Xojiev Mexriddin Sulaymonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Nodavlat notijorat tashkilotlarida buxgalteriya hisobini takomillashtirish», 08.00.08–Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Iqt224.
Ilmiy rahbar: Karimov Akram Abbasovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Ismanov Ibroxim Nabievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xolbekov Rasuljon Olimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda nodavlat notijorat tashkilotlarida buxgalteriya hisobini tashkil etish va uni takomillashtirishda aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
nodavlat notijorat tashkiloti tushunchasiga yagona yondashuv asosida ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ustav fondining eng kam chegara miqdorini belgilash taklif etilgan;
nodavlat notijorat tashkilotlari hisob siyosatining elementlari hisoblangan ishchi schyotlar rejasi, hujjatlashtirish va hujjatlar aylanmasi, xarajatlarni guruhlash, aktivlar va majburiyatlarni baholash uslubi takomillashtirilgan;
nodavlat notijorat tashkilotlarida maqsadli tushumlar va tijorat faoliyatidan olingan daromadlar tizimi tasniflangan hamda ularni buxgalteriya hisobida aks ettirish uslubi takomillashtirilgan;
moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari asosida nodavlat notijorat tashkilotlar moliyaviy hisobotida aktivlar va majburiyatlar hisobi bo‘yicha axborotlar olish imkoniyatlari aniqlashtirilgan;
nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tugatishda qolgan mulklarini taqsimlash va uni buxgalteriya hisobida aks ettirish uslubi taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarida buxgalteriya hisobini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Nodavlat notijorat tashkiloti» tushunchasini normativ-huquqiy hujjatlarda yagona yondashuv asosida ilmiy asoslangan ta’rifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF-5308-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi «Taraqqiyot strategiyasi» markazining 2018 yil 29 yanvardagi 0165/18-son ma’lumotnomasi) hamda ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ustav fondining eng kam chegara miqdori eng kam ish haqining 100 baravari miqdorida, jumlandan, ustav fondi tarkibining kamida 1/3 qismi pul mablag‘lari ko‘rinishida bo‘lishi hamda qolgan qismi o‘z faoliyati uchun zarur bo‘lgan boshqa aktivlar bilan shakllantirish belgilangan taklifi O‘zbekiston auditorlar Palatasi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston auditorlar Palatasining 2017 yil 10 oktyabrdagi 116-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning amaliyotga joriy etilishi «nodavlat notijorat tashkiloti» tushunchasini normativ-huquqiy hujjatlarda yaxlit tusda foydalanishga huquqiy zamin yaratib, nodavlat notijorat tashkilotlar davlat ro‘yxatidan o‘tishda undiriladigan boj va yig‘imlarni to‘lash, shuningdek, dastlabki faoliyatni tashkil etishda zarur mol-mulklarga bo‘lgan ehtiyojini qoplash uchun moliyaviy mustaqilligi ta’minlangan;
nodavlat notijorat tashkilotlarida hisob siyosatini tuzish va uning elementlaridan foydalanish bo‘yicha takliflari O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zNNTMAning 2017 yil 29 sentyabrdagi 04-06/329-01-son ma’lumotnomasi). Natijada nodavlat notijorat tashkilotlarining alohida xususiyatlari asosida maxsus hisob siyosati shakllantirilgan va ularda maqsadli tushumlar bilan bog‘liq xo‘jalik operatsiyalari hisobi to‘g‘ri tashkil qilinishiga erishilgan;
nodavlat notijorat tashkilotlarida maqsadli tushumlar va tijorat faoliyatidan olingan daromadlar tasniflanishi bo‘yicha imtiyozlarning analitik va sintetik hisobini takomillashtirish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF-5308-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida (37-bandi) o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi «Taraqqiyot strategiyasi» markazining 2018 yil 29 yanvardagi 0165/18-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida davlat tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash xo‘jalik operatsiyalarini buxgalteriya hisobida aks ettirish imkoniyati yaratilgan;
moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari asosida nodavlat notijorat tashkilotlarida «Xayriya va ehson tushumlari» va «Ustavdagi asosiy vazifalarni bajarishda tadbirkorlik faoliyatidan olingan tushumlar»ni hisobga oluvchi schyotlar bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi PF-5270-sonli «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida o‘z aksini topgan (O‘zNNTMAning 2017 yil 29 sentyabrdagi 04-06/329-01-son va O‘zbekiston nogironlar jamiyatining 7 dekabrdagi 10-son ma’lumotnomalari). Natijada O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tizimidagi tashkilotlarga 17,9 mln. so‘m xayr-ehson tushumlari va 160,0 mln. so‘m qo‘shimcha tadbirkorlik faoliyatidan maqsadli tushumlar hisobga olingan va O‘zbekiston nogironlar jamiyati tarkibidagi sho‘’ba korxonalar esa 1 yilda qo‘shimcha tadbirkorlik faoliyatidan 183 mln. so‘mlik maqsadli tushumlar kelib tushishi ta’minlangan;
nodavlat notijorat tashkiloti o‘z faoliyatini tugatish jarayonida qolgan mol-mulklarini taqsimlash va uni buxgalteriya hisobida aks ettirish bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF-5308-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining (37-bandi) bajarilishida o‘z aksini topgan («Taraqqiyot strategiyasi» markazining 2018 yil 29 yanvardagi 0165/18-son ma’lumotnomasi). Natijada nodavlat notijorat tashkilotlari o‘zini o‘zi boshqaruvchi yuridik shaxsligidan kelib chiqib, ta’sischi (qatnashchi)larning yakuniy qarori bilan mulklarni taqsimlashni ham mustaqil hal qilishlariga imkoniyat yaratgan.