Mannopov Islombek Sultonalievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek mumtoz adabiyotida hikmatnavislik an’anasi va tadriji», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.Fil/PhD420.
Ilmiy rahbar: Sayfiddinov Rafiddin, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Abduqodirov Abdusalom, filologiya fanlari doktori, professor; Boltaboev Hamidullo, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi: Yassaviy maktabiga xos an’anaviylik va izdoshlik tamoyillarini aniqlash, asoslash, shu orqali hikmatnavislik an’anasining o‘zbek adabiyoti tarixida muhim hodisa ekanligini yoritishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ahmad Yassaviy ijodi ta’sirida hikmatnavislik an’anasining paydo bo‘lishi, XII asrdan XIX asrgacha tadrijiy davom etganligi hikmatnavis shoirlar ijodi asosida isbotlangan;
hikmatnavislik an’anasida yassaviylik tariqati, ilm, irfon va axloq targ‘iboti ma’rifiy adabiyot yo‘nalishida davom etganligi ilmiy asoslangan;
o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida hikmat janrining tadrijiy takomili, vazn, sinkretik, ijrochilik, etno-ritual mezonlari belgilangan;
hikmatnavis shoirlar ijodida mavzu va g‘oya, til va uslub, vazn va ohang singari poetik masalalar, an’ana va izdoshlik tamoyillari, ijodkorlarning she’riy mahorati ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Hikmatnavislik an’anasining genezisi va takomili, hikmat janrining xususiyatlarini ochib berish jarayonida ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy tizimni takomillashtirish bo‘yicha belgilangan tadbirlar asosida:
Alisher Navoiyning yassaviylikka oid fikr-mulohazalari, turkiy mashoyixlarga doir xulosalari, Ahmad Yassaviy va uning izdoshlari hayoti va ijodiga munosabati,“Devoni hikmat” turkona ijodiy uslubning vujudga kelishi uchun asos bo‘lganligi, o‘zbek mumtoz she’riyatida barmoq she’r tizimining qo‘llanishi, turkiy aruz she’r tizimining yuzaga kelishi singari natijalardan “Devoni hikmat”da birinchi bo‘lib ishq, may, soqiy, piri mug‘on, fano, baqo, zikr singari o‘nlab irfoniy istilohlar qo‘llanganligiga oid xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutidagi PZ -20170930220 raqamli “Navoiy qomusini nashrga tayyorlash va chop etish” mavzusidagi fundametal loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 27 fevraldagi 3/1255-532-son ma’lumotnoma). Natijada loyihadagi Alisher Navoiy ijodida faol qo‘llangan istilohlar mazmuni, ularning genezisini aniqlash, mumtoz she’riyatda ijodiy uslub va she’r tizimlarini belgilash kabi masalalar o‘z echimini topgan;
o‘zbek mumtoz adabiyotida hikmatnavislik an’anasining XII asrda vujudga kelganligi, milliy adabiyotimiz ravnaqi va xalqimiz madaniy-ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutganligi, Yassaviy hikmatlarining musiqiy o‘qilishi, milliy vazn – barmoq she’r tizimida yozilganligi jihatidan boshqa janrlardan farqlanishi, hikmatnavis shoirlar tomonidan o‘zbek mumtoz adabiyotida turkona ijod uslubiga asos solinganligi haqidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatida ijodkorlar adabiy-nazariy bilimini oshirish, yosh iste’dodlarni tarbiyalashda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2019 yil 11 apreldagi 21-m 03/17-son ma’lumotnomasi). Natijada to‘garak va seminarlar faoliyatining ilmiyligi va samaradorligi oshgan;
Hikmat janri va hikmatnavislik an’anasiga oid ma’lumotlardan 2017–2019 yillarda O‘zMTRK “O‘zbekiston” teleradiokanali DUK “Bedorlik” dasturi hamda “Ta’lim va taraqqiyot”, “Ijod zavqi”, “Hamroh,” eshittirishlarining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2018 yil 21 dekabrdagi O‘z18-1-228-son ma’lumotnomasi). Natijada Ahmad Yassaviy ijodiga bag‘ishlangan radiodasturlarning ilmiyligi, salmog‘i va ommabopligi ortgan.