Umurzoqova Marhabo Egamberdievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja berilgan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilida segment qurilmalarning lingvopragmatik tadqiqi”, 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil22.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti «O‘zbek tilshunosligi» kafedrasi.
Ilmiy rahbar: Mahmudov Nizomiddin Mamadalievich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.19.01. raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Xudoyberganova Durdona Sidikovna, filologiya fanlari doktori, Pardaev Azamat Baxronovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek tilida segment qurilmalarning semantik-struktur, lingvopragmatik xususiyatlarini yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tasavvur nomlari va mavzu ifodalovchi gaplarning segment birlik sifatida ta’kidlash, ajratib ko‘rsatish, voqelikni eslatish, ishora qilish xususiyatlari ochib berilgan;
segment qurilmalarda ijobiy va salbiy baho munosabati yoritib berilgan;
segment qurilmalarning matndagi o‘rni, emotsionallikni ta’minlashi, matnni shakllantirishi, so‘zlovchi pragmatik intensiyasi, tasdiq va talab nutqiy aktining aks etishi asoslangan;
yoyiq segment qurilmalarning gapni mazmunan murakkablashtirishi, ularning presuppozisiya signalizatori ekanligi, deyktik belgili segment qurilmalarning predmet, shaxs va o‘ringa ishora qilishi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek tilida segment qurilmalarning lingvopragmatik xususiyatlari tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
segmentatsiya, uning yuzaga kelishi, matn shakllantirish imkoniyatlari haqidagi tushunchalardan A-1-61 raqamli «Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun tilshunoslik fanlari bo‘yicha audiokitob ta’minotini yaratish» amaliy loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 23 yanvardagi 89-03-379-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida loyiha materiallari segment qurilmalar, ularning badiiy matndagi o‘rni va ahamiyati haqidagi yangi ilmiy manba va qarashlar bilan boyigan;
segmentatsiya, presuppozisiya, parsellyasiya, pragmatik intensiya, resipient, presuppozisiya signalizatori, repriza, antisipatsiya kabi pragmatikaga oid terminlar izohlaridan, ularni to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyalardan FA – F1-G041 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish» nomli fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 23 maydagi 3/1255-1525-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilgan;
o‘zbek tilidagi segment qurilmalarning ekspressivlikni ifodalashdagi o‘rni, yozuvchi uslubini shakllantiruvchi, badiiylikni ta’minlovchi uslubiy vosita ekanligi haqidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2016–2018 yillar davomida «Mahalla» kanali orqali efirga uzatilgan «Ajdodlar xazinasi» ko‘rsatuv ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokompaniyasining 2019 yil 19 martdagi 01.18.394-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish