Rasulova Feruzaxon G‘ofirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Almashlab ekish tizimlarida sabzavot va takroriy ekinlarning tuproq unumdorligi, g‘o‘za hamda g‘alla hosildorligiga ta’siri», 06.01.01–Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Qx156.
Ilmiy rahbar: Xalikov Baxodir Meylikovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Boltaev Saydulla Maxsudovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Iminov Abduvali Abdumannobovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Andijon viloyatining sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida qisqa navbatli (1:1) sabzavot-g‘alla va sabzavot-g‘o‘za almashlab ekish tizimlarida kuzgi bug‘doy va g‘o‘zaga o‘tmishdosh ekin sifatida ertaki sabzavot va takroriy ekin turlarini aniqlash, ularning tuproq unumdorligiga, shuningdek, kuzgi bug‘doy va g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi hamda hosildorligiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Andijon viloyatining sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida qisqa navbatli sabzavot-g‘alla va sabzavot-g‘o‘za (1:1) almashlab ekish tizimlarida kuzgi bug‘doy va g‘o‘zadan yuqori va sifatli hosil olishni hamda tuproq unumdorligini oshirishni ta’minlaydigan maqbul o‘tmishdosh ertaki sabzavot va takroriy ekin turlari aniqlangan;
ertaki sabzavot hamda takroriy ekinlarning tuproq unumdorligi, mikrobiologik xususiyati, undagi umumiy va harakatchan oziqa moddalar miqdoriga ta’siri aniqlangan;
viloyat sharoitida qisqa navbatli sabzavot-g‘alla va sabzavot-g‘o‘za (1:1) almashlab ekish tizimlarida takroriy ekinlarni ildiz va ang‘iz qoldiqlari va ularning tarkibidagi oziqa moddalar miqdori aniqlangan;
och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida qisqa navbatli sabzavot-g‘alla va sabzavot-g‘o‘za (1:1) almashlab ekish tizimlarida ertaki sabzavot ekinlarni tuproqning suv-fizik va agrofizikaviy xossalariga ta’siri aniqlangan;
sabzavot-g‘alla va sabzavot-g‘o‘za (1:1) almashlab ekish tizimlarida sabzavot, undan so‘ng ekilgan takroriy ekinlarning kuzgi bug‘doy va g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi hamda hosildorligiga ta’siri aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Andijon viloyatining och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida sabzavot-g‘alla va sabzavot-g‘o‘za almashlab ekish tizimlari bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Andijon viloyatining fermer xo‘jaliklari uchun «Almashlab ekish tizimlarida sabzavot va takroriy ekinlarning tuproq unumdorligi, g‘o‘za hamda kuzgi bug‘doy hosildorligini oshirish bo‘yicha Andijon viloyati fermer xo‘jaliklariga tavsiyalar» tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 18 iyundagi 02/029-154-son ma’lumotnomasi). Bu tavsiyanoma Andijon viloyatining g‘allachilik, paxtachilik, sabzavotchilik yo‘nalishlaridagi ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida yuqori va sifatli don va paxta hosili olishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
sug‘oriladigan erlardan yil davomida samarali foydalanish maqsadida sabzavot-g‘o‘za, sabzavot-g‘alla almashlab ekish tizimida tavsiya qilingan ertaki sabzavotlar (kartoshka, karam, bodring, sabzi) va takroriy ekinlarni (mosh, soya) o‘tmishdosh sifatida ekilishi hamda ushbu ekinlar o‘rnida g‘o‘za va kuzgi bug‘doy ekilib, maqbul parvarishlash agrotexnologiyasi Asaka tumanida jami 67 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 18 iyundagi 02/029-154-son ma’lumotnomasi). Natijada takroriy ekinlarning ildiz va ang‘iz qoldiqlari hisobiga och tusli bo‘z tuproqlarning agrofizik va agrokimyoviy xossalari yaxshilangan, tuproqda moshdan 2,0–2,6 t/ga, soyadan 1,2–1,7 t/ga ildiz va ang‘iz qoldiqlari qolib ular orqali tuproqqa mos ravishda 22–36; 26–30 kg azot, 11–17; 9–13 kg fosfor, 22–35; 14–20 kg kaliy moddalari qaytishi aniqlangan hamda kuzgi bug‘doy don hosildorligi o‘rtacha gektaridan 48-52 sentner, g‘o‘za parvarishlanganda esa hosildorlik mos ravishda 37,7–39,3 sentnerni tashkil etgan;
sabzavot-g‘alla va sabzavot-g‘o‘za almashlab ekish tizimlari Andijon viloyatining Marhamat tumanida 54 gektar, Andijon tumanida 18 gektar, Qo‘rg‘ontepa tumanida 39 gektar, Asaka tumanida 67 gektar, Shahrixon tumanida 10 gektar, jami 188 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 18 iyundagi 02/029-154-son ma’lumotnomasi). Natijada fermer xo‘jaliklarida yuqori natijalar olinib, kuzgi bug‘doydan gektariga 45,0–50,0 sentnergacha, paxtadan 35,0–38,0 sentnergacha yuqori va sifatli mahsulot olinib, ishlab chiqarishda rentabellik darajasi 18,0–22,0 foizni tashkil etgan.