Askarov Ollabergan Ikrom o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘ida agrobioxilma-xillik evolyusiyasi: neolit–ilk temir davri madaniy o‘simliklar arxeobotanikasi”, 07.00.06 – Arxeologiya.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Tar817
Ilmiy rahbar: Farhod Maqsud Alijon o‘g‘li, tarix fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Antropologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Antropologiya instituti, DSc.05/2025.27.12.Tar.04.01.
Rasmiy opponentlar: O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti professori, akademik A.S.Sagdullaev va Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti direktori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) M.M.Saidov.
Yetakchi tashkilot: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘ida ilk dehqonchilikning shakllanish bosqichlarini, madaniy o‘simliklarning tarqalishini va inson faoliyatining ekologik muhitga ta’sirini arxeobotanik tahlillar asosida ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Janubiy Turkmaniston va Ettisuv-Sharqiy Turkiston hududlaridagi neolitik paket yodgorliklaridan topilgan ekin qoldiqlarining geografik taqsimoti qiyosiy tahlil qilinib, ekin tarkibining Mesopotamiya (bug‘doy, arpa, qo‘y, echki) yoki Xitoy (tariq, cho‘chqa, keyinchalik guruch) markazlariga yaqinlik darajasiga qarab shakllanganligi aniqlandi va O‘rta Osiyoning aniq bitta xonakilashtirish markaziga emas, balki ikki yirik markaz o‘rtasidagi tranzit moslashuv zonasi sifatida shakllanganligi arxeobotanik dalillar asosida isbotlangan.
O‘rta Osiyo Ikkidaryo oralig‘ining qurg‘oqchil iqlim sharoitida murakkab jamiyatlar yuzaga kelishining o‘ziga xos, mustaqil modeli ekanligi isbotlandi. Mintaqa bir vaqtning o‘zida Mesopotamiya va Xitoy neolitik paketlari o‘rtasidagi tranzit-aralashtiruvchi zona, tashqaridan kirib kelgan ekinlarning ikkilamchi xilma-xillik markazi, hamda tog‘oldi zonalarida bir qator ekinlar uchun birlamchi genetik kelib chiqish markazi vazifasini bajargan. Bu uch xususiyatning bir hududda birikuvi jahon arxeobotanikasida boshqa hech qanday mintaqada qayd etilmagani dalillangan;
O‘rta Osiyo Ikkidaryo oralig‘i tog‘oldi zonalari bir qator mevali va yong‘oqli daraxt ekinlari, xususan uzum, yong‘oq, pista va o‘rik, uchun mustaqil, birlamchi genetik kelib chiqish markazi bo‘lganligi isbotlandi. Shu bilan birga, mintaqaning faqat tashqaridan kirib kelgan ekinlarni qabul qiluvchi tranzit hudud emas, balki o‘zining mustaqil genetik salohiyatiga ega ekanligi ham asoslangan;
Olmaning arxeologik kontekstda miloddan avvalgi I ming yillikkacha deyarli uchramasligi, Markaziy Osiyoda (Gonur-depa va Tuzusay) uning genetik jihatdan qadimiy kelib chiqish markaziga ega ekanligiga qaramay, nashr etilgan tadqiqotlar tahlili asosida o‘rganildi. Ushbu ziddiyatning sababi olmaning o‘z-o‘zini changlantira olmasligi va urug‘dan ekilganda ota-ona xususiyatlarini saqlamasligi, shu sababli uni faqat payvandlash orqaligina barqaror ko‘paytirish mumkin bo‘lganligi bilan izohlanadi. Shu asosda, ekinning genetik kelib chiqish markazi qanchalik qadimiy bo‘lmasin, uni ko‘paytiradigan texnologiya keng tarqalmaguncha u arxeologik topilmalarda deyarli aks etmasligi ilmiy jihatdan isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: “O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘ida agrobioxilma-xillik evolyusiyasi: neolit–ilk temir davri madaniy o‘simliklar arxeobotanikasi” mavzusidagi dissertatsiya bo‘yicha qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar asosida:
Janubiy Turkmaniston va Ettisuv-Sharqiy Turkiston hududlaridagi neolitik paket yodgorliklaridan topilgan ekin qoldiqlarining geografik taqsimoti qiyosiy tahlil qilinib, ekin tarkibining Mesopotamiya (bug‘doy, arpa, qo‘y, echki) yoki Xitoy (tariq, cho‘chqa, keyinchalik guruch) markazlariga yaqinlik darajasiga qarab shakllanganligi aniqlandi va O‘rta Osiyoning aniq bitta xonakilashtirish markaziga emas, balki ikki yirik markaz o‘rtasidagi tranzit moslashuv zonasi sifatida shakllanganligi arxeobotanik dalillar asosida isbotlanganni hamda yong‘oqning (Juglans regia) eng yuqori genetik xilma-xilligi an’anaviy tasavvurdagi Arslanbobdan farqli o‘laroq Sariosiyo hududida qayd etilgani to‘g‘risidagi ilmiy natijalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Ibtido” va “Ekspedisiya” ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi davlat muassasasi tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2025-yil 28-oktyabrdagi 01-33/806-sonli ma’lumotnomasi). Natijalar O‘zbekistonning tarixi va madaniy merosini targ‘ib qilishga xizmat qilgan.
O‘rta Osiyoda neolitdan temir davrigacha dehqonchilik tizimining shakllanishi Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona va Murg‘ob vohalarida Joytun, Sopollitepa, Jarqo‘ton, Sarazm, Zamonbobo, Qiziltepa va Adji-Kui kabi yirik arxeologik majmualar negizida qayd etilgani, bu jarayonda Yaqin Sharqdan kirib kelgan bug‘doy va arpa asosidagi “qishki ekinlar jamlanmasi” mahalliy endemik flora bilan uyg‘unlashib voha-tog‘ tizimida ikki yo‘nalishli agrar model (sug‘orma vohalarda qishki donlar, tog‘oldi hududlarda bahoriy arpa) shakllantirgani, miloddan avvalgi IV–III mingyilliklarda Namozgoh–Sarazm madaniy qatlamlarida sug‘orma dehqonchilik va chorvachilik uyg‘un tizim hosil qilgani, miloddan avvalgi II–I mingyilliklarda Sopollitepa, Gonur va Jarqo‘ton markazlarida irrigatsiya tarmoqlari orqali don etishtirish va bog‘dorchilik rivojlangani, jumladan aynan shu yodgorliklardan topilgan uzum (Vitis vinifera) urug‘larining to‘rtta alohida morfotipga farqlangani haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, Xalqaro “Oltin Meros” xayriya jamoat fondiga qarashli “Avesto” muzeyiga arxeobotanik materiallar topshirilgan (Xalqaro “Oltin Meros” xayriya jamoat fondining 2023-yil 18-iyuldagi 01-39-18/07-23-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu topilmalar muzey fondini boyitish bilan bir qatorda tashrif buyuruvchilarda mintaqaning qadimgi dehqonchilik va bog‘dorchilik tarixi haqidagi bilimlarini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish