Xasanova Maxfuza Shuxratovnaning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Sellyulozali aralash tolali to‘qimachilik materiallarini pardozlashning ilmiy texnologik asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiya ishi.
 05.06.02 – “To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xomashyoga dastlabki ishlov berish” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.DSc/T977.
Ilmiy maslahatchi: Nabieva Iroda Abdusamatovna, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti, DSc.03/2025.27.12.T.21.01.
Rasmiy opponentlar: Kadirova Dilfuza Neymatovna, texnika fanlari doktori, professor; Ismailov Ravshan Israilovich, kimyo fanlari doktori, professor; Valiev Gulam Nabidjanovich, texnika fanlari doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tarkibida paxta va kimyoviy tolalar bo‘lgan to‘qimachilik materiallarini pardozlashga tayyorlash va bo‘yash jarayonlarining ilmiy texnologik asoslarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sellyuloza asosli tolalarning fizik-kimyoviy, jumladan strukturaviy, IQ-Fur`e, SEM tahlillari asosida regenerirlangan bambuk tolasining kristallanish darajasi, sorbsion xossalari va morfologik tuzilishi bo‘yicha uni paxta tolasi bilan turli nisbatlardagi to‘qimachilik materiallarini ishlab chiqarishda qo‘llash imkoniyati ilmiy asoslangan;
tarkibida turli nisbatlarda paxta va regenerirlangan bambuk iplari bo‘lgan matoni fizik-mexanik va gigienik xossalarini yuqori darajadagi aniqlik bilan oldindan bashoratlash imkoni modellarning korrelyasiya indeksi, determinatsiya koeffisienti, o‘rtacha approksimatsiya xatoligi va Teyl koeffisienti orqali asoslangan;
an’naviy usulda qaynatib-oqartirilgan paxta ipiga xona haroratida 10% li ishqor eritmasi bilan 5 daqiqa davomida ishlov berish yoki xom paxta ipini 700C haroratda 30 g/l li ishqor eritmasida 45 daqiqa davomida qaynatib-oqartirish jarayonlarida ipning kapillyarligi va morfologik xususiyatlarini regenerirlangan bambuk ipi ko‘rsatkichlariga muvfiqlashganligi fizik-kimyoviy tahlillar asosida aniqlangan;
diffuziya koeffisienti qiymatlarining yuqoriligi bo‘yash jarayoni davomiyligini qisqartirish, entropiya qiymati, ya’ni bambuk tashkil etuvchida bo‘yovchi modda molekulalarini bir qadar tartibli joylashganligi, bo‘yash eritmasida elektrolit konsentratsiyasini kamaytirish imkonini berishi birinchi marta aniqlangan;
aralash ipli matolarning fizik-mexanik (to‘qimani o‘rilish turi bo‘yicha) va koloristik xossalari (rang intensivligi va ravonligi bo‘yicha) shakllanishining nazariy qonuniyatlari tizimlashtirildi hamda mato mustahkamligi va rang sifat ko‘rsatkichlarini oldindan baholash modellari yaratildi. Ishlab chiqilgan matematik modellarning tajriba nuqtalariga mosligi va real texnologik jarayonni ifodalay olishi Fisher mezonining hisobiy va jadval qiymatlari qiyosiy tahlili orqali isbotlangan;
        tarkibida bambuk ipi ulushi 40% va undan ortiq bo‘lgan matolarda melanj effektini bartaraf etish va rang ravonligini ta’minlash maqsadida yangi texnologik yondoshuv, ya’ni paxta ipini to‘qish jarayonidan oldin pardozlashga tayyorlash, so‘ngra to‘qish va kimyoviy pardozlash tizimi ilmiy va texnologik jihatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:  Paxta va regenerirlangan bambuk tolali to‘qimachilik materiallarini pardozlashning ilmiy texnologik asoslarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy va tajribaviy tadqiqot natijalari asosida:
paxta tolali kalava iplarni 700C va 800C haroratlarda yuqori konsentratsiyadagi ishqor eritmalarida qaynatish-oqartirish xamda, 10 daqiqa davomida 5%-li o‘yuvchi ishqor bilan ishlov berish jarayoni «RAINBOW TEKS» MChJ korxonasida ishlab chiqarishga joriy qilingan (“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 30.07.2026 yildagi №01/06-1110 ma’lumotnomasi). Natijada yuqori mustahkamlikdagi paxta va bambuk ipi asosidagi matolarni har ikkala tolaviy substratlarida bir xil intensivlikdagi ranglarni olish, bo‘yalgan paxta iplarining kimyoviy va sorbsion faolligini oshirish, rang tusi, rang yorqinligi va rang to‘yinganligini bambuk ipiga maksimal darajada moslashtirish orqali aralash ipli mato rang ravonligiga erishilgan;
50:50 nisbatdagi sellyuloza iplari asosidagi matolarni uzlukli usulda pardozlashga tayyorlash va bo‘yash jarayoni «TURON-TEX» MChJ korxonasida ishlab chiqarishga joriy qilingan (“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 30.07.2026 yildagi №01/06-1110 ma’lumotnomasi). Ushbu texnologiyani qo‘llash natijasida, turli tabiatli tolaviy komponentlardan iborat bo‘lgan to‘qimachilik materiallarida bir xil intensivlik va tusdagi ranglarni hosil qilishga erishilgan;
           60:40 nisbatdagi paxta-bambuk aralash ipli matolarni bo‘yash jarayoni “WESTEX” MChJ korxonasida ishlab chiqarishga joriy qilingan (“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 30.07.2026 yildagi №01/06-1110 ma’lumotnomasi). Natijada tanda iplari 100% paxta va arqoq iplari 40% gacha bambuk iplaridan to‘qilgan gazlamani uzluksiz usulda pardozlashga tayyorlash va aktiv bo‘yovchi modda bilan bo‘yash texnologiyasini joriy etish orqali, aralash ipli to‘qimachilik materiallarida bir xil koloristik xossali ranglar hosil qilish imkoniyatlari yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish