangan;
Surxondaryo viloyati YaHM tarkibida kichik tadbirkorlik ulushini oshirishga qaratilgan holda 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan o‘rta muddatli prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilib, hududiy iqtisodiy rivojlanishning istiqbol yo‘nalishlari asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiya ishida ishlab chiqilgan ilmiy yangiliklar Surxondaryo viloyati Savdo-sanoat palatasi faoliyatiga joriy etilib, ularning samaradorligi amaliy jihatdan tasdiqlangan. Olingan ilmiy natijalar asosida:
kichik tadbirkorlik subektlari daromadliligiga ta’sir etuvchi omillarni baholashda yuzaga keladigan endogenlik muammosini bartaraf etishga qaratilgan instrumental o‘zgaruvchilar asosidagi 2SLS metodikasi qo‘llanildi. (O‘zbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasining 2026-yil 1-maydagi 01-06-30-4263-sonli hamda O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasining 2026-yil 4-martdagi 01-323-sonli ma’lumotnomalari). Mazkur taklifni amaliyotga joriy etilishi natijasida hududiy iqtisodiy siyosatni ilmiy asoslangan va manzilli shakllantirish imkoniyatlari kengaydi hamda hududlararo iqtisodiy tafovutlarni kamaytirishga qaratilgan samarali boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish uchun metodik asos yaratildi.
kichik tadbirkorlik subektlari faoliyatining hudud iqtisodiyotiga ta’sirini kompleks baholashga qaratilgan “kichik tadbirkorlikning hudud iqtisodiyotiga ta’siri” integral indeksi ishlab chiqildi. Mazkur natijalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmonida belgilangan hududiy iqtisodiy rivojlanishni kompleks baholash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash vazifalarini amalga oshirishga xizmat qiladi. (O‘zbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasining 2026-yil 1-maydagi 01-06-30-4263-sonli hamda O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasining 2026-yil 4-martdagi 01-323-sonli ma’lumotnomalari). Mazkur taklifni amaliyotga joriy etilishi natijasida hudud iqtisodiyotida kichik tadbirkorlikning rolini tizimli baholash imkoniyatlari kengaytirildi hamda tahliliy xulosalarning aniqligi va ishonchliligi oshirildi.
viloyat tumanlari kesimida kichik tadbirkorlik subektlarining raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasiga ko‘ra Latent class modelidan foydalangan holda “past”, “o‘rta” va “yuqori” segmentlarga ajratildi. Ushbu natijalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan PQ-4699-son qarori va “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasi vazifalari bilan uzviy bog‘liq holda amaliy ahamiyat kasb etadi. (O‘zbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasining 2026-yil 1-maydagi 01-06-30-4263-sonli hamda O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasining 2026-yil 4-martdagi 01-323-sonli ma’lumotnomalari). Mazkur taklifni amaliyotga joriy etilishi natijasida hududlar kesimida raqamli tafovutlarni aniqlashning tizimli mexanizmi shakllantirildi hamda tadbirkorlik subektlarining raqamli savodxonligini oshirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkoniyati kengaydi.
Surxondaryo viloyati YaHM tarkibida kichik tadbirkorlik ulushini oshirishga qaratilgan 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan o‘rta muddatli prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqildi. Ushbu natijalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hududlarni kompleks rivojlantirish va investision muhitni yaxshilashga qaratilgan PQ-5228-son qarori hamda “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirishga xizmat qiladi. (O‘zbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasining 2026-yil 1-maydagi 01-06-30-4263-sonli hamda O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasining 2026-yil 4-martdagi 01-323-sonli ma’lumotnomalari). Mazkur taklifni amaliyotga joriy etilishi natijasida hududiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni prognozlash, ularning o‘zaro muvofiqligini ta’minlash hamda strategik rejalashtirish samaradorligini oshirish imkoniyati yaratildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish