Miralieva Shaxnoza Abduraximovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Virtual muzeylar yaratishining jahon tajribasi va O‘zbekistonda ularning rivojlanish istiqbollari”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi va 17.00.06–Muzeyshunoslik. Tarixiy-madaniy ob’ektlarni konservatsiya qilish, ta’mirlash va saqlash (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2019.2.PhD/Tar18.
Ilmiy rahbar: Habibullaev Nozim Nasibullaevich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti, DSc.06.01.2018.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Xasanov Baxtiyor Vaxobovich, tarix fanlari doktori, professor; Kuryazova Darmanjan Turaevna, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistondagi muzeylarni virtuallashtirishda jahonning ilg‘or tajribasini qo‘llash bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jahondagi yirik muzeylar (Metropoliten, L`yus nomidagi Amerika san’at markazi, Britaniya, Luvr, Ermitaj va b.)ni virtuallashtirishning tarixiy-tadrijiy rivojlanish bosqichlari ochib berilgan (shakllanish bosqichi: 1930-1960 yillar – audiovizual materiallarning to‘planishi, ilk gologrammalarning yaratilishi hamda 1990 yillar – eksponatlarning elektron shaklini tayyorlash va internet saytlariga joylashtirish; rivojlanish bosqichi: 2000 yildan – eksponatlarning 3D shakllari va gologramma namoyishlarining keng ko‘lamda joriy etilishi);
virtual muzeylarning ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida jamiyat va madaniyatning o‘zaro ta’sirini ta’minlovchi interaktiv-kommunakatsion funksiyasi tizimli ravishda asoslab berilgan;
muzey eksponatlarining maxsus QR-kodlarini tayyorlashda ularni saralashning tarixiy izchillik, davriylik, hududiy, etnografik, g‘oyaviy-estetik mezonlari ishlab chiqilib, ushbu tamoyillar asosida Temuriylar tarixi davlat muzeyidagi 150 ta eksponatning QR-kodlari va 2 ta noyob ashyoning 3D hajmli shakli yaratilgan;
mamlakatimiz muzeylarida saqlanayotgan tarixiy eksponatlar, tematik ekspozisiyalar yordamida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va boy tariximizni keng ommaga targ‘ib qilish, shuningdek, muzey turizmini rivojlantirishda virtual muzeylarning masofadan turib keng qamrovli tarixiy ma’lumotlarni etkazib berish afzalliklari tarixiy materiallar asosida dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Virtual muzeylar yaratishining jahon tajribasi va O‘zbekistonda ularning rivojlanish istiqbollarini tadqiq qilish yuzasidan olingan xulosa va takliflar asosida::
jahonning yirik muzeylarini virtuallashtirish tajribasi, ularning shakllanish (1930–1960 yy.) va rivojlanish (2000 yillar) bosqichlari, elektron ekspozisiyalarni yaratishning jahon standartlari hamda virtual muzeylarning ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida jamiyat va madaniyatning o‘zaro ta’sirini ta’minlovchi interaktiv-kommunakatsion funksiyasi borasida berilgan tizimli ma’lumotlardan O‘zbekiston muzeylar kengashi tomonidan bajarilgan “Virtual muzey tizimini joriy qilish” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston muzeylar kengashining 2018 yil 5 yanvardagi 01/99-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalar O‘zbekistonda muzeylarni virtuallashtirish muammolarini aniqlash, muzeylar faoliyatida axborot tizimini shakllantirish, eksponatlarning maxsus QR-kodlarini va 3D shakllarini yaratib, Internet tarmog‘iga joylashtirish orqali boy merosimizni O‘zbekiston xalqiga va xalqaro jamoatchilikka keng targ‘ib qilishga nazariy jihatdan asos bo‘lgan;
muzey eksponatlarini tarixiy izchillik, davriylik, etnografik, g‘oyaviy-estetik va hududiy jihatlariga ko‘ra ishlab chiqilgan saralash mezonlari hamda ularning 3D hajmli shaklini yaratish uchun tayyorlangan tarixiy ma’lumotlar bazasidan Temuriylar tarixi davlat muzeyining mobil ilovasi va muzeyning 150 dan ortiq eksponatlari uchun maxsus QR-kodlarini va 2 ta noyob ashyoning 3D hajmli shaklini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 8 fevraldagi 3/1255-310-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natija va xulosalarning qo‘llanilishi xalqimiz va sayyohlarga qulaylik yaratish, tariximizni keng targ‘ib qilish, eksponatlar haqidagi kengaytirilgan ma’lumotlarni qiziqarli tarzda taqdim etish imkonini bergan;
O‘zbekiston muzeylarini zamonaviy texnologiyalar yordamida takomillashtirish, eksponatlarni muzey saytlariga joylashtirish va ular orqali yoshlarning ma’naviy-axloqiy saviyasini oshirish, ularning ongida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini shakllantirish borasida berilgan amaliy tavsiyalardan “O‘zbekiston” telekanalida namoyish etilgan “Assalom O‘zbekiston” ko‘rsatuvining “Tarix tilsimi” dasturini va “O‘zbekiston” radiokanalining “Virtual olam” eshittirishini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2017 yil 30 noyabrdagi 05-15/4881-son ma’lumotnomasi). Ilmiy xulosalarning qo‘llanilishi zamonaviy texnologiyalar orqali yoshlarni tarixga, madaniyatga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga, O‘zbekistonning turizm sohasidagi imkoniyatlarini targ‘ib qilishga xizmat qilgan.