Avlokulov Anvar Ziyadullaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Moliyaviy natijalar hisobi va auditi metodologiyasini takomillashtirish», 08.00.08–Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Iqt115.
Ilmiy maslahatchi: Karimov Akram Abbasovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Pardaev Mamayunus Qarshiboevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Aliqulov Abdimo‘min Ismatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent; Karimov Ne’matulla Fatxullaevich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: moliyaviy natijalar hisobi va auditi metodologiyasini takomillashtirishga oid ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
buxgalteriya hisobida moliyaviy natijalar ko‘rsatkichlari bo‘yicha axborotlar qamrovini kengaytirish va shaffofligini oshirishda pragmatik konsepsiyani qo‘llash taklif etilgan;
xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda mahsulot (ish, xizmat)lar tannarxini aniqlashda  “chiqim”, “sarf” va “xarajat” kategoriyalarining iqtisodiy mohiyati aniqlangan va ularni qo‘llash mexanizmi takomillashtirilgan;
moliyaviy natijalar hisobi bo‘yicha ichki nazorat metodikasini takomillashtirishda moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot nazoratining uch bosqichli algoritmi ishlab chiqilgan;
moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot hamda moliyaviy hisobotning boshqa shakllari auditini samarali tashkil qilishda auditorlik faoliyatiga “halollik” prinsipi kiritilgan;
moliyaviy natijalarni ifodalovchi ko‘rsatkichlar tizimini shakllantirish, moliyaviy natijalar auditini rejalashtirish, mahsulotlarni sotish va moliyaviy natijalar auditini tashkil qilish, mahsulot sotishdan olingan yalpi foydani tekshirish, asosiy faoliyatdan olingan boshqa daromadlarni tekshirish yo‘nalishlarini belgilash orqali auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish uslubi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Moliyaviy natijalar hisobi va auditi metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
buxgalteriya hisobida moliyaviy natijalar ko‘rsatkichlari bo‘yicha axborotlar qamrovini kengaytirish va shaffofligini oshirishda pragmatik konsepsiyani qo‘llash borasidagi takliflardan O‘zbekiston Auditorlar palatasi tomonidan moliyaviy hisobot xalqaro standartlarini mahalliy amaliyotga implimentatsiyalash jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Auditorlar palatasining 2019 yil 20 martdagi  66/1-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning amaliyotga joriy etilishi natijasida buxgalteriya hisobida moliyaviy natijalar ko‘rsatkichlarini moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari darajasida shakllantirish imkoniyatini bergan va hisobotdan foydalanuvchilarning oqilona va tezkor tarzda qaror qabul qilish imkoniyatini yaratgan;
buxgalteriya hisobida “chiqim”, “sarf” va “xarajat” kategoriyalariga aniqlik kiritish borasidagi takliflardan O‘zbekiston Auditorlar palatasi tomonidan mahsulot (ish, xizmat) tannarxini aniqlash bo‘yicha uslubiy qoidalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Auditorlar palatasining 2019 yil 20 martdagi  66/1-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning amaliyotga joriy etilishi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda ular faoliyatining asosiy ko‘rsatkichi – tannarx kategoriyasini buxgalteriya hisobida aniq aks ettirish imkonini bergan;
moliyaviy natijalar hisobi bo‘yicha ichki nazorat metodikasini takomillashtirish bo‘yicha takliflardan “Toshkentdonmahsulotlari” AJ va “Qorasuv paxta tozalash” AJda ichki nazorat samaradorligini ta’minlashda foydalanilgan (“O‘zdonmahsulot” AKning 2019 yil 15 fevraldagi  14-1-23/82-303-son,  “O‘zpaxtasanoat” AJning 2019 yil 1 martdagi  02-23/14-57-son ma’lumotnomalari). Mazkur takliflarning amaliyotga joriy etilishi natijasida moliyaviy natijalar hisobi bo‘yicha ichki nazoratning samarali amallari qo‘llanilishiga erishilgan, moliyaviy hisobotlarni nazorat qilishning uch bosqichli algoritmi qo‘llanilib, jamiyatning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati samaradorligini ta’minlashga xizmat qilgan. Natijada 2018 yilda “Qorasuv paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyatining boshqa operatsion xarajatlari 290,1 million so‘mga kamayishiga erishilgan;  
auditni samarali tashkil qilishda auditorlik faoliyatiga “halollik”  prinsipini kiritishga oid taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qonun hujjatlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 10 maydagi  DS 17-02-35/383-2737-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot va moliyaviy hisobotning boshqa shakllari auditini samarali tashkil etishga xizmat qilgan;
moliyaviy natijalarni ifodalovchi ko‘rsatkichlar tizimini shakllantirish, moliyaviy natijalar auditini rejalashtirish, mahsulotlarni sotish va moliyaviy natijalar auditini tashkil qilish, mahsulot sotishdan olingan yalpi foydani tekshirish, asosiy faoliyatdan olingan boshqa daromadlarni tekshirish bo‘yicha ilmiy takliflardan 5230900-“Buxgalteriya hisobi va audit” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun tavsiya etilgan “Audit” fani bo‘yicha tayyorlangan darslikka kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 7 dekabrdagi 1000-sonli buyruq, 1000-019 raqamli guvohnoma). Ushbu takliflarning darslikka kiritilishi moliyaviy natijalar auditining nazariy-uslubiy jihatlarini takomillashtirish hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish