Normurodov Asror Bazarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Modellashtirilgan kremniy nanozarralarining strukturasi va elektron xususiyatlari», 01.04.07–Kondensirlangan holat fizikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/FM186.
Ilmiy rahbar: Tashmetov Mannab Yusupovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Yadro fizikasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Yadro fizikasi instituti, Astronomiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.FM/T.33.01.
Rasmiy opponetlar: Djumanov Safarali, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Gulyamov Gafur, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kremniy klasterlarining geometrik va struktura parametrlarining nazariy hisoblashlar asosida kompyuter modellarini tuzish va optimallash hamda nuqsonli holatlarning shakllantirilgan nanozarralarning xossalari va barqarorligiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Si3-Si8 tipidagi kremniy klasterlari uchun uchburchakli tuzilish va uning asosdagi fazoviy konfiguratsiyalar xarakterli, gidrogenlangan kichik klasterlar uchun esa olmossimon geometriya xarakterli bo‘lgan tetraedrik bog‘larga ega siklik shakllarga o‘tuvchi tarmoqlangan strukturalar kuzatilishi aniqlangan;
asosida to‘rt, besh va ettita atomdan iborat to‘g‘ri ko‘pburchaklar yotadigan klasterlar o‘sish jarayonining optimizatsiyasidan keyin ichi kovak tuzilishini saqlab qolmasligi, geksagonal asosli klasterlar uchun esa kremniyning ichi kovak klasterlarining barqaror o‘sishi saqlanib qolishi ko‘rsatilgan;
ilk bor klaster strukturalarining sirt holatiga sezgirligi aniqlangan va sirtdagi orbitallarni vodorod bilan passivatsiya va sirtni rekonstruksiya qilish Si29 va Si38 kremniy klasterlarining geometrik o‘lchamlari va elektron strukturalarini mos ravishda 0.71-1.09 nm oralig‘ida, ta’qiqlangan zona kengligini esa 1.02-2.85 eV oralig‘ida o‘zgartirishi ko‘rsatilgan;
Si29H24 klaster ichidagi vakansiya Si29 dagiga nisbatan barqaror ekani va vakansiya atrofidagi uzilgan bog‘larni vodorod bilan to‘liq to‘yintirish klasterlarning dastlabki konfiguratsiyasini saqlagan holda barqaror VN4 kompleks shakllanishiga olib kelishi topilgan;
ichida vakansiyasi bo‘lgan klasterlarda vodorod atomlari sonini 4 tagacha oshirib borilganda taqiqlangan zona kengligining 0,98 eV gacha oshib borishi, vodorod atomlaridan biri uch markazli Si-H-Si bog‘ hosil qilishi, ayni vaqtda qolgan vodorod atomlari kremniy atomlariga qattiq bog‘lanib kovalent qutblangan bog‘lar hosil qilishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Modellashtirilgan kremniy nanozarralari strukturalari va elektron xossalarini aniqlashdan olingan natijalar asosida:
sof Si3-Si8 va gidrogenlangan kichik klasterlar uchun aniqlangan geometrik strukturalar, atomlararo masofalar va bog‘lanish energiyalari qiymatlari muvozanat holati atomlararo masofalari va bog‘lanish energiyalari bo‘yicha natijalari yetakchi xorijiy ilmiy jurnallarda (Journal of Applied and Computational Mathematics, 2017; Journal of Computational nanotechnology, 2016; International Journal of Scientific Research in Science and Technology (IJSRST), 2016; Journal of Modeling and Numerical Simulation of Material Science, 2016; Journal of Nanosystems: Physics, Chemistry, Mathematica, 2016) kuchli yaqinlashish usullarining qo‘llanish sohasini jiddiy tarzda aniqlashtirib olishda foydalanilgan. Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi kremniy kichik klasterlarining struktura-energetik xarakteristikalarini aniqlash imkonini bergan;
asosida to‘rtta, beshta va ettita atom yotgan klasterlar optimizatsiyadan keyingi o‘sish jarayonida ichi kovak tuzilishni saqlab qolmasligi, geksagonal asosli klasterlarda esa ichi kovak tuzilishli kremniy klasterlarining barqaror o‘sishiga doir aniqlangan holatlar va sirtdagi orbitallarni vodorod bilan passivatsiya qilish, sirtni rekonstruksiya qilish Si29 va Si38 kremniy klasterlarida geometrik o‘lchamlar hamda elektron strukturalarni mos ravishda 0,71–1,09 nm oralig‘ida, taqiqlangan zona kengligini esa 1,02–2,85 eV oralig‘ida o‘zgartirishi OT-F2-77 raqamli «Yarimo‘tkazgichli asboblar ishochliligini strukturaning ichki nuqsonlarini hisobga olgan holda modellashtirish asosida bashorat qilish usullarini takomillashtirish» (2017–2021) fundamental loyihasida yarimo‘tkazgichning sirtosti qatlamlarida joylashadigan beqaror nuqtaviy nuqsonlar fizik mexanizmlarini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 15 iyundagi 89-03-2496-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi yarimo‘tkazgichli tuzilmalardagi farqlanish chegarasi va beqaror nuqtaviy nuqsonlarda fluktuatsiyalarni aniqlash imkonini bergan;
Si29H24 klaster ichidagi vakansiya barqaror ekanligi va klasterlarning dastlabki konfiguratsiyasini saqlagan holda barqaror VN4 kompleks shakllanishiga olib kelishi, ichida vakansiyasi bo‘lgan klasterlarda vodorod atomlari soni 4 tagacha oshirib borilganda taqiqlangan zona kengligining 0,98 eV gacha oshib borishi, vodorod atomlaridan biri uch markazli Si-H-Si bog‘ hosil qilishi FA-F4-F061 raqamli «Nanoo‘lchamli kremniy strukturalarini olishni ion-plazma texnologiyasini ishlab chiqish» (2015–2017) loyihasida olinayotgan kremniy nanozarralarning xususiyatlari va strukturalarini tahlil qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 2019 yilning 10 iyundagi 2/1255-1661-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi barqaror nanoo‘lchamli kremniy strukturalarni aniqlash imkonini bergan.