Ochildiev Jahongir Mengdobilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Anorning yuqori hosilli navlarini tanlash va ko‘chatini intensiv ko‘paytirish texnologiyasini ishlab chiqish”, 06.01.07- Mevachilik va uzumchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.PhD/Qx1477
Ilmiy rahbar: Islamov Sohib Yaxshibekovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertasiya bajarilgan muassasa nomi: Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.02.
Rasmiy opponentlar: Bo‘riev Xasan Chutbaevich, biologiya fanlari doktori, professor; Temirov Jamshid Gulmirzaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi anorning yuqori hosilli navlarini tanlash hamda anor ko‘chatini intensiv ko‘paytirish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor anor navlarining o‘sishi va rivojlanishi hamda morfo-biologik xususiyatlarini kompleks baholash asosida Surxondaryo viloyati tuproq-iqlim sharoitiga mos yuqori hosilli, meva sifati yaxshi bo‘lgan Kirmizi kabux (18,35 t/ga), Zubayda-667 (19,08 t/ga) va Gyulashe (19,02 t/ga) navlari aniqlangan;
sun’iy tuman hosil qilish inshootida perlit+biogumus aralashmasidan iborat substrat va mikroiqlim namligini ta’minlash uchun suvning 15 daqiqalik oraliqda suv purkash orqali anor qalamchalarining eng yaxshi ildiz otishi (71,5 %) aniqlangan;
tanlangan navlarni sun’iy tuman hosil qiluvchi inshootda yashil qalamchadan ko‘paytirish uchun “Sirkon” preparatining 5 ml/l konsentratsiyasi bilan ishlov berishda eng yuqori ildiz otuvchanlik (93,2 %) ta’minlanishi aniqlangan;
anor navlarining sog‘lomlashtirilgan ko‘chatlarini mikroklonal usulda ko‘paytirishda eksplantlarni eng samarali sterillash (1% li NaOCl eritmasida 20 daqiqa), ozuqa muhitlari va o‘sishni boshqaruvchi moddalarning optimal tarkibi aniqlanib, natijada eksplantlarning shoxlanish nisbati 6 barobargacha oshishi, ildiz otish darajasining eng yuqori ko‘rsatkichi 96,5 % ni tashkil etishi isbotlangan;
sog‘lomlashtirilgan yosh nihollarni iqlimlashtirishda “Agrobalt-S” torf substrati barcha navlarda yuqori samaradorlik ko‘rsatishi hamda issiqxona sharoitiga eng maqbul biogumus substrati qo‘llanilganda o‘simliklarning o‘rtacha yashovchanligi 93,3 % ga etishi aniqlanib, intensiv texnologiya uchun texnologik reglament ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Surxondaryo viloyati sharoitida anor (Punica granatum L.) navlarining agrobiologik xususiyatlari, hosildorligi hamda ko‘chatlarini intensiv ko‘paytirish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqotlar natijasida:
“Surxondaryo viloyati sharoitida istiqbolli anor navlari ko‘chatlarini in vitro sharoitida mikroklonal ko‘paytirish” nomli amaliy tavsiyanoma tasdiqlangan va nashr etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2026-yil 17-iyundagi 05/05-03-262-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma anor ko‘chati etishtirishga ixtisoslashgan dehqon va fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar, tomorqa er egalari hamda ko‘chatchilik korxonalariga sifatli, virussiz va standart anor ko‘chatlarini jadal ko‘paytirishda asosiy agrotexnik qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
Denov tumani “Arslon ilg‘or sahovati” fermer xo‘jaligida intensiv usulda (yashil qalamcha va in vitro) etishtirilgan sog‘lom ko‘chatlar asosida 2,0 gektar maydonda “Kirmizi kabux” navli bog‘ barpo etish, “Denov lolazor gullari” va “Denov o‘rmon gullari” tomorqa MChJlarida yashil novdalarni sun’iy tuman inshootida perlit va biogumus aralashmasi hamda mikroiqlimni boshqarish tizimi orqali ildizlatishga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2026-yil 17-iyundagi 05/05-03-262-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur nav nazorat (“Qozoqi”) naviga nisbatan har tupdan 4,5–5,0 kg gacha qo‘shimcha hosil berib, umumiy hosildorlik 19,5 tonnani, rentabellik darajasi esa 134 % ni tashkil etgan, ko‘chat etishtirish muddati qisqarishi va tannarxning 30 % ga arzonlashishi hisobiga har 10 000 dona ko‘chatdan 38,0–42,0 mln so‘m qo‘shimcha sof foyda olinib, ko‘chatchilikdagi umumiy rentabellik darajasi 180–220 % ga etkazilgan;
Sherobod tumani “Choriev Abdusalim” fermer xo‘jaligida 2,0 gektar maydonda yuqori hosildor, yirik mevali “Zubayda-667” navli anorzor barpo qilish, “Toshpo‘lat qizi Soliha anor bog‘i” MChJda 1,5 gektar maydonda intensiv usulda (in vitro va yashil qalamcha) ko‘paytirilgan sog‘lom ko‘chatlar yordamida “Gyulashe” navli bog‘ barpo etishga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2026-yil 17-iyundagi 05/05-03-262-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Gyulashe” navidan gektariga o‘rtacha 36,0 mln so‘m, “Zubayda-667” navidan 48,0 mln so‘m qo‘shimcha sof foyda olingan.