Hamroev Ilyos Amirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Temirchaklar bioekologiyasini o‘rganish va ularning zararli turlariga qarshi zamonaviy kurash usullarini takomillashtirish», 06.01.09–O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/Qx311.
Ilmiy rahbar: Gapparov Furkat Axatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Toreniyazov Elmurat Sherniyazovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Yuldashev Farruxbek Ergashboevich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Zoologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: temirchaklarning tur tarkibini hamda ularning zararli turlarini belgilash, tarqalishi, rivojlanishi va qishloq xo‘jaligi ekinlariga etkazadigan zarari hamda zararli turlariga qarshi yangi zamonaviy mikrobiologik va kimyoviy vositalarning biologik samaradorliklarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor respublikamiz viloyatlarida temirchaklarning 5 avlodiga mansub 12 tur qayd etilib, ularning turli hududlar bo‘yicha statsional tarqalishini 5 ta zararli turlarining viloyatning tuproq-iqlim sharoitlari, etishtiriladigan qishloq xo‘jalik va boshqa o‘simliklar bilan oziqlanishi aniqlangan;
temirchaklar oilasining muhim vakillaridan hisoblangan qishloq xo‘jaligiga zarar keltiradigan turlardan dumli, yashil, oq peshona va oddiy kulrang temirchaklarning rivojlanish fenologiyasi, urg‘ochi zotlarining jinsiy mahsuldorligi, qishloq xo‘jalik ekinlari bilan oziqlanishi, dumli temirchakning turli rivojlanish fazalaridagi o‘lchamlari aniqlangan;
zararli temirchaklarga qarshi qo‘llash uchun ekologik bezarar mikrobiologik metarizum biopreparatini qo‘llashning samaradorligi asoslangan;
zararli temirchaklarga qarshi turli kimyoviy guruhga mansub yangi, jumladan 10 ta piretroid, 2 ta gormonal ta’sirga ega bo‘lgan, 2 ta neonikotinoidlar guruhiga mansub, 2 ta fenilpirazollar guruhiga mansub kimyoviy insektisidlarning qo‘llash sarf-me’yorlari belgilanib, ularning biologik samaradorligi aniqlangan;
zararli temirchaklarga qarshi qo‘llaniladigan turli guruhga mansub vositalarning xo‘jalik va iqtisodiy samaradorligi ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda uchraydigan temirchaklarning zararli turlarining bioekologiyasini aniqlash va ularga qarshi kurash bo‘yicha tadqiqot natijalari asosida:
Jizzax viloyatining Zarbdor tumanidagi yaylov va qishloq xo‘jaligi atrofidagi hududlarda jami 1000 gektar maydonda zararli temirchaklarga qarshi Mergan OF-6, 6% m.s. (0,25 l/ga) va Rimon, 10% em.k, (0,03-0,06 l/ga) kimyoviy preparatlari joriy qilingan (“O‘zagrokimyohimoya” AJning 2018 yil 2 noyabrdagi 02-13/1769-son ma’lumotnomasi). Natijada 21 kundan so‘ng ushbu kimyoviy preparatlardan foydalanish tufayli 85,0% dan yuqori biologik samaradorlikka erishilgan;
Toshkent viloyati hududlarida zararli temirchaklarga qarshi Faskord, 100 g/l em.k. (0,1 l/ga), Esfen al`fa 5% k.e. (0,2 l/ga), Atilla, 5% em.k. (0,15-0,25 l/ga) va Bagira 20% s.e.k. (0,05-0,1 l/ga) preparatlari 55906 gektar maydonga joriy etilgan (“O‘zagrokimyohimoya” AJning 2018 yil 2 noyabrdagi 02-13/1769-son ma’lumotnomasi). Natijada zararkunandalarning 85,5–90,6% gacha kamayishi sababli bir gektar maydondan nazoratga nisbatan (kungaboqar ekinida) 2–3 s qo‘shimcha hosil saqlab qolingan;
zararli temirchak turlariga qarshi Jizzax viloyatida 1000 gektar va Toshkent viloyatida 55906 gektar maydonda kimyoviy preparatlardan Faskord (0,1 l/ga), Esfen al`fa (0,2 l/ga), Atilla (0,15-0,25 l/ga), Rimon (0,03-0,06 l/ga), Derbent (0,04-0,05 l/ga) va Mergan (0,25 l/ga) preparatlari joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 4 dekabrdagi 07/23-1121-son ma’lumotnomasi). Natijada yaylov va moyli ekinlarda zararli temirchaklar miqdori 85–90 foizga kamaygan va har bir gektardan mos ravishda 1646548,7–1705181,7 so‘m sof daromad olishga erishilgan.