Mamlakatimizda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, attestatsiyadan o‘tkazish sohasida ko‘zlangan maqsadlarga erisha olayapmizmi? Bu savolga ijobiy javob qaytarishga haqlimiz. Zero, tizimdagi samara va natijalar bunga asos bo‘la oladi.
Xususan, 2013-2019 yillar davomida 3450 nafar talabgorning 1175 nafari fan doktori, 2275 nafari falsafa doktori ilmiy darajalarida tasdiqlandi. Shulardan fan doktori ilmiy darajasida tasdiqlanganlarning 787 nafari, falsafa doktori darajasida tasdiqlanganlarning esa barchasi 2017 yil 1 iyuldan keyingi davrda ilmiy darajalarga erishdi.
2017 yil 1 iyulga qadar respublikamizning oliy ta’lim va ilmiy- tadqiqot muassasalarida 40 ta ilmiy kengash faoliyat yuritgan bo‘lsa, endilikda ularning soni 156 tani tashkil qilmoqda.
Yana bir muhim raqam: 2019 yilda Oliy attestatsiya komissiyasi rayosatida jami 1612 ta attestatsiya ishi ko‘rib chiqildi. Jumladan, 321 nafar talabgor fan doktori, 1139 nafar talabgor falsafa doktori ilmiy darajasida, 131 nafar talabgor professor, 82 nafar talabgor katta ilmiy xodim va 417 nafar talabgor dotsent ilmiy unvonlarida tasdiqlandi. 2 ta fan doktori, 28 ta falsafa doktori diplomlari nostrifikatsiya qilindi.
Fan doktori (DSc) ilmiy darajasida tasdiqlanganlarning 33 foizi, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasida tasdiqlanganlarning 37 foizi ayollardan iborat ekani masalaning yana bir e’tiborli jihati, albatta. Himoya qilingan dissertatsiyalarning ilmiy natijalari amaliyotga to‘liq joriy etilgani esa yanada quvonarli.
Kutilgan va kutilayotgan yutuqlar hali ko‘p va davomli. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 11 iyuldagi “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan o‘rin olgan yangilik va o‘zgarishlar bunga hech qanday shubha qoldirmaydi. Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida innovatsion xususiyatga ega tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish, ilmiy natijalarni amaliyotga tezkor joriy etishning samarali mexanizmlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Yaxshisi, ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tsak.
Masalan, yoshlarning ilmiy faoliyatga qiziqishlarini yuksaltirish va rag‘batlantirish, ilmiy faoliyat nufuzini ko‘tarish uchun Binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida ilmiy ishlanma yaratgan falsafa doktori (PhD) yoki unga tenglashtirilgan ilmiy darajasiga ega talabgorga fan doktori (DSc), ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etgan talabgorga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini berish tartibi joriy etilmoqda.
Attestatsiya sohasida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari mustaqilligiga erishish uchun dotsent, katta ilmiy xodim va professor ilmiy unvonlarini mustaqil berish vakolati tajriba tariqasida oliy ta’lim muassasalari reytingi bo‘yicha yuqori turuvchi 30 ta oliy ta’lim muassasasiga hamda Fanlar akademiyasi tavsiyasi asosida ilmiy-tadqiqot muassasasi kengashlariga berilayapti. Malakaviy imtihonlarni tashkil etish bo‘yicha ham oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari ayrim vakolatlarga ega bo‘lmoqda.
Raqamli iqtisodiyot talablaridan kelib chiqib, elektron hujjat aylanish tizimi asosida attestatsiya jarayonida quyidagilarni qabul qilish (va jo‘natish) bo‘yicha 4 ta dasturiy ta’minot ishlab chiqiladi:
- ilmiy darajalar bo‘yicha attestatsiya ishlari;
- ilmiy unvonlar bo‘yicha attestatsiya ishlari;
- ilmiy kengashlar, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari kengashlari bilan yozishmalar;
- ilmiy kengashlarning Oliy attestatsiya komissiyasi veb-saytidagi yagona portali.
Amaldagi dissertatsiya ekspertizasi bilan bir qatorda dissertatsiya matnini Internet tarmog‘iga joylashtirish orqali ilmiy jamoatchilik tomonidan elektron ekspertizani tashkil qilish ko‘zda tutilgan.
Xalqaro ilg‘or tajribalarga tayanib, barcha milliy ilmiy nashrlarga teng sharoit yaratish maqsadida “Dissertatsiyalar asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan milliy ilmiy nashrlar ro‘yxati” bekor qilinmoqda.
Xalqaro amaliyotda keng foydalaniladigan impakt-faktorli jurnallarda maqolalar e’lon qilish attestatsiya jarayoniga joriy etiladi. Xorijiy davlatda ilmiy daraja va ilmiy unvon olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish tartibi tubdan qayta ko‘rib chiqilib, jarayon Davlat xizmatlari agentligi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Ilm yo‘lining mashaqqati ko‘p, mehnati og‘ir. Yuqorida qayd etilgan o‘zgarishlar, yangiliklar iste’dodi, imkoni, joiz bo‘lsa, hayotini ana shu sharafli yo‘lga safarbar etgan ziyo sohiblariga har tomonlama qulaylik yaratish va qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi shubhasiz. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda ilm-fan ravnaqiga hissa qo‘shadi. Bir so‘z bilan aytganda, ilm zahmati zoe ketmaydi.
Ulug‘bek MAMADALIEV,
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi
matbuot kotibi
Manba: http://uza.uz