Raximov Azizbek Dilmuratovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): " Farg‘ona vodiysi tuproq-iqlim sharoitlariga mos hosildor, tola chiqimi va sifati yuqori bo‘lgan o‘rta tolali g‘o‘za navlarini yaratish ". 06.01.05 -Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.4.DSc/Qx420.
Ilmiy maslahatchi: Axmedov Djamalxan Xodjaxanovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining (seleksiya yutug‘i) ixtiroga patenti: g‘o‘zaning “SP-2203” navi (NAP 631), “SP-2204” navi (NAP 633) va “Axsikent” navi (NAP 634).
II. Tadqiqotning maqsadi: G‘o‘za genofondidan tanlangan G.hirsutum L. turiga mansub namunalarni madaniy navlar bilan topkross usulida chatishtirish orqali yaratilgan tizmalardan Farg‘ona vodiysi tuproq-iqlim sharoitiga mos, yuqori hosildor, tola chiqimi va sifati yuqori bo‘lgan o‘rta tolali g‘o‘za navlarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor g‘o‘za genofondidan tanlangan G.hirsutum L. turiga mansub namunalarni madaniy navlar bilan topkross usulida chatishtirish orqali Farg‘ona vodiysining tuproq-iqlim sharoitiga mos, hosildor, tola chiqimi va sifati yuqori bo‘lgan oilalar ajratib olingan;
g‘o‘zaning ajratib olingan O-20, O-23, O-74, O-86 va O-92 oilalari asosida hosildor, tola chiqimi va sifati yuqori, qimmatli xo‘jalik belgilar majmuiga ega bo‘lgan T-20, T-23, T-74, T-86 va T-92 tizmalari yaratilgan;
g‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub yangi yaratilgan tizmalar orasidan tanlab olingan yuqori qimmatli xo‘jalik belgilar majmuiga ega bo‘lgan T-23, T-74 va T-92 tizmalari asosida tola chiqimi 38,5-40,5 %, tola uzunligi 34,0-34,7 mm, tola sifati IV tip bo‘lgan “Axsikent”, “SP-2203” va “SP-2204” navlari yaratilgan hamda ushbu navlarning yangiligi O‘zbekiston Respublikasi Intellektual Mulk markazi tomonidan tasdiqlangan holda seleksiya yutug‘iga patentlar (№ NAP 634, № NAP 631 va № NAP 633) berilgan;
g‘o‘zaning yangi o‘rta tolali “Axsikent” navining andoza Andijon-36 naviga nisbatan 5 kunga tezpishar, paxta hosildorligi 5,7 s/ga.ga va tola chiqimi 1,5 % yuqori, mikroneyri 0,1 birlikka mayin, tola uzunligi 1,1 mm uzun ekanligi, shuningdek, “SP-2203” navi 3 kunga tezpishar, paxta hosildorligi 5,4 s/ga.ga va tola chiqimi 1,3 % yuqori, mikroneyri 0,2 birlikka mayin, tola uzunligi 1,0 mm uzun; “SP-2204” navi esa 5 kunga tezpishar, paxta hosildorligi 7,9 s/ga, tola chiqimi 1,7 % yuqori, mikroneyri 0,2 birlikka mayin, tola uzunligi 1,3 mm uzun bo‘lishi bilan ustunligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Farg‘ona vodiysi tuproq-iqlim sharoitlariga mos hosildor, tola chiqimi va sifati yuqori bo‘lgan o‘rta tolali g‘o‘za navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
g‘o‘zaning yangi yaratilgan, o‘suv davri 112-115 kun, bitta ko‘sakdagi paxta vazni 6,0-6,5 g, tola chiqimi 38,5-39,5 %, tola uzunligi 34,0-34,5 mm, mikroneyr ko‘rsatkichi 4,2-4,4 bo‘lgan “SP-2203” navi Andijon viloyati Andijon tumani fermer xo‘jaliklarida jami 48,9 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2026-yil 17-avgustdagi 05/04-04-762-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur yangi navdan gektaridan 48,5-52,5 s paxta hosili olinib, andoza navlarga nisbatan 5,1-7,0 s/ga qo‘shimcha hosil olishga erishilgan;
g‘o‘zaning o‘suv davri 113-118 kun, bitta ko‘sakdagi paxta vazni 6,1-6,5 g, tola chiqimi 39,0-40,5 %, tola uzunligi 34,2-34,7 mm, 4,3-4,4 mikroneyr ko‘rsatkichiga ega yangi “SP-2204” navi Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani fermer xo‘jaliklarida jami 58,5 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2026-yil 17-avgustdagi 05/04-04-762-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu “SP-2204” navi o‘zining yuqori hosildorlik va tola sifatiga ega ekanligini namoyon qilib, gektaridan 51,8-54,5 s paxta hosili olinib, andoza navlarga nisbatan 7,4-8,2 s/ga qo‘shimcha hosil olishga erishilgan;
g‘o‘zaning yangi yaratilgan, o‘suv davri 112-117 kun, bitta ko‘sakdagi paxta vazni 6,0-6,3 g, tola chiqimi 38,5-40,0 %, tola uzunligi 34,0-34,5 mm, mikroneyr ko‘rsatkichi 4,3-4,4 bo‘lgan “Axsikent” navi Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani va Andijon viloyati Paxtaobod tumani fermer xo‘jaliklarida jami 45,4 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2026-yil 17-avgustdagi 05/04-04-762-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, “Axsikent” navining Farg‘ona vodiysi tuproq-iqlim sharoitiga moslashuvchanligi yuqori ekanligi aniqlanib, gektaridan 48,7-51,1 s paxta hosili olingan holda andoza navlarga nisbatan 4,5-6,5 s/ga qo‘shimcha hosil olishga erishilgan.