Kosimov Xusanboy Xaydarovichning
texnika fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Paxtani ishlab chiqarishga uzatish jarayoni samaradorligini oshiruvchi qurilmani yaratish va parametrlarini asoslash” 05.02.03–Texnologik mashinalar. Robotlar, mexatronika va robototexnika tizimlari ixtisosligi bo‘yicha (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.DSc/T 756
Ilmiy rahbar: Muradov Rustam Muradovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Namangan davlat texnika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/2025.27.12.T.15.02 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Muxamadiev Davlat Mustafoevich, texnika fanlari doktori, professor, Rasulov Ro‘zimurod Xasanovich, texnika fanlari doktori, professor, Yuldashev Kozimjon Komiljonovich, texnika fanlari doktor, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: paxtani ishlab chiqarish jarayoniga uzatishda texnologik uzlyuksizlikni ta’minlovchi, energiya tejamkor va yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan yangi konstruksiyadagi qurilmani yaratish, uning konstruktiv-parametrik ko‘rsatkichlarini asoslash hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan texnologik echimlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ta’minlagichda paxta oqimi qatlamining balandligi va titib tekislovchi qoziqli barabanning ta’sirini hisobga oluvchi matematik model asosida transportyor lentasi tezligini rostlash qonuniyati aniqlanib, qurilma ish unumdorligining barqarorligini ta’minlovchi avtomatik boshqaruv uskunasi yaratilgan.
paxtani texnologik jarayonga bir me’yorda uzatishning nazariy modeli va paxta oqimining qatlam balandligi, transportyor tezligi, titib tekislovchi qoziqli baraban ish rejimi o‘rtasidagi bog‘lanishlar asosida transportyor tezligini avtomatik rostlash algoritmi ishlab chiqilgan.
paxtani mayda iflosliklardan tozalash samaradorligini oshirish maqsadida paxta bo‘lakchalarining ishchi zonadagi harakat traektoriyasi va iflosliklarning ajralish shartlari asosida takomillashtirilgan to‘rli yuzaga ega yangi konstruksiyadagi tozalash qurilmasi ishlab chiqilgan;
ta’minlagichda uch qatorli qoziqli baraban qoziqlarining paxta bo‘lakchalariga ta’siri, ularning harakat traektoriyasi va qatlamning tekislanish darajasini belgilovchi konstruktiv-kinematik parametrlarning ta’sir qonuniyatlarini aniqlashning matematik modeli ishlab chiqilgan.
taklif etilgan qurilmada qoziqli baraban qoziqlari, paxta bo‘lakchalari va to‘rli yuza o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir kuchlari asosida paxta bo‘lakchalarining harakatlanish va mayda iflosliklardan ajratish jarayonining matematik modeli ishlab chiqilgan.
paxta oqimining ortiqcha qatlamini qaytarish, xomashyoni titish va tekislash jarayonlarining o‘zaro bog‘liqligi asosida titib-tekislovchi qoziqli barabanning texnologik jarayonga bir maromda uzatishni ta’minlovchi ish rejimi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Paxta xomashoyisini texnologik jarayonga bir me’yorda uzatish va iflosliklardan tozalash qurilmasining konstruksiyasini tadqiq etish hisobiga olingan ilmiy ishlar natijalari asosida:
yangi konstruksiyadagi ta’minlovchi-tozalagich qurilmasi Namangan tumani “Toshbuloq Teks” MChJ tizimidagi paxta tozalash korxonasida ishlab chiqarishga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2025-yil 2-maydagi 03/25-932-son ma’lumotnomasi). Natijada paxtani dastlabki qayta ishlash korxonalarida paxtani texnologik jarayoniga bir me’yorda uzatib berish hamda iflosliklardan samarali tozalash imkoniyati yaratilgan;
paxtani bir me’yorda uzatib beruvchi ta’minlagichning ishchi organlari va konstruktiv parametrlari korxona sharoitiga moslashtirilgan holda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2025-yil 2-maydagi 03/25-932-son ma’lumotnomasi). Natijada, me’yoriy qatlam balandligini ta’minlash maqsadida, qoziqli baraban ta’sirida transportyor lentadagi ortiqcha paxta oqimining 70–73 % qismi qaytarilib, ya’ni 3,3–3,7 barobarga kamaytirish imkoniyati taʼminlangan;
paxtani iflosliklardan tozalovchi tozalagich qurilmasining gorizontal o‘qqa nisbatan 450 burchak ostida o‘rnatish va to‘rli yuza radiusini 600 mm etib tanlash bo‘yicha aniqlangan maqbul parametrlar ishlab chiqarish jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2025-yil 2-maydagi 03/25-932-son ma’lumotnomasi). Natijada, Natijada paxtaning mayda iflosliklardan tozalanish samaradorligi 71,8 % oshirilishiga, chigit shikastlanishi 2,4 % ga kamayishiga erishilgan.
yangi konstruksiyadagi ta’minlovchi-tozalagich qurilmasining konstruktiv-texnologik echimi Namangan tumani “Toshbuloq Teks” MChJ tizimidagi paxta tozalash korxonasining ishlab chiqarish sharoitida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2025-yil 2-maydagi 03/25-932-son ma’lumotnomasi). Natijada, qurilmaning energetik samaradorligi tasdiqlanib, elektr energiyasi sarfi mavjud qurilmaga nisbatan 3,0 kVt/soatga, ya’ni 28,6 % ga kamayishiga erishilgan.