Sayfullaeva Dilafro‘z Axmadovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni kasb-hunarga tayyorlashda maxsus fanlarni innovatsion texnologiyalarni qo‘llab o‘qitish”, 13.00.05–Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi (pedfgogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Ped326.
Ilmiy rahbar: Olimov Qaxramon Tanzilovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Kasb-hunar ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti, DSc.27.06.2017.Ped.48.01.
Rasmiy opponentlar: Sharipova Dilyara Djumaniyazovna, pedagogika fanlari doktori, professor; Ximmataliev Do‘stnazar Omonovich, pedagogika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ixtisoslashtirilgan kollejlarda maxsus fanlarni individual yondashuv asosida innovatsion ta’lim texnologiyalarni qo‘llab o‘qitish orqali jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni kasb-hunarga tayyorlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
imkoniyatlari cheklangan yoshlarga ta’lim berish tizimini tashkil etishda inklyuziv ta’limning rivojlanish tendensiyalarini tatbiq etish orqali psixologik reabilitatsiya imkoniyatlari kengaytirilib kasb-hunarga tayyorlashning fiziologik, individual imkoniyatlari va motivatsion ehtiyojlari takomillashtirilgan;
kasb-hunarga tayyorlashning didaktik modeli jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni(tayanch a’zolarida nuqsonlari bo‘lgan) o‘qitishda individual ta’lim imkoniyatlari (tanadagi funksional buzilish turlari, xotira, diqqat, mantiqiy fikrlash doirasi) hamda maxsus fanlarni o‘qitishda innovatsion ta’lim texnologiyalarini qo‘llash talablari (ta’lim metodi, shakl va vositalari muvofiqlashtirish) asosida ishlab chiqilgan;
maxsus fanlarni o‘qitishda innovatsion ta’lim texnologiyalari (“Morfologik matrisa”, “Besh bosqichli”, “O‘z o‘zini boshqarish”)ning samarali imkoniyatlaridan foydalanish asosida “Tikuv buyumlari texnologiyasi” hamda “Tikuv buyumlarini ishlab chiqarish jihozlari” fanlarini o‘qitish metodikasi va o‘quv uslubiy ta’minoti takomillashtirilgan;
maxsus fanlarning baholash mezonlarini belgilash va ularning ob’ektivlik, psixologik moslashuvchanlik kabi tashkiliy-funksional imkoniyatlarini tizimlashtirish asosida jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni kasbiy faoliyatga tayyorgarlik darajasini pedagogik diagnostika qilish usullari (amaliy topshiriqlar to‘plami, muammoli vaziyat, nostandart test) takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning kasb-hunarga tayyorlashda maxsus fanlarni individual yondashuv asosida innovatsion texnologiyalarni qo‘llab o‘qitishni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
imkoniyati cheklangan yoshlarni o‘qitishda individual ta’lim imkoniyatlari hamda maxsus fanlarni o‘qitishda innovatsion ta’lim texnologiyalarini qo‘llash talablarini muvofiqlashtirish asosida ishlab chiqilgan kasb-hunarga tayyorlashning didaktik modeli Toshkent, Farg‘ona va Samarqand shaharlaridagi imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlarida ta’lim jarayoniga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 25 yanvardagi 89-03-2563-son ma’lumotnomasi). Mazkur didaktik model ixtisoslashtirilgan kollejlarda maxsus fanlarni o‘qitish samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
ixtisoslashtirilgan kollejlarida maxsus fanlarini o‘qitishda “O‘z o‘zini boshqarish”, “Morfologik matrisa” va “Besh bosqichli” (mualliflik texnologiyasi) innovatsion ta’lim texnologiyalarini qo‘llashga oid tavsiyalari Tikuvchilik buyumlarini ishlab chiqarish jihozlari” va “Tikuvchilik buyumlari texnologiyasi” fanlarining o‘quv-me’yoriy hujjatlari (o‘quv va ishchi dasturlari) va didaktik ta’minoti (o‘quv uslubiy majmua, o‘quv mashg‘ulotlarining yo‘riqnoma xaritalari, amaliy topshiriqlar to‘plami) mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 25 yanvardagi 89-03-2563-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyalar ixtisoslashtirilgan kollejlarda jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish jarayonini takomillashtirishga xizmat qilgan;
maxsus fanlarni o‘qitish orqali jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchilarni kasb-hunarga tayyorlashga qaratilgan “Tikuvchilik buyumlarini ishlab chiqarish jihozlari” fanidan elektron ta’lim resurslari hamda jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni kasbiy faoliyatga tayyorgarlik darajasini pedagogik diagnostika qilish usullari ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlarida ta’lim jarayoniga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 25 yanvardagi 89-03-2563-son ma’lumotnomasi). Mazkur o‘quv-metodik ta’minot o‘quvchilarda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilgan.