Valiev Gulam Nabidjanovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tabiiy ipak iplarini qayta o‘rash o‘ramasi shakllanishining nazariyasini rivojlantirish va texnologiyasini takomillashtirish», 05.06.02–To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xomashyoga dastlabki ishlov berish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.DSc/T229.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti, DSc.27.06.2017.T.08.01.
Rasmiy opponentlar: Alimova Xalimaxon Alimovna, texnika fanlari doktori, professor; Mardonov Botir Mardonovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Ishmatov Askar Bazarovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: qayta o‘rash o‘ramasi shakllanishining nazariyasini rivojlantirish va texnologiyasini takomillashtirish asosida tabiiy ipak iplarining o‘rama sifatini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
parallel va presizion krest o‘ram mashinalarida qayta o‘rash o‘ramasi shakllanishining takomillashtirilgan texnologiyalari yaratilgan;
odatiy va murakkab shakldagi qayta o‘rash o‘ramalari uchun parallel va krest o‘ramini uning asosiga bo‘lgan bosimi o‘rama o‘qi bo‘ylab taqsimlanishining umumlashtirilgan analitik bog‘liqligi olingan;
o‘ram cho‘lg‘ami ko‘tarilish burchagini o‘rama shaklining xilma-xilligi bo‘yicha o‘rtacha qiymatining va uning atrof bo‘ylab taqsimlanishining nazariy bog‘liqliklari olingan;
har xil shakldagi uch konusli o‘ramalar uchun krest o‘ramini bosimi atrof bo‘ylab taqsimlanish qonuniyati olingan;
o‘ramni yangi tuzilish elementi – tuzilish qatlami va uning parametrlari taklif etilgan va nazariy asoslangan, o‘rama tobora shakllanishida uning siljish burchagi, u shakllanish davridagi yoyish sikllari soni va undagi elementar qatlamlar soni bir xilda qolishi, o‘rama yuzasi bo‘ylab uning siljishi, o‘ram cho‘lg‘amlarining o‘zaro kesishishi bilan hosil bo‘ladigan uyachalar o‘lchamlari va o‘ram qatlamining g‘ovakdorligi oshishi aniqlangan;
nazariy tadqiqotlar asosida, o‘ram turg‘unligini oshishini va cho‘lg‘amlar va o‘ram qatlamlari siljish burchagi katta bo‘lgan, o‘ram qatlami siljishi katta bo‘lgan o‘rama shakllanishini ta’minlaydigan, tabiiy ipak uchun maqbul bo‘lgan, urchuqdan ekssentrikgacha bo‘lgan uzatma nisbati aniqlangan;
chuvilayotgan ipning tarangligini samarali tekislanishini, mavjud jarayonga xos bo‘lgan ipning salqi bo‘lib osilishi va taranglikning pul`sli tebranishini bartaraf etilishini ta’minlaydigan, oddiy tuzilishdagi o‘zi markazlanuvchi kalavacho‘p yaratilgan;
ip tarangligining kompensatori bo‘lgan takomillashtirilgan presizion qayta o‘rash mashinasi, qayta o‘rash chanog‘ining takomillashtirilgan konstruksiyasi, qayta o‘rash tezligini bir xildaligini saqlash va parallel o‘ram mashinasining ip yoyuvchi mexanizmlari yaratilgan;
qayta o‘rash o‘ramasi shakllanish dinamikasida ipak iplari o‘ramining turg‘unligi pastligi va qatlamlari siqib chiqarilishi hamda takomillashtirilgan texnologiyada gardishsiz o‘ramada ipak iplari o‘ramining turg‘unligi yuqoriligi asoslangan;
presizion qayta o‘rash mashinalarida tabiiy ipak iplari qayta o‘rash o‘ramasining turg‘un o‘ramini olish maqbul texnologik parametrlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tabiiy ipak iplarini qayta o‘rash o‘ramasi shakllanishining nazariyasini rivojlantirish va texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
urchuqdan ekssentrikgacha bo‘lgan uzatma nisbati kattalashtirilgan qayta o‘rash chanog‘i tuzilishiga Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (“Bobinaga o‘rash mashinasining chanog‘i”, №IAP04805-2014 y.). Natijada turg‘unlik pog‘onasini va o‘ram turg‘unligini oshirish imkoni yaratilgan;
qayta o‘rash chanog‘i yuritmasini texnik imkoniyatlarini kengaytiradigan qayta o‘rash tezligini bir xildaligini saqlash mexanizmi tuzilishiga Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (“Qayta o‘rash chanog‘i yuritmasi”, №IAP04592-2012 y.). Natijada o‘rama tobora shakllanishida qayta o‘rash tezligining o‘zgarish qonuniyatlarini rostlash imkoni yaratilgan;
ip tarangligini kompensatori bo‘lgan takomillashtirilgan presizion qayta o‘rash mashinasining tuzilishiga Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (“Kalava iplarni bobinaga qayta o‘rash mashinasi”, №IAP04375-2011y.). Natijada ip tarangligini tekislash, o‘ram turg‘unligini oshirish va o‘rama shakllanish jarayoni dinamikasida uning barqarorligini ta’minlash imkoni yaratilgan;
yangi tuzilishdagi o‘zi markazlanuvchi kalava cho‘p “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tasarrufidagi korxonalarda, xususan “Bukhara Brilliant Silk” MChJ qo‘shma korxonasida joriy etilgan (“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining 2019 yil 23 apreldagi 4-3/746-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalarining joriy etilishi orqali ipning salqi bo‘lib osilishi va taranglikni pul`sli tebranishi bartaraf etilishi ta’minlangan, shakllanayotgan o‘rama sifati yaxshilangan;
parallel o‘ram mashinalarida qayta o‘rash o‘ramasi shakllanishining takomillashtirilgan texnologiyasi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tasarrufidagi korxonalarda, xususan “Margilan Silk–VAS” va “Yodgorlik” MChJlarda joriy etilgan (“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining 2019 yil 23 apreldagi 4-3/746-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqori sifatli o‘ramli xom ipak iplari o‘ramalari olingan, tandalashda iplar uzulishi 26 % kamaygan, xomashyo chiqindisi ikki barobardan ortiqqa qisqargan;
maqbul parametrlar va presizion krest o‘ram mashinalarida qayta o‘rash o‘ramasi shakllanishining takomillashtirilgan texnologiyasi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tasarrufidagi korxonalarda, xususan “Sharq ipagi durdonasi” MChJ va “NURLI TONG SILK” MChJda joriy etilgan (“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining 2019 yil 23 apreldagi 4-3/746-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqori sifatli o‘ramli qaynatilgan ipak iplari o‘ramalari olingan, xomashyo chiqindisi qisqargan, jihoz unumdorligi oshgan.