Axrorova Nargiza Raxmonovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Harper Lining “Mazaxchini o‘ldirish” va Kreyg Silvining “Jasper Jons” romanlari o‘rtasidagi intertekstual aloqalar”, 10.00.04 – Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/Fil6098.
Ilmiy rahbar: Toirova Dilfuza Fayzullaevna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat chet tillar instituti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/2025.27.12.Fil/37.02 raqamli ilmiy kengash. 
Rasmiy opponentlar: Umurova Guzal Xatamovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Ikromxonova Firuza Ikromovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Harper Lining “Mazaxchini o‘ldirish” va Kreyg Silvining “Jasper Jons” romanlari o‘rtasidagi intertekstual aloqalarni syujet qurilishi, obrazlar tizimi, motivlar, ijtimoiy-axloqiy g‘oyalar va milliy-madaniy kontekstlar kesimida aniqlash hamda ularning Amerika va Avstraliya adabiy jarayonidagi badiiy-estetik funksiyasini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Harper Lining “Mazaxchini o‘ldirish” va Kreyg Silvining “Jasper Jons” romanlari o‘rtasidagi intertekstual aloqalarning syujet parallelizmi, motivlarning qayta semantizatsiyasi, obrazlarning funksional transformatsiyasi hamda g‘oyaviy-estetik qatlamlarning o‘zaro bog‘lanishiga asoslangan ko‘p bosqichli struktur-semantik tizimi aniqlangan;
“Mazaxchini o‘ldirish” romaniga xos adolat izlash, begunoh shaxsning jamiyat tomonidan ayblanishi, bolalik nigohi orqali ijtimoiy haqiqatni anglash va voyaga etish motivlarining “Jasper Jons” romanida Avstraliya adabiy-madaniy konteksti ta’sirida qayta semantizatsiyalanishi hamda tashqi ijtimoiy-huquqiy ziddiyatdan ichki axloqiy-psixologik konfliktga transformatsiyalanish xususiyatlari asoslangan;
Skaut Finch – Charli Baktin, Tom Robinson – Jasper Jons, Bu Redli – Mad Jack Lionel obrazlari o‘rtasidagi intertekstual munosabatlarning syujetiy o‘xshashlik doirasidan chiqib, haqiqatni anglovchi qahramon, jamiyat hukmi qurboni va ijtimoiy muhitdan chetlashtirilgan shaxs kabi funksional-semantik modellar asosida shakllanishi ochib berilgan;
Harper Li romanidagi irqiy adolatsizlik, jamiyat hukmi va huquqiy adolat paradigmasining Kreyg Silvi romanida etnik begonalashtirish, shaxsiy vijdon va axloqiy mas’uliyat paradigmasiga badiiy transformatsiyalanishi natijasida milliy-madaniy muammolarning universal badiiy-falsafiy mazmun kasb etish qonuniyatlari dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Harper Lining “Mazaxchini o‘ldirish” va Kreyg Silvining “Jasper Jons” romanlari o‘rtasidagi intertekstual aloqalarni syujet qurilishi, obrazlar tizimi, motivlar, ijtimoiy-axloqiy g‘oyalar hamda milliy-madaniy kontekstlar kesimida aniqlashga qaratilgan ilmiy xulosalar asosida:
Harper Lining “Mazaxchini o‘ldirish” va Kreyg Silvining “Jasper Jons” romanlari o‘rtasidagi intertekstual aloqalarning obrazlar tizimi, xususan, axloqiy ideal, voyaga etish jarayonidagi qahramon, jamiyat qurboni, ijtimoiy muhitdan chetlashtirilgan obrazlar hamda obrazlar transformatsiyasi asosida tahlil qilinishiga oid ilmiy-nazariy xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining 2023-yil 18-maydagi 156-son buyrug‘i asosida 2023–2024-yillarda amalga oshirilgan AI201704-sonli “Umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining ona tili fani bo‘yicha malakasini baholash hamda 14 ta fandan test tizimini ishlab chiqish” nomli fundamental loyiha doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi A. Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot institutining 2025-yil 16-oktabrdagi №03-17-09-975-son ma’lumotnomasi). Natijada, umumta’lim maktablarida adabiyot fanini zamonaviy nazariy yondashuvlar, xususan, intertekstual tahlil tamoyillari asosida o‘qitish samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
Harper Lining “Mazaxchini o‘ldirish” va Kreyg Silvining “Jasper Jons” romanlari o‘rtasidagi intertekstual elementlarning badiiy-estetik funksiyalari, milliy va global adabiy kontekstlar, adabiy an’ana va janrlararo davomiylik, AQSh hamda Avstraliya madaniy kodlarining yaqinligi, ijtimoiy tanqidning umumadabiy modeli, milliy muammo va irqchilik masalalarining matnlararo muloqot orqali ifodalanishiga oid ilmiy xulosalardan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti ERASMUS+ dasturining QUARTZ – “Quality Assurance for Reform and Transformation of HEIs in Uzbekistan” loyihasida foydalanilgan (“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining 2025-yil 15-oktabrdagi 2379-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, yosh avlodda badiiy-estetik did, adabiy tafakkur va talqin madaniyatini rivojlantirish, milliy hamda jahon adabiy merosiga nisbatan ongli va tanqidiy munosabatni shakllantirishga xizmat qilgan;
Harper Lining “Mazaxchini o‘ldirish” va Kreyg Silvining “Jasper Jons” romanlari o‘rtasidagi intertekstual elementlarning badiiy-estetik funksiyalari, matnlararo muloqotning iqtibos, reminissensiya, allyuziv ishora, syujet parallelizmi va obrazlar transformatsiyasi orqali namoyon bo‘lishiga oid ilmiy xulosalardan 2025-yil oktyabr oyida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Samarqand viloyati teleradiokanalining “Kun mavzusi” nomli eshittiruvi uchun ssenariy tayyorlash 
jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Samarqand viloyati teleradiokanalining 2025-yil 13-oktabrdagi 01-07/339-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Amerika va Avstraliya adabiyotiga mansub mazkur romanlardagi intertekstual aloqalar, adolat, insonparvarlik, ijtimoiy tenglik va axloqiy mas’uliyat g‘oyalarining badiiy talqini keng kitobxonlar ommasiga etkazilgan;
Harper Lining “Mazaxchini o‘ldirish” va Kreyg Silvining “Jasper Jons” romanlarida adolat, insonparvarlik, erkinlik, teng huquqlilik va axloqiy mas’uliyat g‘oyalarining intertekstual aloqalar orqali badiiy talqin qilinishiga oid ilmiy xulosalardan Qarshi davlat universitetida 2021-2023-yillarda amalga oshirilgan SUZ-800-21GR 3181 “Reinforcing English Language Competence at Karshi State University” xalqaro grant loyihasi doirasida foydalanilgan (Qarshi davlat universitetining 2025-yil 30-oktabrdagi 04/5997-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ingliz tili va jahon adabiyotiga oid mashg‘ulotlarda talabalarning badiiy matnni intertekstual yondashuv asosida anglash, adabiy-estetik tafakkurini rivojlantirish hamda adolat, insonparvarlik va erkinlik g‘oyalarini zamonaviy adabiy jarayon bilan bog‘liq holda talqin qilish ko‘nikmalari takomillashtirilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish