Xodjabekov Muradjon Usarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tebranishlardan himoyalanuvchi taqsimlangan parametrli chiziqlimas sistemalarning ustuvorligi», 01.02.01–Nazariy mexanika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/FM166.
Ilmiy rahbar: Dusmatov Olimjon Musurmonovich, fizika-matematika fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSc.28.02.2018.T/FM.61.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Mardonov Botir Mardonovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Sidiqov Mansur Nosirovich, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: garmonik, tasodifiy va oq shovqinli tasodifiy qo‘zg‘alishlar ta’siridagi gisterezis tipidagi dissipativ xarakteristikali plastinka va dinamik so‘ndirgichning birgalikdagi chiziqlimas tebranishlari ustuvorligini tekshirish asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
garmonik va tasodifiy tebranishlarda plastinka materialida va dinamik so‘ndirgich dempferlovchi elementida gisterezis tipidagi dissipativ xarakteristikalarni hisobga olgan holda sistema ustuvorligini tekshirish asoslari va ustuvorlik shartlari analitik ko‘rinishda aniqlangan;
keng yo‘lakli–oq shovqinli tasodifiy qo‘zg‘alishlar ta’sirini hisobga olgan holda, tebranishlardan himoyalanuvchi plastinkani chiziqlimas tebranishlarining ustuvorligini tekshirishga Ito usulini qo‘llash metodikasi ishlab chiqilgan;
tasodifiy qo‘zg‘alishlar ta’siridagi tebranishlardan himoyalanuvchi plastinkaning ustuvor harakatini ta’minlashda sistema parametrlarining optimal qiymatlari aniqlangan;
ustuvorlikka tekshirish metodikasida plastinka materiali va dinamik so‘ndirgich elastik dempferlovchi elementining dissipativlik xossalarini hisobga olgan holda chiziqlilashtirish usullarini qo‘llash asoslangan;
sistema konstruktiv parametrlarining turli qiymatlarida ustuvorlik chegaralarini va sohalarini aniqlashning sonli tahlil etish algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tebranishlardan himoyalanuvchi taqsimlangan parametrli chiziqlimas sistemalarning ustuvorligi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
tor yo‘lakli tasodifiy qo‘zg‘alishlar ta’sirida gisterezis tipidagi elastik dissipativ xarakteristikali plastinkaning chiziqli elastik xarakteristikali dinamik so‘ndirgichning birgalikdagi chiziqlimas tasodifiy tebranishlari ustuvorlik chegaralari va ular orqali aniqlanuvchi ustuvorlik sohalari o‘zgarishi bo‘yicha sistema massalarini optimal qiymatlarini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar 51775045 va 51575042 raqamli xorijiy grant loyihalarida foydalanilgan (Xitoy Xalq Respublikasi Shenjen texnologiya universitetining 2018 yil 27 avgustdagi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 28 dekabrdagi 89-03-4498-son ma’lumotnomalari). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi harakati ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha engil avtomobil` asosi (kuzovning asosi)ni tadqiq etishda o‘rindiq va kuzov massalarini o‘zaro mutonosib qilib tanlash masalasini hal etish imkonini bergan;
garmonik va tasodifiy tebranishlarda sistemalar ustuvorligini tekshirish, ustuvorlik shartlarining analitik ifodalarini aniqlash metodikasi hamda sistema konstruktiv parametrlarining turli qiymatlarida ustuvorlik chegaralarini va sohalarini sonli tahlil etish algoritmi IOT-2015-2-14 raqamli «Razrabotka i vnedrenie texnologii eksperimental`nogo stroitel`stva unikal`nix bol`sheproletnix zdaniy i soorujeniy s primeneniem effektivnix prostranstvennix konstruksiy pokritiy» (2015-2016) loyihada katta oraliqli inshootlar fazoviy samarador qoplama konstruksiyalari ishonchlilik darajalarini va tashqi ta’sirlardagi harakatlari ustuvorligini tekshirishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 12 apreldagi 89-03-1395-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi seysmik faol hududlar uchun katta oraliqli inshootlar fazoviy samarador qoplama konstruksiyalarini garmonik va tasodifiy qo‘zg‘alishlar ta’sirida deformatsiya bo‘yicha ishonchlilik darajalarini baholash hamda harakatlanuvchi qoplama konstruksiyalarining tashqi ta’sirlardagi harakati ustuvorligini tekshirish imkonini bergan.