Xayitov Bobur Ne’mat o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘quv mashg‘ulot guruhida gandbolchi darvozabonlarni yillik mashg‘ulotlarda texnik tayyorgarligini rivojlantirish”, 13.00.04–Jismoniy tarbiya, sport mashg‘ulotlari, sog‘lomlashtirish va adaptiv jismoniy tarbiya nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Ped7682.
Ilmiy rahbar: Mo‘minov Abrorbek Shavkatovich, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti.
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, DSc.28/2025.27.12.Ped.02.01.
Rasmiy opponentlar: Raximov Vladimir Shavkatovich, pedagogika fanlari doktori (DSc), professor; Kuralbaev Azizbek Kuralbaevich, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘quv mashg‘ulot guruhida darvozabonlarni yillik mashg‘ulotlarida texnik tayyorgarligini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
gandbol sport turida darvozabonlarning yillik tayyorgarlik davrlarida texnik tayyorgarligini rivojlantirish metodikasini qo‘llash asosida musobaqa jarayonidagi tezkor hujumlarni bartaraf etish, qisqa vaqt ichida qaror qabul qilish, to‘purarlar harakatini oldindan to‘g‘ri baholash hamda tezkor reaksiya asosida zarbalarni qaytarish va o‘yin vaziyatini nazorat qilish imkoniyatlarini takomillashtirish hisobiga darvozabonlarning himoyadagi samarali harakat qilish imkoniyatlari kengaytirilgan;
darvozabon o‘yin texnikasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan uch blokli mashqlar majmuasiga turli masofalardan to‘pni uzatish, ilish va qaytarish, maydon o‘yinchilari bilan muvofiqlashtirilgan o‘zaro texnik harakatlarni bajarish hamda qo‘l va oyoqlar yordamida to‘pni qaytarish usullarini yuklama me’yorlariga muvofiq izchil qo‘llash mexanizmlarini kiritish hisobiga darvozabonlarning o‘yin texnikasini operativ boshqarish tizimi takomillashtirilgan;
darvozabonlarni real o‘yin vaziyatlariga moslashtirishga yo‘naltirilgan texnik tayyorlash moduliga hujumchilar harakatini oldindan aniqlash, o‘yin vaziyatini tezkor baholash, darvozaga yo‘naltirilgan to‘pga to‘siq qo‘yish hamda raqib zarbalariga tezkor qarshi harakat qilish usullarini integratsiyalash hisobiga turli yo‘nalish va tezlikdagi, jumladan murakkab hamda aldamchi harakatlar bilan amalga oshiriladigan zarbalarni qaytarish texnikasi takomillashtirilgan;
darvozabonlarni texnik tayyorlash jarayonida maydon o‘yinchilarining hududiy hujumdagi yo‘nalish o‘zgarishlarini hisobga olgan holda 5+1 va 4+2 aralash himoya taktik tizimlarida darvozabonning texnik harakatlarini tezkorlik, koordinatsiya va maxsus jismoniy tayyorgarlik komponentlari bilan o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirish mexanizmini qo‘llash hisobiga o‘quv-mashg‘ulot guruhidagi darvozabonlarning texnik tayyorgarligini takomillashtirish imkoniyatlari kengaytirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘quv mashg‘ulot guruhida darvozabonlarini yillik mashg‘ulotlarida texnik tayyorgarligini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan nazariy va amaliy takliflar asosida:
gandbol sport turida darvozabonlarning yillik tayyorgarlik davrlarida texnik tayyorgarligini rivojlantirish metodikasini qo‘llash asosida musobaqa jarayonidagi tezkor hujumlarni bartaraf etish, qisqa vaqt ichida qaror qabul qilish, to‘purarlar harakatini oldindan to‘g‘ri baholash hamda tezkor reaksiya asosida zarbalarni qaytarish va o‘yin vaziyatini nazorat qilish imkoniyatlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi gandbol jamoasi mashg‘ulotlariga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sport  vazirligining 2025-yil 18-avgustdagi 02-16/8729-son ma’lumotnomasi).  Natijada, qarshi hujumga chiqish uchun atrif pas berish harakatini bajarish samaradorligi 13,8%ga yaxshilangan;
darvozabon o‘yin texnikasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan uch blokli mashqlar majmuasiga turli masofalardan to‘pni uzatish, ilish va qaytarish, maydon o‘yinchilari bilan muvofiqlashtirilgan o‘zaro texnik harakatlarni bajarish hamda qo‘l va oyoqlar yordamida to‘pni qaytarish usullarini yuklama me’yorlariga muvofiq izchil qo‘llash mexanizmlaridan foydalanish bo‘yicha taklif va tavsiyalar Sirdaryo viloyati gandbol terma jamoasi mashg‘ulotlariga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligining 2025-yil 18-avgustdagi 02-16/8729-son ma’lumotnomasi).  Natijada, joyidan turib 500 g to‘pni asosiy qo‘lda uloqtirish harakatini bajarish samaradorligi 12,6%ga yaxshilangan;
darvozabonlarni real o‘yin vaziyatlariga moslashtirishga yo‘naltirilgan texnik tayyorlash moduliga hujumchilar harakatini oldindan aniqlash, o‘yin vaziyatini tezkor baholash, darvozaga yo‘naltirilgan to‘pga to‘siq qo‘yish hamda raqib zarbalariga tezkor qarshi harakat qilish usullarini integratsiyalash bo‘yicha taklif va tavsiyalar Toshkent shahar sportning o‘yin turlari va engil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi o‘quv-mashg‘ulot guruhi gandbolchilarining mashg‘ulot jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sport  vazirligining 2025-yil 18-avgustdagi 02-16/8729-son ma’lumotnomasi). Natijada, darvozabonning o‘yin texnikasi o‘rtacha 14,7% ga yaxshilangan;
darvozabonlarni texnik tayyorlash jarayonida maydon o‘yinchilarining hududiy hujumdagi yo‘nalish o‘zgarishlarini hisobga olgan holda 5+1 va 4+2 aralash himoya taktik tizimlarida darvozabonning texnik harakatlarini tezkorlik, koordinatsiya va maxsus jismoniy tayyorgarlik komponentlari bilan o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani sport maktabi gandbol mashg‘ulotlar jarayoniga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Sport  vazirligining 2025-yil 18-avgustdagi 02-16/8729-son ma’lumotnomasi). Natijada, darvozadan darvozaga to‘p kiritish texnik harakatini aniq bajarish samaradorligi 15,5 ga % yaxshilangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish