Kasimov Ilnur Ravilevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Rus tilining lingvomamlakatshunoslik frazeologik lug‘atida tarixiy-etimologik ma’lumotlar”, 10.00.04 – Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.2.PhD/Fil5433.
Ilmiy rahbar: Skrilnikov Yuriy Stepanovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat chet tillari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat chet tillari instituti, DSc.03/2025.27.12.Fil.32.02.
Rasmiy opponentlar: Altmisheva Yorkinoy Majidovna, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent; Mirzoxidova Muyassar Inomjonovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi turg‘un birliklarning sinxron semantik tavsifi bilan ularning kelib chiqishini diaxronik rekonstruksiya qilishni o‘zida birlashtirgan frazeologizmlarni leksikografik tavsiflashning nazariy modelini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
V.V. Vinogradov tasnifi bo‘yicha komponentlarning semantik birikuvchanlik darajasi bilan etimologik rekonstruksiya chuqurligi o‘rtasidagi mutanosiblik aniqlanib, shu asosda semantizatsiyaning tavsifiy, kombinatsiyalashgan va sinonimik usullarining frazeologizmning struktur-semantik turiga nisbatan funksional ixtisoslashuvi asoslangan;
lingvomamlakatshunoslik frazeologik lug‘atida frazeologizmlar talqinini unifikatsiya qilishning mikrostruktura (lug‘at maqolasi sakkiz zonasining o‘zgarmas ketma-ketligi), metatil (terminlarning yagona tizimi, besh razryadga ajratilgan belgilar ro‘yxati hamda definisiyalar sintaksisi) va tipologik (turli so‘z turkumlariga mansub frazeologizmlar uchun standart talqin formulalari) darajalarini qamrab oluvchi uch darajali tizimi ishlab chiqilgan;
tarixiy-etimologik ma’lumotnoma va lingvokulturologik sharhning maqsad yo‘nalishi, vaqt istiqboli hamda ma’lumot xarakteri bo‘yicha funksional mustaqilligi isbotlangan, ma’lumotni zonalardan biriga taqsimlash qoidasi ishlab chiqilgan hamda har ikki zonaning lug‘at maqolasidagi obligator maqomi asoslangan;
tarixiy-etimologik ma’lumotnoma tuzilishining frazeologik birlik genezisiga bog‘liqligi ochib berilib, ma’lumotnomaning xalq, bibliya, adabiy, kasbiy va tarixiy modellaridan iborat tabaqalashtirilgan tipologiyasi ishlab chiqilgan hamda birlikning semantik noshaffofligi darajasiga qarab ma’lumotnoma hajmining o‘zgaruvchanlik parametrlari belgilangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiyada ishlab chiqilgan nazariy va amaliy xulosa, tavsiya, ishlanma va modellar asosida:
Komponentlarning V.V. Vinogradov tasnifi bo‘yicha semantik birikuvchanlik darajasi bilan etimologik rekonstruksiya chuqurligi o‘rtasidagi mutanosiblik aniqlangani hamda semantizatsiyaning uch usuli, ya’ni tavsifiy, kombinatsiyalashgan va sinonimik usullarning frazeologizmning struktur-semantik turiga nisbatan funksional ixtisoslashuvi belgilangani haqidagi ilmiy xulosalardan A. Avloniy nomidagi Milliy tadqiqot institutida Xalq ta’limi vazirining 2023-yil 18-maydagi 156-son buyrug‘i asosida 2023–2024-yillarda bajarilgan AI-201704-sonli “Umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining ona tili (o‘zbek tili) fani bo‘yicha malakasini baholash hamda 14 ta fandan test tizimini ishlab chiqish” nomli fundamental loyihasida foydalanilgan (A. Avloniy nomidagi Milliy tadqiqot institutining 2026-yil 10-fevraldagi № 03-17-09-993-son ma’lumotnomasi). Natijada umumta’lim maktablari bitiruvchilari uchun rus tili fanidan test topshiriqlarini ishlab chiqishda frazeologizmlar ma’nolarini aniq, ilmiy asoslangan va bir xil uslubda taqdim etish imkoniyati yaratildi, test tizimining ilmiy-metodik darajasi sezilarli ravishda oshdi;
Lug‘at maqolalarini unifikatsiya qilishning uch darajali tizimi ishlab chiqilgani, unda mikrotuzilma orqali sakkiz zonaning o‘zgarmas ketma-ketligi belgilangani, metatil orqali terminlar, belgilar va definisiyalar sintaksisi qamrab olingani, tipologik darajada esa so‘z turkumlari bo‘yicha talqin formulalari mustahkamlangani haqidagi ilmiy natijalardan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasining “Biznesga maslahat” interaktiv axborot portalini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasining 2026-yil 20-fevraldagi № 11/015-21-son ma’lumotnomasi). Natijada portalning ta’limiy va maslahat mazmuni tizimli hamda bir xil ko‘rinishga ega bo‘ldi, ma’lumotlarning bayoni yagona tahririy standartga bo‘ysundirildi;
Tarixiy-etimologik ma’lumotnoma va lingvokulturologik sharh maqsad yo‘nalishi, vaqt istiqboli va ma’lumot xarakteri bo‘yicha farqlanuvchi funksional jihatdan mustaqil zonalar ekani hamda ularning har biriga lug‘at maqolasi tuzilmasida obligator maqom biriktirilgani haqidagi ilmiy xulosalardan Birlashgan Millatlar Tashkiloti buyurtmasi asosida “Muloqot” jamoat birlashmasi tomonidan amalga oshirilgan “Zo‘ravon ekstremizm va radikalizmning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar: O‘zbekiston va xorijiy davlatlar tajribalari” nomli amaliy grant loyihasida foydalanilgan (“Muloqot” jamoat birlashmasining 2026-yil 13-fevraldagi № 12/01-56-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida tayyorlangan materiallarda frazeologik birliklarning madaniy mazmuni izchil yoritildi, ma’lumotnoma bilan sharhning funksional farqlanishi tahliliy bayonning aniqligi va ishonchliligini ta’minladi;
Tarixiy-etimologik ma’lumotnoma tuzilishining frazeologik birlik genezisiga bog‘liqligi ochib berilgani, ma’lumotnomaning besh modeldan iborat tabaqalashtirilgan tipologiyasi, ya’ni xalq, bibliya, adabiy, kasbiy va tarixiy modellari ishlab chiqilgani hamda birlikning semantik noshaffofligi darajasiga qarab ma’lumotnoma hajmining o‘zgaruvchanlik parametrlari belgilangani haqidagi ilmiy natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Mahalla” teleradiokanali “Kun nafasi”, “Kontekst” va “Minbar” ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” teleradiokanalining 2026-yil 11-fevraldagi № 01-20-1410-son ma’lumotnomasi). Natijada efir materiallarida frazeologizmlarning talqini aniqroq bo‘ldi, ortiqcha ma’lumot qisqardi.