Qitaybekov Azizbek Kenesbek o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqidagi e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qoraqalpog‘istonda havo transportining shakllanishi  va rivojlanish tarixi (XX asrning 20-yillaridan – XXI asrning birinchi choragi)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Tar1665.
Ilmiy rahbarining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Sulaymanov Salamat Arepbaevich, tarix fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, ilmiy kengash raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti DSc.03/2025.27.12.Tar.04.04
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi, unvoni:
Nurjanov Sabit Uzakbaevich, tarix fanlari doktori (DSc), professor.
Bekimbetov Baxadir Mirzabaevich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
Etakshi tashkilot: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qoraqalpog‘istondagi havo transporti tarmog‘i va fuqarolik aviatsiyasi tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 1924–1930-yillarda o‘lkaga dastlabki havo transporti kirib kela boshlab, samolyotlar asosan pochta aloqasini ta’minlash, tibbiy yordam ko‘rsatish hamda ma’muriy vazifalarni bajarishda qo‘llanilishi Qoraqalpog‘istonning boshqa hududlar bilan aloqalarini mustahkamlab, aviatsiya sohasining keyingi rivojlanishi uchun asos yaratganligi ochib berilgan;
Ikkinchi jahon urushi yillarida Qoraqalpog‘istondagi havo transportining faoliyati o‘ta murakkab sharoitlarda kechgan bo‘lishiga qaramasdan, u front va front orti uchun muhim ahamiyat kasb etgan holda  frontning logistika va aloqa tizimini ta’minlash, xalq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va pochta xizmati sohalaridagi fidokorona mehnat va jonbozlik natijasida Qoraqalpog‘iston aviatsiya tizimi urushdan keyingi yillarda o‘zining moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlash, yangi yo‘nalishlar ochish va fuqaro aviatsiyasini rivojlantirishga imkon yaratganligi dalillangan;
mintaqa sharoitida havo transportining faqat yo‘lovchi va yuk tashish vositasi sifatida emas, balki muhim ijtimoiy funksiyalarni bajarganligi, xususan, tibbiy-sanitar yordam ko‘rsatish, pochta tarqatish, qishloq xo‘jaligi ishlarini amalga oshirish, shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini olib borish hamda arxeologik tadqiqotlarda qo‘llanilgan aerofotosyomka ishlarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etganligi aniqlangan; 
mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘iston havo transporti tizimining institutsional va moddiy-texnik rivojlanish xususiyatlari aviatsiya sohasidagi amalga oshirilgan islohotlarda namoyon bo‘lib, ushbu holat davlat dasturlari, xalqaro hamkorlik jarayonlari hamda mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilishga imkon berganligi isbotlangan.
Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati: Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati Qoraqalpog‘istonda fuqaro aviatsiyasi asoslarini shakllantirish va aviatransport tarmog‘ining XX asr ikkinchi yarmi – XXI asr boshlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy burilishlar sharoitida rivojlanishi hamda tarixiy manbalarga tayangan holda yoritilishi asosida zamonaviy aviatransport istiqbollarini aniqlashga doir muhim ilmiy yondashuvlar ilgari surilgan.
Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida o‘qitiladigan gumanitar fanlarning transport bo‘limiga oid ma’ruza, seminar mashg‘ulotlari, maxsus kurslarning tashkillashtirish, aviatsiya sohasiga qiziquvchi yoshlar bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda foydalanish mumkinligi, transport sohasiga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida, mazkur muammo yuzasidan olib boriladigan ilmiy tadqiqotlarda ta’lim samaradorligini ortishiga xizmat qilishi bilan belgilanadi.
Tadqiqotning amaliy natijalari quyidagilardan iborat: Sovet va mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘istonda fuqaro aviatsiyasining shakllanishi va rivojlanish jarayonlari o‘rganilib, sohaning tarixiy tajribasi asosida hududiy aviatransport tizimini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. 
Qoraqalpog‘iston havo transporti rivojiga oid arxiv hujjatlari, ommaviy axborot vositalari materiallari hamda normativ-huquqiy hujjatlarni o‘rganish va qiyosiy tahlil qilish asosida mintaqaviy aviatransport tarmog‘i tarixining nazariy-konseptual jihatlari ilmiy muomalaga kiritildi.
IV. Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi: Qoraqalpog‘iston havo transporti tarixini har tomonlama o‘rganish asosida ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar, natijalar va amaliy tavsiyalar asosida:
Dissertatsiya ishi doirasida ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar aviatsiya transporti tizimida xalqaro va mahalliy havo yo‘li tarmog‘ining vujudga kelishi, XX asrning 20-yillardan aerodromlarning barpo etilishi, mustaqillik yillarida havo transporti tizimining huquqiy asoslarining mustahkamlanishi, samolyotlar qatnovi, parvoz xavfsizligi, yo‘lovchilarga sifatli va qulay xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgani, arxeologiyada aerofotosuratkashlik usuli hamda transport logistikasida samarali foydalanib kelinganiga oid ma’lumotlardan «Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi» eksponatlarini boyitishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyining 2025-yil 25-dekabrdagi 382-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy tadqiqot doirasida to‘plangan materiallar muzey fondlarini sezilarli darajada boyitdi. Jumladan, XX asrning 20-yillaridan boshlab mintaqada aerodromlar qurilishi, dastlabki havo liniyalarining ochilishi, parvoz xavfsizligini ta’minlash borasidagi tarixiy hujjatlar, fotosuratlar va arxiv materiallar ekspozisiyaga kiritildi. Mustaqillik davrida havo transportini tartibga soluvchi qonunchilik bazasining shakllanishi, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlarining kengayishi haqidagi ma’lumotlar ham muzey fondlarini yangi manbalar bilan to‘ldirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi tizimida havo transporti sohasini rivojlantirishga doir tahliliy materiallarni tayyorlash, sohaviy dastur va konsepsiyalar ishlab chiqish, shuningdek, ilmiy-amaliy tadqiqotlarda, havo transporti sohasida hududiy rivojlanishning tarixiy asoslarini chuqurroq anglash va yuk tashish xizmatlari samaradorligi ortganligiga doir tadqiqotning ilmiy-nazariy xulosa va tavsiyalardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligining madaniy-ma’rifiy tadbirlarini o‘tkazishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligining 2025-yil 30-dekabrdagi 3383-son ma’lumotnomasi). Vazirlik tomonidan ushbu ilmiy-nazariy xulosalar asosida  sohaviy rivojlanish dasturlari va konsepsiyalar yangilandi, havo transporti infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi. Hududiy transport logistikasining tarixiy shakllanish jarayonini o‘rganish esa zamonaviy boshqaruv qarorlarini qabul qilishda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qildi. Bundan tashqari, tadqiqot natijalari madaniy-ma’rifiy tadbirlar — ilmiy konferensiyalar, seminarlar va ko‘rgazmalarda keng qo‘llanildi.
Dissertatsiyada bayon etilgan ilmiy natijalar Nukus xalqaro aeroportida havo transporti sohasini rivojlantirish istiqbollarini belgilash, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlarini kengaytirish, hududning transport-logistika salohiyatini oshirish hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiluvchi qarorlar qabul qilishda muhim ilmiy-amaliy manba bo‘lib xizmat qilgan (Nukus xalqaro aeroportining 2026-yil 30-yanvardagi 28-01-39-01-07-son ma’lumotnomasi). Xususan, dissertatsiyada tahlil qilingan tarixiy ma’lumotlar va ilmiy xulosalar aeroportning strategik rivojlanish rejalarini tuzishda, yangi yo‘nalishlar ochish va mavjud xizmatlar sifatini oshirishda amaliy ahamiyat kasb etdi. Hududning transport-logistika salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan takliflar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasining umumiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasiga muvofiq kelib, boshqaruv organlari tomonidan hisobga olindi.
Arxiv hujjatlari, rasmiy statistik ma’lumotlar, qonun hujjatlari, davriy matbuot materiallari va bevosita fuqaro aviatsiyasi tizimida faoliyat yuritgan sobiq xodimlarning xotiralari asosida olib borilgan ishlarda Qoraqalpog‘iston havo transporti tarixiga oid ma’lumotlar «Qaraqalpaqstan» teleradiokanalining  «Qaraqalpaqstan tariyxı» ko‘rsatuvlari va «Dáwir nápesi» nomli eshittirishlarini samarali tashkil etishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Teleradiokompaniyasining 2026-yil 17-fevraldagi 05-22/89-son ma’lumotnomasi). Natijada, taqdim etilgan ma’lumotlar asosida ko‘rsatuvlarning mazmuni sezilarli darajada boyidi va tinglovchilarning bu boradagi bilimlari kengayishiga xizmat qildi. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish