Xudaybergenov Bexzod Baxtiyorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bankrotlik taomili sifatida sud sanatsiyasini takomillashtirish», 12.00.03–Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Yu93.
Ilmiy rahbar: Sindarov Komil Oydinovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.27.06.2017.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Rustambekov Islombek Rustambekovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Azizov Xudoyqul Tojievich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bankrotlik taomili sifatida sud sanatsiyasini huquqiy tartibga solishni takomillashtirish va uni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qarzdorning moliyaviy ahvoli haqidagi ma’lumotlarni kreditorlarga taqdim qilish lozimligi va qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi qarorga e’tiroz bildirish mumkinligi asoslangan;
qarzdorni sog‘lomlashtirish maqsadida bankrotlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilishidan oldin tuzilgan bir kreditorning boshqa kreditorlardan ustun bo‘lishiga olib keladigan bitimlarni haqiqiy emas deb topish zarurligi asoslangan;
bankrotlik tushunchasini xalqaro standartlarga moslashtirish, kreditorlar talablarini qanoatlantirish bilan bog‘liq munosabatlarga to‘lovga qobiliyatsizlik tushunchasini tatbiq qilish maqsadga muvofiqligi asoslangan;
kreditorlar yig‘ilishining qaroriga muvofiq sud sanatsiyasini joriy etish va o‘tkazish, sud sanatsiyasi rejasi ayrim toifadagi kreditorlar tomonidan ma’qullanishi lozimligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bankrotlik taomili sifatida sud sanatsiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kreditorlarning huquqlarini himoya qilishni takomillashtirish, qarzdorning moliyaviy ahvoli to‘g‘risidagi axborotni har qanday kreditorga uning yozma so‘rovi olingan vaqtdan boshlab o‘n kun ichida taqdim etish, kreditorga qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi qarorga e’tiroz bildirish huquqini berish bilan bog‘liq takliflardan O‘zbekiston Respublikasi «Bankrotlik to‘g‘risida»gi Qonunining 19-moddasi uchinchi qismi va 51-moddasi uchinchi qismlarini ishlab chiqishda foydalanilgan  (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2019  yil 31 maydagi 04/1-06-76-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar qarzdorning moliyaviy ahvoli va o‘z faoliyati haqidagi axborotni kreditorga taqdim etib borish va bankrotlik to‘g‘risidagi ishda qatnashuvchi shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini huquqiy tartibga solishga xizmat qilgan;
qarzdorni sog‘lomlashtirish maqsadida bankrotlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilishidan oldin tuzilgan bir kreditorning boshqa kreditorlardan ustun bo‘lishiga olib keladigan bitimlarni haqiqiy emas deb topishni huquqiy tartibga solishga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasining «Bankrotlik to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2018 yil 28 sentyabrdagi 2308/04-16-2-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar bankrotlik to‘g‘risidagi ishda qarzdor to‘lov qobiliyatini tiklash va kreditorlar talablari qanoatlantirilishini ta’minlashga xizmat qilgan;
bankrotlik tushunchasini xalqaro standartlarga moslashtirish bilan bog‘liq takliflar O‘zbekiston Respublikasining «To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida»gi qonuni loyihasini qabul qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2019 yil 10 apreldagi 1061/03-23-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar qarzdorni sog‘lomlashtirish va bankrot deb topish bilan bog‘liq munosabatlarga to‘lovga qobiliyatsizlik tushunchasini tatbiq qilish va tugatishga doir ish yuritish taomili qo‘llanilgan holatlardagina bankrotlik tushunchasidan foydalanishni huquqiy tartibga solishga xizmat qilgan.
sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv rejasini ma’qullashda kreditorlarni toifalarga ajratish va har bir kreditor guruhining ovozlarini alohida hisoblash, bankrotlik taomillarini o‘tkazish muddatlarini soddalashtirishga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasining «To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida»gi qonuni loyihasini qabul qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2019 yil 10 apreldagi 1061/03-23-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar qreditorlar manfaatlari to‘qnashuvini adolatli hal qilish, bankrotlik to‘g‘risidagi ishda qarzdor huquq va manfaatlarini himoya qilish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish