Mamajonov Boxadirjon Solijonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Keksa va katta yoshdagi bemorlarda bel umurtqalari osteoxondrozini kompleks xirurgik davolash», 14.00.22–Travmatologiya va ortopediya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Tib224.
Ilmiy rahbar: Xudayberdiev Qobil Tursunovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.28.02.2018.Tib.62.01.
Rasmiy opponentlar: Krut`ko Aleksandr Vladimirovich, tibbiyot fanlari doktori (Rossiya Federatsiyasi); Shatursunov Shaxaydar Shaalievich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: katta va keksa yoshdagi bemorlarda umurtqa pog‘onasida kechadigan involyutiv va degenerativ jarayonlarni inobatga olgan holda bel umurtqalari osteoxondrozini xirurgik davolash taktikasini ishlab chiqish orqali davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
katta va keksa yoshdagi bemorlarda bel umurtqalari osteoxondrozining klinik ko‘rinishi va patogenezining o‘ziga xos xususiyatini o‘rganish asosida degenerativ jarayonning «o‘tib boruvchi kaudal oqsoqlik» sindromi va kuchayib boruvchi degenerativ stenoz holati ekanligi aniqlangan;
katta va keksa yoshdagi bemorlar umurtqa ravoqlari va bo‘g‘im o‘siqlarining ikkilamchi gipertrofiyaga uchrashi sababli bo‘g‘im bog‘lov funksiyasi buzilishining rivojlanishi isbotlangan;
katta va keksa yoshdagi bemorlarda rentgenologik va MRT ma’lumotlariga xos bo‘lgan bel umurtqalari osteoxondrozining klinik ko‘rinishlari aniqlangan;
katta va keksa yoshdagi bemorlarda o‘tkaziladigan xirurgik uslublariga surunkali, qaytalanuvchi va surunkali-qaytalanuvchi shakllarini inobatga olgan holda ko‘rsatmalar taklif etilgan;
tashrix jarayonida yumshoq to‘qimalar ikkilamchi jarohatlanishining oldini olish va xirurgik amaliyotidan keyingi davrda mushaklarda ikkilamchi chandiqlar bo‘lishini hamda reflektor og‘riq sindromini xosil bo‘lishini kamaytirish uchun retraktor (jaroxat kengaytirgich) taklif qilingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Katta va keksa yoshdagi bemorlarda bel umurtqalari osteoxondrozini kompleks davolash orqali davolash natijalarini yaxshilashga bag‘ishlangan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Keksa va katta yoshdagi kishilarda bel osteoxondrozini xirurgik davolashni optimizatsiyalash» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 27 dekabrdagi 8n-r/380-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalarni amaliyotga qo‘llash bemorlarni davolashdan keyingi davrlarda o‘rganishda, ularning klinik-funksional holatini kundalik hayot faoliyatiga bog‘liq holda baholash, boshqa qo‘shimcha tekshirish va davolash uslublariga ehtiyoj bor yoki yo‘qligini tahlil qilishni, bemorlar holatini baholashni tashkillashtirishga hamda davolash natijalarini o‘rganishni osonlashtirishga imkon bergan;
keksa va katta yoshdagi kishilarda bel osteoxondrozini xirurgik davolashda «Umurtqaning L3-L4, L4-L5 segmentlarda operatsiya uchun yara kengaytirgich»ga (№FAP 00817, 2013 yil) Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan. Ushbu yara kengaytirgich yumshoq to‘qimalarning kamroq jarohatlanishini ta’minlash imkonini bergan;
keksa va katta yoshdagi kishilarda bel osteoxondrozini xirurgik davolashda «Umurtqaning L5-S1 segmentlarda operatsiya uchun yara kengaytirgich»ga (№FAP 00818, 2013 yil) Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan. Ushbu yara kengaytirgich xirurgik amaliyotni o‘tkazishni osonlashtirish imkonini bergan;
keksa va katta yoshdagi bemorlarda bel osteoxondrozini kompleks xirurgik davolash natijalarini yaxshilash bo‘yicha bajarilgan dissertatsiya natijalari sog‘liqni saqlash amaliy faoliyatiga, jumladan, Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi, Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasining travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limlari va Namangan viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasi travmatologiya-ortopediya va neyroxirurgiya bo‘limi faoliyatiga (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 27 dekabrdagi 8n-r/380-son ma’lumotnomasi) tatbiq etilgan. Olingan natijalar o‘tkazilgan xirurgik muolajalarining uzoq muddatdagi salbiy natijalarni 97,8%ga kamaytirishga va reabilitatsiya muddatlarini 1 oydan 6 oygacha qisqartirishga imkon yaratgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish