Shomurodov Akmal Yangiboy o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalarda og‘ir qo‘shma bosh miya jarohatlarida intensiv terapiya asoslari», 14.00.37 – Anesteziologiya va reanimatologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Tib4357.
Ilmiy rahbar: Muhitdinova Hura Nuritdinovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Bolalar milliy tibbiyot markazi, DSc.06/2025.27.12.Tib.07.01.
Rasmiy opponentlar: Yusupov Anvar Sobirovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Eshonov Olim Shoyimqulovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bolalarda og‘ir qo‘shma bosh miya jarohatining o‘tkir davrida gemodinamika reaksiyasining yoshga xos xususiyatlari va sirkad ritmlarini o‘rganish asosida intensiv davolashni optimallashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
og‘ir qo‘shma bosh miya jarohati olgan bolalarda jonlantirish va intensiv davolash sharoitida ilk bor gemodinamika, nafas olish va tana harorati ko‘rsatkichlari sirkad ritmining fazaviy tahlili uzaytirilgan soatbay monitoring usuli bilan birgalikda qo‘llanilgan hamda sirkad ritm tuzilmasidagi buzilishlar (mezor, amplituda, akrofaza va batifaza o‘zgarishlari) patologik siljishlarni erta aniqlash va asoratlar rivojlanishining oldini olishi asoslangan;
bola organizmining og‘ir qo‘shma bosh miya jarohatiga moslashuv reaksiyalarini yosh toifalari (3 oylikdan 3 yoshgacha, 3–7 yosh va 7–18 yosh) hamda jarohat og‘irligiga (ISS va Glazgo shkalalari asosidagi 3 ta kichik guruh) ko‘ra tabaqalashtirilgan holda o‘rganish natijasida gemodinamik ko‘rsatkichlarning o‘rtacha sutkalik qiymatlari barqaror meʼyorda saqlangan holatlarda ham sirkad ritmlarning fazaviy buzilishlarini tahlil qilish orqali yashirin patologik tafovutlar aniqlangan;
korrelyasion tahlil yordamida travmatik kasallikning o‘tkir davrida kompensator reaksiyalar shakllanishining o‘ziga xos qonuniyatlari ochib berildi, jarohat og‘irlashgan sari gemodinamika va nafas olish ko‘rsatkichlarining kompensator javobi susayib borishi asoslangan;
prospektiv qiyosiy izlanishlar natijasida kasallikning dastlabki o‘n kunligida fentanil (52,6±20,9 mkg/kg/sut), propofol (26,7±8,4 mg/kg/sut) va arduanning (0,24±0,13 mg/kg/sut) uzlyuksiz infuziyasi yuqori stress-protektiv samara berishi isbotlandi hamda mazkur dozalash rejimi 7 yoshdan oshgan eng og‘ir ahvoldagi bemorlarda og‘ir qo‘shma bosh miya jarohatining o‘tkir davrida kompensator reaksiyalarning adekvat tiklanishini ta’minlashi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot doirasida «Bolalarda og‘ir qo‘shma bosh miya jarohatlarining o‘tkir davrida intensiv davolashni optimallashtirish» nomli uslubiy tavsiyanoma ishlab chiqilgan (Ilmiy kengashining 2025-yil 26-fevraldagi 48-son bayonnomasi bilan tasdiqlangan), shuningdek, tadqiqot natijalari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent viloyati filiali (13.05.2025 y., №49) va Toshkent shahar 2-son shahar bolalar xirurgik klinik shifoxonasi (04.03.2025 y., №80) buyruqlari bilan klinik amaliyotga joriy etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashining 2025 yil 7 oktyabrdagi №26/59-sonli yig‘ilish bayonnomasi asosida berilgan xulosasiga binoan:
Birinchi ilmiy yangilik: og‘ir qo‘shma bosh miya jarohati olgan bolalarda jonlantirish va intensiv davolash sharoitida ilk bor gemodinamika, nafas olish va tana harorati ko‘rsatkichlari sirkad ritmining fazaviy tahlili uzaytirilgan soatbay monitoring usuli bilan birgalikda qo‘llanilgan hamda sirkad ritm tuzilmasidagi buzilishlar (mezor, amplituda, akrofaza va batifaza o‘zgarishlari) patologik siljishlarni erta aniqlash va asoratlar rivojlanishining oldini olishi asoslanganligi tadqiqot doirasida ishlab chiqilgan uslubiy tavsiyanoma mazmuniga kiritilgan va klinik amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy ahamiyati: tungi patologik siljishlarni (O‘YuE, gospital pnevmoniya, O‘NE) klinik manifestatsiyadan ancha oldin aniqlash yuqori xavfli bemorlarda o‘z vaqtida taktik korreksiya o‘tkazish imkonini bergan, bu esa bolalar hayotini saqlash, nogironlikning oldini olish va oilalarning psixologik-moliyaviy yukini kamaytirishni ta’minlagan. Iqtisodiy samaradorligi: 108 nafar bemorning 30 foizida (32 nafar) ventilyasiya rejimi o‘zgarishi va ikkilamchi asoratlar (gospital pnevmoniya, O‘NE, O‘YuE) xavfi kuzatilgan; soatbay monitoring va sirkad ritmlar fazaviy tahlilini joriy etish natijasida ularning yarmida (16 nafar) og‘ir oqibatlarning oldi olingan. Mazkur bemorlarda o‘pka sun’iy ventilyasiyasi (O‘SV) davomiyligi o‘rtacha 3 kunga, reanimatsiya va intensiv davolash bo‘limida (RIDB) yotish muddati 5 kunga qisqargan, takroriy MSKT tekshiruviga ehtiyoj 1 martaga kamaygan va 5 kunlik maqsadli antibiotikoterapiya zarurati bartaraf etilgan. Natijada 1 bemor hisobiga 9 908 975 so‘m, 16 nafar bemor bo‘yicha jami 158 543 600 so‘m davlat byudjeti mablag‘lari iqtisod qilingan. Xulosa: sirkad ritmlar fazaviy tahlili va uzaytirilgan soatbay monitoringning klinik amaliyotga joriy etilishi yashirin patologik o‘zgarishlarni klinik manifestatsiyadan oldin aniqlash orqali og‘ir asoratlarning oldini olib, byudjet mablag‘larini sezilarli tejashni ta’minlagan.
Ikkinchi ilmiy yangilik: bola organizmining og‘ir qo‘shma bosh miya jarohatiga moslashuv reaksiyalarini yosh toifalari (3 oylikdan 3 yoshgacha, 3–7 yosh va 7–18 yosh) hamda jarohat og‘irligiga (ISS va Glazgo shkalalari asosidagi 3 ta kichik guruh) ko‘ra tabaqalashtirilgan holda o‘rganish natijasida gemodinamik ko‘rsatkichlarning o‘rtacha sutkalik qiymatlari barqaror meʼyorda saqlangan holatlarda ham sirkad ritmlarning fazaviy buzilishlarini tahlil qilish orqali yashirin patologik tafovutlar aniqlanganligi tadqiqot doirasida ishlab chiqilgan uslubiy tavsiyanoma mazmuniga kiritilgan va klinik amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy ahamiyati: davolashni bolaning yoshi va jarohat og‘irligiga qarab personallashtirish gemodinamik dekompensatsiya hamda qaytmas kardial asoratlar (surunkali yurak etishmovchiligi) xavfini kamaytirib, bolalarning funksional salomatligini saqlashga xizmat qilgan. Iqtisodiy samaradorligi: an’anaviy davolashda eng og‘ir (3-kichik guruh) bemorlarda RIDBda yotish muddati 28–31,2 kunni tashkil etib, miya shishi sababli 20% li albuminning takroriy kurslari talab etilgan. Tabaqalashtirilgan yondashuv natijasida RIDBda davolanish muddati o‘rtacha 6 kunga qisqargan (RIDBda bir koyka-kun xarajati oddiy bo‘limdagidan 3,78 marta yuqori bo‘lgani sababli ushbu davrdagi xarajatlar 73,5% ga kamaygan), 20% li albumin sarfi esa 12 flakondan 4 flakongacha (66,7% ga) qisqargan. Mazkur ikki asosiy xarajat turi bo‘yicha umumiy xarajatlar 69,2% ga (3,24 baravar) kamayib, 1 bemor hisobiga 15 719 400 so‘m, 3-kichik guruhdagi 31 nafar bemor bo‘yicha jami 487 301 400 so‘m (31 × 15 719 400) davlat byudjeti mablag‘lari iqtisod qilingan. Xulosa: yosh va jarohat og‘irligiga asoslangan individual davolash protokoli eng og‘ir bemorlarning RIDBda yotish muddatini qisqartirish hamda qimmatbaho infuzion terapiyani optimallashtirish hisobiga yuqori iqtisodiy samara bergan.
Uchinchi ilmiy yangilik: korrelyasion tahlil yordamida travmatik kasallikning o‘tkir davrida kompensator reaksiyalar shakllanishining o‘ziga xos qonuniyatlari ochib berildi, jarohat og‘irlashgan sari gemodinamika va nafas olish ko‘rsatkichlarining kompensator javobi susayib borishi asoslanganligi shu asosda patogenetik «zararli doira»ni uzish strategiyasi ishlab chiqilganligi tadqiqot doirasida ishlab chiqilgan uslubiy tavsiyanoma mazmuniga kiritilgan va klinik amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy ahamiyati: kompensator reaksiyalar sustligini miqdoriy ko‘rsatkichlar orqali erta aniqlash va «zararli doira»ni uzish takroriy jarrohlik, uzoq muddatli O‘SV, surunkali yurak etishmovchiligi va vegetativ holatning oldini olib, bolalarda nogironlik (50%) va nevrologik defisit (75%) chastotasini kamaytirgan. Iqtisodiy samaradorligi: «zararli doira» ishga tushgan bemorlarda o‘tkir yurak etishmovchiligi va tungi dekompensatsiya fonida o‘rtacha 2 ta takroriy neyroxirurgik aralashuv, O‘SVning 7 sutkaga uzayishi va 4 sutkalik takroriy RIDB sikli talab etilgan; bunday xavf 108 bemordan 24 nafarida (22,2%) kuzatilgan. Davolashni korrelyasion tahlil asosida o‘z vaqtida korreksiya qilish ushbu xarajatlarning oldini olib, 1 bemor hisobiga 14 438 000 so‘m (takroriy RIDB sikli – 5 548 000, O‘SV – 4 690 000, takroriy operatsiyalar – 4 200 000 so‘m), 24 nafar bemor bo‘yicha jami 346 512 000 so‘m davlat byudjeti mablag‘lari iqtisod qilingan. Xulosa: kompensator reaksiyalarning korrelyasion tahliliga asoslangan «zararli doira»ni uzish strategiyasi takroriy neyroxirurgik amaliyotlar, O‘SV va RIDBda yotish muddatlarini kamaytirib, byudjet mablag‘larini sezilarli tejashni ta’minlagan.
To‘rtinchi ilmiy yangilik: prospektiv qiyosiy izlanishlar natijasida kasallikning dastlabki o‘n kunligida fentanil (52,6±20,9 mkg/kg/sut), propofol (26,7±8,4 mg/kg/sut) va arduanning (0,24±0,13 mg/kg/sut) uzlyuksiz infuziyasi yuqori stress-protektiv samara berishi isbotlandi hamda mazkur dozalash rejimi 7 yoshdan oshgan eng og‘ir ahvoldagi bemorlarda og‘ir qo‘shma bosh miya jarohatining o‘tkir davrida kompensator reaksiyalarning adekvat tiklanishini ta’minlashi aniqlanganligi tadqiqot doirasida ishlab chiqilgan uslubiy tavsiyanoma mazmuniga kiritilgan va klinik amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy ahamiyati: yangi protokol o‘ta og‘ir (ISS 29,8±6,0; Glazgo 7,4±1,4) bemorlarda simpatik boshqaruvni saqlab, miya funksiyalarining tiklanishiga va kardial asoratlar xavfining kamayishiga olib kelgan, bu esa bolalarning uzoq muddatli reabilitatsiya ehtiyojini qisqartirgan. Iqtisodiy samaradorligi: protokol qo‘llanilgan 2-guruh bemorlari klinik jihatdan ancha og‘ir bo‘lganligi (ISS 29,8 va 23,1; Glazgo 7,4 va 9,7) sababli O‘SV davomiyligi 1-guruhga nisbatan uzoqroq bo‘lsa-da (11,6±5,6 va 8,6±2,5 sutka), protokol miokard ishemiyasi/O‘YuE, takroriy O‘SV (5 sutka), takroriy RIDB sikli (4 sutka) va takroriy stress-protektiv kursning (5 kun) oldini olgan. Natijada 1 bemor hisobiga 12 690 440 so‘m (takroriy RIDB sikli – 5 548 000, stress-protektiv kurs – 3 792 440, O‘SV – 3 350 000 so‘m), 3-kichik guruhdagi 17 nafar bemor bo‘yicha jami 215 737 480 so‘m davlat byudjeti mablag‘lari iqtisod qilingan. Xulosa: fentanil + propofol + arduan stress-protektiv protokolining joriy etilishi uzaytirilgan sedatsiya va miorelaksatsiyada simpatik boshqaruvni saqlash orqali takroriy O‘SV, RIDB va stress-protektiv kurslarning oldini olib, byudjet mablag‘larini sezilarli tejashni ta’minlagan.