Yuldashev Ulugbek Kadirjanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston ta’lim tizimida xalqaro tajriba: muammo va echimlar (2017–2024-yillar)”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/Tar2142
Ilmiy rahbar: tarix fanlari doktori, professor Rasulov Abdulla Nuritdinovich.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: University of Business and Science.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.Tar.01.01.
Rasmiy opponentlar: Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari doktori, professor; Ne’matov Shoxzodbek Ulug‘bek o‘g‘li, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. 2017-2024-yillarda O‘zbekiston ta’lim tizimida xalqaro tajribalarning qo‘llanilishi tarixi, vujudga kelgan muammolar hamda ularning echimlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
maktab ta’limidagi muammolarni o‘rganishda jahon tajribasidagi erta bolalik ta’limining ahamiyati, fin ta’lim tizimidagi tenglik, erkinlik va quvnoq ta’lim tamoyillarini joriy etish zaruriyati va imkoniyatlari, Prezident maktablari tajribasidagi STEAM ta’limi yondashuvining boshqa maktablarda ham joriy etish zarurati yoritib berilgan bo‘lsa, professional ta’limda Germaniyaning dual ta’lim tizimi, xususan, PISA-2022 so‘rovnomalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik o‘quvchilarning 68.2 foizi maktabgacha ta’limda tahsil olganini (OECD bo‘yicha o‘rtacha 94.2 foiz) natijalarning past bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatgan omillardan biri bo‘lgani, bu raqamlar maktabgacha va erta bolalik ta’limiga yanada kengroq e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatishi asoslangan;
PISA-2022 tadqiqoti natijalari, unga tayyorgarlik jarayonlari va bu borada xalqaro tajribani o‘rganish orqali O‘zbekistonning keyingi PISA tadqiqotida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishishda amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan tavsiyalar ishlab chiqildi. Xususan, ta’lim tizimidagi fikrlashga emas, yodlashga yo‘naltirilgan yondashuv tufayli o‘quvchilar maktabda olgan bilimlarini amalda qo‘llay olmasligi, ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarga qaramasdan past natija ko‘rsatishi sabablari, turli to‘garak va tadbirlarda kreativlik etishmasligi kabi muammolar ilmiy jihatdan isbotlangan. OECD mamlakatlarida eng yaxshi o‘quvchilar va eng past o‘quvchilar o‘rtasidagi matematika fanidan farq 93 ballni tashkil etgan holda, O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 22 ballni tashkil etgani, ta’limdagi muammo faqat iqtisodiy imkoniyatlar bilan bog‘liq emasligi haqida xulosa qilish imkonini berishi dalillangan;
O‘zbekiston oliy ta’limga qabulda xalqaro tajriba asosida erishilgan yutuqlar va hozirgacha saqlanib qolayotgan turli muammolar sabablari tahlil qilingan. Jumladan, abiturientlarning test sinovlariga biryoqlama tayyorgarligi natijasida tanqidiy va analitik fikrlash ko‘nikmalarining etarli darajada shakllanmasligi, ushbu holat esa, oliy ta’limda kadrlar tayyorlash sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ilmiy asosda dalillangan. Shuningdek, umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikat tizimini joriy etish, Rash usulidagi baholash, xorijiy tillarni bilish darajasini tasdiqlovchi hujjatlar orqali qabul mezonlarini takomillashtirish zarurligi isbotlangan;
Oliy ta’limda xorijiy tajriba asosida amalga oshirilgan o‘zgarishlarni tahlil qilish va xalqaro doirada tizimni solishtirish orqali professor-o‘qituvchilarning o‘quv, ilmiy va tashkiliy ishlar bo‘yicha yuklama masalasi, kredit-modul tizimidagi muammolar, shuningdek, talabalarda mustaqil ta’limga nisbatan munosabatni o‘zgartirish muammolari, xususan, Bolonya jarayoniga qo‘shilish hamda kredit-modul tizimiga o‘tilganiga qaramasdan, tizimni to‘la ishlamayotgani hamda uni bartaraf etishda akademik erkinlik zarurati asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 2017-2024-yillarda O‘zbekiston ta’lim tizimidagi xalqaro tajribani o‘rganish orqali olingan xulosa va takliflar asosida:
Tadqiqotdagi O‘zbekiston maktab ta’limi tizimiga Finlandiya tajribasidagi tenglik, erkinlik, quvnoq ta’lim tamoyillarini moslashtirish, Germaniya tajribasidagi dual ta’lim modelini kasb-hunar va oliy ta’limga uyg‘unlashtirish hamda xalqaro tajribani milliy qadriyatlar, tarixiy-madaniy xususiyatlar asosida joriy etish bo‘yicha xulosalar O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining milliy qadriyatlar asosida innovatsion ta’lim tizimini shakllantirish, yoshlarning ilmiy salohiyatini kuchaytirish kabi saylovoldi dasturlariga muvofiq kelgan. Dissertatsiyada ilgari surilgan taklif va ilmiy echimlar partiyaning istiqboldagi ta’lim islohotlariga oid tashabbuslarini ilmiy asoslash, shuningdek, amaliy va siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashining 2025-yil 15-iyuldagi 02/02-72-sonli dalolatnomasi). O‘zbekiston ta’lim tizimida xalqaro tajribaga oid ma’lumotlar asosida olingan xulosalardan partiya dasturlarida qo‘llanilishi ta’lim islohotlari bo‘yicha yangi tashabbuslar shakllanishiga xizmat qilgan.
Tadqiqotdagi umumta’lim fanlari va xorijiy tillar bo‘yicha milliy hamda xalqaro sertifikat tizimini joriy etish, Rash metodini baholash jarayonlariga bosqichma-bosqich integratsiya qilish, shuningdek, AQShda keng qo‘llanilayotgan SAT kabi baholash tizimlarining afzalliklarini mahalliy sharoitga moslashtirish orqali qabul tizimini takomillashtirishga doir amaliy takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yoshlar siyosati sohasidagi turli yo‘nalishlar kesimida istiqbolli loyihalarni hamda amalga oshirishni ta’minlash yuzasidan takliflarni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi 2025-yil 29-iyuldagi 4-16-21-4124-sonli dalolatnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi agentlikning yoshlar masalasiga oid yangi istiqbolli loyihalari ishlab chiqilishiga xizmat qilgan.
“Ma’rifat” ijodiy birlashmasi” davlat muassasasi tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvida 2017-2024- yillarda O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlarga oid manbalar, O‘zbekistonning xalqaro ta’limni baholash tadqiqotlari, shu jumladan, PISA tadqiqotida ishtirok etishi ta’lim tizimidagi mavjud muammolarni aniqlab olish va ta’lim sohasidagi islohotlarni takomillashtirishga xizmat qilganligi e’tirof etilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi” davlat muassasasining 2025-yil 28-avgustdagi 01-33/651-sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi teletomoshabinlarning O‘zbekistonda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalari bo‘yicha tushunchalarining kengayishiga xizmat qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan oliy ta’limda xorijiy tajriba asosida amalga oshirilgan o‘zgarishlarni tahlil qilish va xalqaro doirada tizimni solishtirish orqali professor-o‘qituvchilarning o‘quv, ilmiy va tashkiliy ishlar bo‘yicha yuklama masalasi, kredit-modul tizimidagi muammolar, shuningdek, talabalarda mustaqil ta’limga nisbatan munosabatni o‘zgartirish muammolari istiqbolli loyihalarni hamda amalga oshirishni ta’minlash yuzasidan takliflarni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi 2025-yil 29-iyuldagi 4-16-21-4124-sonli dalolatnomasi). Oliy ta’limda xalqaro tajribaga oid ma’lumotlar agentlikning istiqbolli loyihalari kengaytirilishiga xizmat qildi.