Turaev Sirojiddin Juraqobilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Dasturiy vositalar asosida talabalarni kasbiy faoliyatga tayyorlash metodikasini takomillashtirish  (“Dasturiy injiniring ta’lim yo‘nalishi misolida”)”, 13.00.05–Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Ped652.    
Ilmiy rahbar: Shodiev Rizamat Davronovich, pedagogika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Kasb-hunar ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti, DSc.27.06.2017.Ped.48.01.
Rasmiy opponentlar: Turakulov Olim Xolbutaevich, pedagogika fanlari doktori, dotsent, Quysinov Odil Almuratovich, pedagogika fanlari doktori, dotsent.  
Yetakchi tashkilot: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: texnika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bo‘lajak dasturchilarni kasbiy faoliyatga tayyorgarlash metodikasini dasturiy vositalar asosida takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bo‘lajak dasturchilarni “Upgrade”ga asoslangan foydalanuvchi interfeysini rivojlantirishga qaratilgan dasturiy vositalar ustuvorligini ta’minlash orqali kasbiy faoliyatga yo‘naltirib o‘qitishning axboriy-didaktik ta’minoti matematik tabiiy-ilmiy, umumkasbiy va ixtisoslik fanlar integratsiyasi asosida takomillashtirilgan;
bo‘lajak dasturchilarni kasbiy faoliyatga tayyorlashning tashkiliy-funksional komponentlari (mazmunli, texnologik, tashxislash) mazmuni motivatsion-maqsadli, metodologik yondashuvlar (kompetentli, faoliyatli, kreativ) asosida ishlab chiqilgan;
fizik jarayonlarni matematik modellashtirish, sonli usullarda dasturlash, tadqiqotlar olib borish, pedagogik dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish orqali dasturiy injiniring ta’lim yo‘nalishi talabalarining loyihaviy-konstruktorlik va ilmiy tadqiqot kasbiy kompetensiyalarini shakllantirish metodikasi (“Loyihalash”, “Qisman izlanishli”, “Tadqiqotchilik”)  dasturiy interfeys asosida takomillashtirilgan;
talabalarni loyihalash, konstruktorlik, yaratuvchanlik, tadqiqotchilik kabi dasturiy injiniring mutaxassisligiga xos sifatlarini va kasbiy faoliyat turlariga tayyorgarlik darajalarini baholash mezonlarini (reproduktiv, qisman izlanishli, kreativ) pedagogik dasturiy mahsulot vositasida statistik tahlilni vizuallashtirish imkoniyatlari takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Talabalarni kasbiy faoliyatga tayyorgarligini dasturiy vositalar asosida takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
“Dasturiy injiniring” ta’lim yo‘nalishi talabalariga matematik tabiiy-ilmiy, umumkasbiy va ixtisoslik fanlari integratsiyasi asosida ta’lim berishda dasturiy vositalardan (Matlab, Mathcad, C++, Delphi7, MS Excel, MS Access) foydalanilgan, dasturiy injiniring ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun “Fizikadan masalalar va ularni echishda dasturiy vositalardan foydalanish namunalari” nomli o‘quv qo‘llanma ishlab chiqilgan va ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 9 fevraldagi 133-son buyruq, 133-011 raqamli guvohnoma). Mazkur o‘quv qo‘llanmadan ta’lim jarayonida foydalanish ta’lim sifatini oshishiga va talabalar kasbiy kompetentligining rivojlanishiga xizmat qilgan;
bo‘lajak dasturchilarni pedagogik dasturiy vositalar, matematik dasturiy paketlar va dasturlash tillaridan foydalanib,  loyihaviy-konstruktorlik va ilmiy tadqiqot kasbiy faoliyatga tayyorlashning metodik tizimi modeli ishlab chiqilgan, metodik tizim modelidan talabalarni kasbiy faoliyat turlariga tayyorlashda foydalanilgan va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti filiallariga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 89-03-2653-son ma’lumotnomasi). Mazkur model bo‘lajak dasturchilarni kasbiy faoliyatga tayyorlashni takomillashtirishga xizmat qilgan;
dasturlash tillarining innovatsion muhitidan foydalanib talabalarning loyihaviy-konstruktorlik va ilmiy tadqiqot kasbiy kompetensiyalarini shakllantiruvchi pedagogik dasturiy mahsulotlar  ishlab chiqilgan va ta’lim jarayoniga joriy etilib, tajriba-sinovdan o‘tkazilgan, talabalar 1/1-F raqamli “Sanoat korxonalarining atrof-muhitga ta’sirini majmuaviy monitoringini ishlab chiqishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash” nomli ilmiy loyihaga jalb etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 89-03-2653-son ma’lumotnomasi). Mazkur ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar bo‘lajak dasturchilarni loyihaviy-konstruktorlik va ilmiy tadqiqot kasbiy faoliyatga tayyorlashga va pedagogik tajriba-sinov natijalarining sifat darajasini oshishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish