Ermatov Ixtiyor Rizoqulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilshunoslik terminlarining shakllanishi va taraqqiyoti (umumiy o‘rta ta’lim maktablarining darsliklari asosida)”, 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil511.
Ilmiy rahbar: Mahkamov Ne’mat, filologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.29.11.2018.Fil.46.03.
Rasmiy opponentlar: Sobirov Abdulhay Shukurovich, filologiya fanlari doktori, professor; Madvaliev Abduvahob Pataxovich, filologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek tilshunoslik terminlarining paydo bo‘lish manbalari va shakllanish bosqichlarini aniqlash, o‘zbek tilshunoslik terminlarining umumta’lim maktablari «Ona tili» darsliklarida berilishini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XX asr boshlaridan maktablarda ona tilining fan sifatida o‘qitilishi bilan o‘zbek tilshunoslik terminlarining shakllana boshlaganligi asoslangan;
Fitratning «Sarf» va «Nahv» asarlari keyingi davr o‘zbek tili grammatikalarining yaratilishi va o‘zbek tilshunoslik terminologiyasining yuzaga kelishiga asos bo‘lgani ochib berilgan;
o‘zbek tilshunoslik terminlarining dastlabki shakllanish manbalari arabcha, fors-tojikcha va ruscha tilshunoslik terminlari bo‘lgani aniqlangan;
o‘zbek tilshunoslik terminlarining turli davrlarda yaratilgani tufayli terminlar o‘rtasida sinonimiya vujudga kelganligi aniqlangan;
mustaqillik davri o‘zbek tilshunoslik terminlarining me’yorlashuvi va taraqqiyoti «Ona tili» darsliklari misolida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek tilshunoslik terminlarining shakllanishi va taraqqiyotini o‘rganish asosida:
umumiy o‘rta ta’lim maktablari «Ona tili» darsliklaridagi mavjud terminlarga berilgan izohlardan, termin va lingvistik tushuncha munosabatiga doir qarashlardan «Tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati»ni yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Respublika ta’lim markazi ilmiy-metodik kengashi tomonidan nashrga tavsiya etilgan. –Toshkent: Fan, 2013. – 144 b.). Mazkur lug‘atdan umumiy o‘rta ta’lim va o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi tizimida ilmiy-amaliy manba sifatida foydalanish imkonini bergan;
tadqiqotchining tub so‘z, yasama so‘z, ism, bosh harf, to‘xtash belgisi, uyadosh so‘zlar, so‘z yasash qoliplari, qo‘shimcha, cho‘zg‘i, olmosh, ko‘makchi, kesim, gap markazi, hokim so‘z, ergash so‘z kabi tilshunoslik terminlariga bergan izohlari va ularni to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyalaridan FA-F1-G041 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish» fundamental loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2019 yil 23 apreldagi 3/1255-1243-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihaning «O‘zbek tili terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish» qismi yangi ilmiy ma’lumotlar bilan boyigan, terminlar izohi mukammallashgan;
o‘zbek tilshunoslik terminlarining «Ona tili» darsliklarida qo‘llanishi, tilshunoslik terminlariga berilgan izohlar, tilshunoslik terminlari o‘rtasidagi sinonimiya va ularni bartaraf etishga doir xulosalardan Sirdaryo viloyati teleradiokompaniyasining «Til – millat ko‘zgusi» ruknidagi ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (Sirdaryo viloyati teleradiokompaniyasining 2019 yil 17 yanvardagi 47-son va viloyat teleradiokompaniyasi Radio bosh muharririyatining 2019 yil 17 yanvardagi 48-son ma’lumotnomalari). Natijalarning tatbiq etilishi bilan ko‘rsatuv va radioeshittirishlar ssenariylarining ilmiy-ommabopligi ta’minlangan.