Usmanova Nilufar Avaz qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bahorgi va yozgi muddatlarda ekilgan kunjut navlarining o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga biostimulyatorlar qo‘llashning ta’siri”, 06.01.08-O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Qx1638
Ilmiy rahbar: Yuldasheva Zulfiya Kamalovna, qishloq xo‘jaligi falsafa fanlari nomzodi, professor.
Dissertasiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.01.
Rasmiy opponentlar: Amanova Maxfurat Eshmurodovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Tadjiev Karim Mardonokulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida bahorgi va yozgi ekish muddatlarida turli me’yorlardagi biostimulyatorlarning kunjut navlari o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’sirini o‘rganish hamda yuqori va sifatli urug‘ hosili olishni ta’minlaydigan maqbul me’yorlarni ilmiy asoslash.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ilk bor Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida bahorgi va yozgi ekish muddatlarida kunjutning Qora shahzoda va Sadaf navlaridan yuqori va sifatli hosil etishtirish uchun navlar bo‘yicha maqbul biostimulyator turi hamda ularni qo‘llash me’yorlari aniqlangan va ilmiy asoslangan;
bahorda va yozda kunjutning Qora shahzoda navi urug‘iga Tandem 10% biostimulyatori bilan 0,4 l/t me’yorda ishlov berib ekilganda dala unuvchanligi nazorat va etalonga nisbatan eng yuqori (bahorda - 14,2 va 8,1%ga, yozda - 13,0% va 8,2%ga) bo‘lganligi, ushbu muddatlarda ekilgan Sadaf navida esa Immunoaktiv stimulyatorini 30 ml/t me’yorda qo‘llanilganda mos ravishda 14,9 va 8,7% hamda 13,5 va 8,3% yuqori bo‘lganligi, amal davri oxirida saqlanib qolgan o‘simlik soni bo‘yicha bahorda Qora shahzoda naviga Tandem 10% biostimulyatori 0,4 l/t+0,6+0,8 l/ga me’yorda qo‘llanilganda yuqori (98,6%), yozda esa Sadaf naviga Immunoaktiv 30 ml/t+35+40 ml/ga me’yorda qo‘llanilganda yuqori (98,3%) saqlanuvchanlik aniqlangan;
asosiy va takroriy ekin sifatida ekilgan kunjut navlarida o‘simlik poya balandligi va barg soni biostimulyatorlarning yuqori me’yorlari (Qora shahzoda navida Tandem 10% - 0,5 l/t+0,8+1,0 l/ga me’yorda, Sadaf navida Immunoaktiv - 35 ml/t+40+40 ml/ga me’yorda) qo‘llanilganda eng yuqori bo‘lganligi, lekin biostimulyatorlar o‘rta me’yorlarda (tegishlicha 0,4 l/t+0,6+0,8 l/ga va 30 ml/t+35+40 ml/ga) qo‘llanilgan variantlarda o‘simlikda eng yuqori barg yuzasi shakllanishi va quruq massa to‘planishi hisobiga fotosintez sof mahsuldorligi ham navlar bo‘yicha mos ravishda bahorda 1,0 va 0,7 hamda 1,1 va 0,8 g/m2 kunga, yozda esa 1,2 va 0,6 hamda 2,3 va 0,9 g/m2 kunga yuqori bo‘lganligi aniqlangan va ilmiy asoslangan;
biostimulyatorlarning maqbul me’yorlari qo‘llanganda kunjut navlarida hosil elementlari yuqori darajada shakllanganligi, jumladan bir o‘simlikdagi urug‘ soni nazorat va etalonga nisbatan bahorda Qora shahzoda navida 1308,6 va 720,5 donaga, Sadaf navida 1625,7 va 1029,5 donaga; yozda ekilganda esa 1121,0 va 825,1 hamda 1228,3 va 954,1 donaga yuqori bo‘lib, 1000 dona urug‘ massasi ham o‘rtacha ko‘rsatkichlarni (3,01 va 2,91 hamda 2,86 va 2,80 g) tashkil qilishi natijasida Qora shahzoda navidan bahorda 23,8 s/ga, yozda 20,2 s/ga va Sadaf navidan bahorda 24,0 s/ga, yozda 20,0 s/ga yuqori sifatli urug‘ hosili olinganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Bahorgi va yozgi muddatlarda ekilgan kunjut navlarining o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga biostimulyatorlar qo‘llashning ta’sirini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
Toshkent viloyatining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kunjut navlaridan yuqori va sifatli hosil etishtirishda maqbul biostimulyatorlarni tanlash va ularning me’yorlarini belgilash borasida “Toshkent viloyati sharoitida asosiy va takroriy ekin sifatida kunjut etishtirishda biostimulyatorlar qo‘llash bo‘yicha tavsiyanoma” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2026-yil 25-fevral 05/05-04-235-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur tavsiyanoma viloyat agroklasterlari, fermer va dehqon xo‘jaliklari shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari va mutaxassislari uchun amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
tipik bo‘z tuproqlar sharoitida kunjut navlarini etishtirishda biostimulyatorlarni maqbul muddat va me’yorlarda qo‘llash texnologiyasi Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi “Kelajak istiqlol” fermer xo‘jaligida 3,5 gektar maydonida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2026-yil 25-fevral 05/05-04-235-son ma’lumotnomasi). Natijada asosiy ekin sifatida may oyining birinchi dekadasida, takroriy ekin sifatida esa iyun oyining uchinchi dekadasida kunjutning “Qora shahzoda” navi urug‘iga ekishdan oldin Tandem 10% biostimulyatori 0,4 l/t, shonalash fazasida 0,6 l/ga, gullash fazasida 0,8 l/ga me’yorida, shuningdek, “Sadaf” navining urug‘iga ekishdan oldin Immunoaktiv biostimulyatori 30 ml/t, shonalash fazasida 35 ml/ga, gullash fazasida esa 40 ml/ga me’yorida qo‘llab etishtirilganda bahorgi muddatda “Qora shahzoda” navidan 22,3 s/ga hosil olinib, rentabellik darajasi 165,4 % ni, “Sadaf” navidan 21,5 s/ga hosil olinib, rentabellik darajasi 160,4 % ni tashkil etgan, yozgi muddatda esa navlar bo‘yicha mos ravishda 16,0 va 15,5 s/ga hosildorlik, 134,4 va 133,6 % rentabellikka erishilgan;
asosiy va takroriy ekin sifatida kunjut etishtirishda “Qora shahzoda” navi urug‘iga ekishdan oldin Tandem 10% biostimulyatori 0,4 l/t, shonalash fazasida 0,6 l/ga, gullash fazasida 0,8 l/ga me’yorida, “Sadaf” navining urug‘iga ekishdan oldin Immunoaktiv biostimulyatori 30 ml/t, shonalash fazasida 35 ml/ga, gullash fazasida esa 40 ml/ga me’yorida qo‘llash texnologiyasi Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi “Tojiboeva Zokira Agro” fermer xo‘jaligida 3,0 gektar maydonida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2026-yil 25-fevral 05/05-04-235-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu agrotexnolagiya asosida parvarishlangan “Qora shahzoda” navidan asosiy ekinda 21,6 s/ga hosil, 165,0 % rentabellikka, takroriy ekinda 16,1 s/ga hosil, 134,4 % rentabellikka erishilib, “Sadaf” navida bu ko‘rsatkichlar muddatlarga mos ravishda 21,0 va 15,6 s/ga hosildorlik hamda 164,2 va 130,3 % rentabellikni tashkil etgan.