Abdullaev Zafarjon Alijonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tijorat banklarini soliqqa tortish mexanizmlarini takomillashtirish», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V.2017.2.PhD/Iqt105.
Ilmiy rahbar: Toshmatov Shuxrat Amonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, DSc.27.06.2017.I.16.03.
Rasmiy opponentlar: Tashmuradova Buvsara Egamovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Komolov Odiljon Sayfidinovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tijorat banklari faoliyatini soliqlar vositasida tartibga solishda soliqqa tortish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tijorat banklari tomonidan to‘lanadigan foyda solig‘i bank kontragentlari zimmasiga o‘tkazilishining bank moliyaviy xizmatlari qiymatining oshishiga hamda mazkur xizmatlardan foydalanuvchilarning soliq to‘lagungacha bo‘lgan foydasini kamaytirishga olib kelishi aniqlanib, bank va korxonalarning foyda solig‘i stavkalarini pasaytirish taklifi ilmiy asoslangan;
tijorat banklarining foyda solig‘i va chetdan sotib olingan tovar-moddiy resurslar bo‘yicha to‘langan qo‘shilgan qiymat soliqlarining ikki yoqlama soliqqa tortish va soliq yuki nomutanosibligi ko‘rinishidagi salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida mikrofirma va kichik korxonalarga umumbelgilangan tartibda foyda solig‘i va qo‘shilgan qiymat soliqlarini qo‘llash taklifi ilmiy asoslangan;
tijorat banklarining moliyaviy xizmatlari qiymatini kamaytirish, kirim qilingan qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘liq hisobga olish tizimini joriy etish asosida qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini pasaytirish, asosiy vositalar va nomodiy aktivlar bo‘yicha kirim qilingan qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘liq hisobga olish tartibi ishlab chiqilgan;
tijorat banklarining moliyaviy barqarorligi va investisiyaviy faolligiga soliq siyosati orqali ta’sir ko‘rsatishni kuchaytirish maqsadida, investisiyalar hajmini oshirishni rag‘batlantiruvchi soliq imtiyozlarining qo‘llanishi hamda samarasiz va individual tartibda belgilangan soliq imtiyozlarini bekor qilish taklifi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tijorat banklarini faoliyatini soliqqa tortish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
bank va korxonalarning foyda solig‘i stavkalarini pasaytirish hamda mikrofirmalar va kichik korxonalariga umumiy yondashuv asosida pasaytirilgan foyda solig‘i va qo‘shilgan qiymat soliqlarini qo‘llash amaliyotini joriy qilish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yildagi 29 iyundagi PF-5468-sonli «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida»gi Farmonining 2-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 8 fevraldagi KA/20-03-32-114/395-son ma’lumotnomasi). Natijada kelgusida soliq solish va soliq yukidagi nomutanosibliklarni bartaraf etish, soliq tushumlarini oshirish imkoniyati yaratilgan;
qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini pasaytirish, asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar bo‘yicha kirim qilingan qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘liq hisobga olish tartibini joriy etish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yildagi 29 iyundagi PF-5468-sonli «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida»gi Farmonining g) kichik bandida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 8 fevraldagi KA/20-03-32-114/395-son ma’lumotnomasi). Natijada tijorat banklari va shu bilan bir qatorda, boshqa soliq to‘lovchi yuridik shaxslar uchun tovar va xizmatlar narxi va xarajatlarini pasayishiga, soliq tushumlarining oshishiga ta’sir etgan;
investisiyalar hajmini oshirishni rag‘batlantiruvchi soliq imtiyozlarining qo‘llanishi va samarasiz individual tartibda berilgan soliq imtiyozlarining bekor qilinishi yuzasidan taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yildagi 31 maydagi PQ-3756-sonli «Imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorining 2, 3-bandlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 8 fevraldagi KA/20-03-32-114/395-son ma’lumotnomasi). Natijada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratishda soliq imtiyozlari samaradorligining ta’minlanishiga va soliq potensialining oshishiga olib kelgan.