Raupov Anvar Abdirashidovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Anomal holatlarda asoratlarni oldini olish va bartaraf etish orqali quduqlarni qurish jarayonini jadallashtirish», 04.00.11–Quduqlarni burg‘ilash va o‘zlashtirish texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/T1256.
Ilmiy rahbar: Aminov Anoritdin Muhammadnabi o‘g‘li, texnika fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Neft` va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti, O‘zbekiston neft`-gaz sanoati ilmiy-tadqiqot va loyihalash instituti, Toshkent davlat texnika universiteti, Rossiya davlat neft` va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali, DSc.27.06.2017.GM/T.41.01.
Rasmiy opponentlar: Raximov Anvarxodja Akbarxodjievich, texnika fanlari doktori; Mamadjanov El`zod Ulmasovich, texnika fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: «O‘zburneftgaz» AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: anomal holatlar natijasida yuzaga keladigan asoratlar va avariyalarning oldini olish va bartaraf etish orqali quduqlarni qurish jarayonini jadallashtirishning takomillashtirilgan metodikasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
quduqlarning tanasi atrofi zonasida gilli qobiqning siqiluvchanligini hisobga olgan holda fil`tratsiya xarakterini sifat jihatdan baholash imkonini beradigan yangi nazariy bog‘liqliklar asoslangan;
«quduq-qatlam» tizimida bosimning pasayishi ta’sirida burg‘ilash jihozining siqilish kuchini aniqlash usuli ishlab chiqilgan;
quduq devorlarini tashkil etgan gilli jinslarning barqarorligiga siklik gidrodinamik va termik yuklanishlar ta’siri aniqlangan;
chuqur quduqlarda termik yuklanishlarning mexanik yuklanishlarga nisbatan birmuncha xavfliligi isbotlangan;
gilli jinslardan tarkib topgan quduq devori barqarorligi oshish darajasining ko‘p jihatdan yuvish suyuqligining mineralizatsiyasiga bog‘liqligi eksperimental isbotlangan;
miqdorlarning eksperimental olingan qiymatlari va suvli eritmalarda har xil genezisli gillar va bo‘rning elektrokinetik potensiallari ishoralari asosida poliakrilamid (PAA)ning gillarga nisbatan yuqori agregirlash va bo‘rga nisbatan barqarorlash qobiliyati aniqlangan;
yutilish sodir bo‘lishining nisbiy chastotasi va ushbu maydonning tektonik buzilishlarning eng yaqin chizig‘igacha bo‘lgan masofa orasidagi korrelyasion bog‘liqlik aniqlangan;
gravitatsiya (og‘irlik) kuchidan foydalanishga asoslangan o‘tkazuvchanligi yuqori bo‘lgan darzli qatlamlarda yuvish suyuqligini katastrofik yutilish zonalarini cho‘yan parchalari bilan berkitishning yangi usuli ishlab chiqilgan;
tushirish-ko‘tarish operatsiyalarini amalga oshirishda quduq tubi bosimi o‘zgarishini aniqlash metodi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Murakkab sharoitlarda quduqlarni burg‘ilashda asoratlar va avariyalarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
gilli qobiqning zichlanishini hisobga olib burg‘ilash kolonnasining siqilish kuchi miqdorini aniqlash orqali siqilishni bartaraf etish usuli Isavoy maydonidagi 1-son quduqda joriy qilingan («O‘zbekneftgaz» AJning 2018 yil 5 dekabrdagi 02-14/1-26-8289-son ma’lumotnomasi). Natijada quduqda 2608 m chuqurlikda siqilib qolgan burg‘ilash kolonnasini chiqarib olish va ushbu asoratni bartaraf etish imkonini bergan;
anomal past bosimli yuqori o‘tkazuvchan va darzli qatlamlarda yuvish suyuqligining katastrofik yutilishini bartaraf etish usuli Janubiy Kemachi konidagi 147-son va Alan konidagi 197-son quduqlarda joriy etilgan («O‘zbekneftgaz» AJning 2018 yil 5 dekabrdagi 02-14/1-26-8289-son ma’lumotnomasi). Natijada asoratni bartaraf etish vaqti, materiallar va tashkiliy ishlar xarajatlarini qisqartirish imkonini bergan;
gaz-neft` chiqishi va ochiq favvoralarning oldini olish usuli Uchtepa konidagi 5-quduqda joriy qilingan («O‘zbekneftgaz» AJning 2018 yil 5 dekabrdagi 02-14/1-26-8289-son ma’lumotnomasi). Natijada mahsuldor qatlamdan flyuidlarni namoyon bo‘lishini oldi olingan, gaz-neft` chiqishini bartaraf etish vaqtini qisqartirish va quduqni qurish muddatini tezlashtirish imkonini bergan.