Inoyatova Manzura Mirxabib qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qishloq xo‘jaligida erdan foydalanishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish”, 08.00.04-“Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.PhD/Iqt6308.
Ilmiy rahbarining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Umarov Suhrob Rustamovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, DSc.03/30.01.2020.I.10.03.
Rasmiy opponentlar: Sultanov Bahodir Fayzullaevich, iqtisodiyot fanlari doktori; Narbaev Sharofiddin KenGEShovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qishloq xo‘jaligida erdan foydalanishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-uslubiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qishloq xo‘jaligida tuproq tabiiy, iqtisodiy va sun’iy unumdorligini oshirish va himoyalash maqsadida qo‘llaniladigan innovatsion texnologiyalar va biologik usullarning ekinlar hosildorligi, mahsulotlar sifati va ishlab chiqarish xarajatlariga ta’sirini ularning o‘zaro bog‘liqlik jihatlarini hisobga olgan holda baholash bo‘yicha uslubiy yondashuv ishlab chiqilgan;
iqtisodiyotni raqamlashtirish sharoitida qishloq xo‘jaligi erlaridan samarali foydalanishdan manfaatdor xo‘jalik yuritish subektlari, tashkilot va korxonalar uchun raqamli geoaxborot texnologiyalari yordamida ma’lumotlar to‘playdigan va ularni iste’molchilar ehtiyojlariga mos taqdim etishga xizmat qiladigan “Tuman raqamli axborot bazasi”ni tashkil etish, uning ahamiyati va afzalliklari ilmiy-amaliy jihatdan asoslangan;
qishloq xo‘jaligi erlaridan foydalanish jarayonida ularning sho‘rlanish va degradatsiyasi darajasini surunkali oshirishga yo‘l qo‘ygan xo‘jaliklarni davlat tomonidan jarimaga tortish mexanizmi va indikatorlar tizimi bo‘yicha ilmiy asoslangan uslubiy yondashuv ishlab chiqilgan va tavsiya etilgan;
qishloq xo‘jaligi erlari, shu jumladan, sug‘oriladigan erlar hajmining 2030 yilgacha bo‘lgan prognoz parametrlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qishloq xo‘jaligida erdan foydalanishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
qishloq xo‘jaligida tuproqni himoyalash (eroziyaga qarshi), unumdorligini oshirishga qaratilgan texnologik tadbirlarni qo‘llash hisobiga olinadigan yillik iqtisodiy samara hajmini aniqlash bo‘yicha uslubiy yondashuv Toshkent viloyati Fermerlar kengashi tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Fermerlar kengashining 2026-yil 4-martdagi 01/03-0062-son ma’lumotnomasi). Natijada, qishloq xo‘jaligi erlarida tuproqni eroziyalardan himoya qilishda qo‘llaniladigan yangi texnologiyalardan olinadigan yillik bazaviy iqtisodiy samarani aniqlash imkoniyati yaratiladi;
geoaxborot texnologiyalari asosida qishloq xo‘jaligi erlariga bog‘liq ma’lumotlarni to‘playdigan va umumlashtiradigan “Tuman axborot bazasi”ni tashkil etish bo‘yicha taklif Toshkent viloyati Fermerlar kengashida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Fermerlar kengashining 2026-yil 4-martdagi 01/03-0062-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif kelgusida tumanlar kesimida er uchastkalarini ro‘yxatga olish, baholash, ijaraga berish va ijara haqi, tuproq tarkibi va boniteti kabi ma’lumotlarni yagona geoaxborot bazasiga birlashtirish imkonini yaratadi;
qishloq xo‘jaligi erlaridan foydalanishda xo‘jaliklar tomonidan yo‘l qo‘yilgan tuproq degradatsiyasi darajasiga qarab ularga davlat tomonidan jarima belgilash mexanizmi va indikatorlarini joriy etish bo‘yicha uslubiy yondashuv Toshkent viloyati Fermerlar kengashi tomonidan xo‘jaliklarga joriy etilgan (O‘zbekiston Fermerlar kengashining 2026-yil 4-martdagi 01/03-0062-son ma’lumotnomasi). Natijada, qishloq xo‘jaligi erlarining tuproq degradatsiyasi darajasini hisobga oluvchi ko‘rsatkichlar orqali xo‘jaliklarni rag‘batlantirish yoki jazolash mexanizmini qo‘llash imkoniyati yaratiladi;
qishloq xo‘jaligi erlari, shu jumladan, sug‘oriladigan erlar hajmining 2030-yilgacha prognoz parametrlari Toshkent viloyatida foydalanish uchun qabul qilingan (O‘zbekiston Fermerlar kengashining 2026-yil 4-martdagi 01/03-0062-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2030-yilga borib, qishloq xo‘jaligi erlari 28 521,51 ming va sug‘oriladigan erlar hajmi esa 3 997,0 ming gektargacha oshishi prognoz qilingan.