Adilova Ikbol Gafuritdinovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yurak ishemik kasalligi bo‘lgan bemorlarda koronar arteriyalar revaskulyarizatsiyasidan keyin antitrombotsitar terapiyaga genetik rezistentlik», 14.00.06 – Kardiologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yhatga olingan raqam: B2023.2.DSc/Tib841.
Ilmiy rahbar: Tulaboeva Gavxar Mirakbarovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat tibbiyot universiteti, DSc.06/2026.08.05.Tib.17.06.
Rasmiy opponentlar: Qurbanov Nurali Abdurahmonovich, tibbiyot fanlari doktori; Baitova Gulmira Musaevna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Nasirova Zarina Akbarovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: miokard revaskulyarizatsiyasi o‘tkazilgan keksa yoshli YuIK bemorlarda klopidogrelga genetik rezistentlikning klinik, metabolik va funksional omillar bilan bog‘liqligini kompleks baholash, xavf guruhlarini shakllantirish hamda antitrombotsitar terapiyani individuallashtirishga qaratilgan stratifikatsiya algoritmini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
miokard revaskulyarizatsiyasi o‘tkazilgan keksa yoshli yurak ishemik kasalligi bo‘lgan bemorlarda klopidogrelga javob CYP2C19 geni polimorfizmlari, metabolik sindrom ifodalanish darajasi va endotelial funksiya ko‘rsatkichlari bilan bog‘liqligi aniqlangan;
keksa bemorlarda metabolik sindrom komponentlarining bir vaqtda uchrashi klopidogrelga javob pastligi hamda noxush yurak-qon tomir hodisalari xavfini kuchaytiruvchi omil ekani aniqlangan;
FMD ko‘rsatkichining 6% dan past bo‘lishi keksa bemorlarda trombotsitlar funksional faolligi ortishi va klopidogrelga javob susayishi bilan bog‘liq qo‘shimcha prognostik belgi sifatida aniqlangan;
keksa yoshli bemorlarda klopidogrelga rezistentlik shakllanishiga aloqador omillarning (CYP2C19 LOF allellar, metabolik sindrom, endotelial disfunksiya) birga uchrashi trombotik xavf ortishi bilan bog‘liq ekani ko‘p omilli tahlil asosida aniqlangan;
genetik, metabolik, funksional va klinik ko‘rsatkichlarni birgalikda hisobga olgan holda keksa bemorlar uchun xavfni tabaqalashtirish usuli taklif etilgan hamda ushbu yondashuv antitrombotsitar terapiyani bemor xususiyatlariga moslashtirish imkonini berishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi.
Miokard revaskulyarizatsiyasi o‘tkazilgan yurak ishemik kasalligi bo‘lgan bemorlarda antitrombotsitar terapiyaga genetik rezistentlikni aniqlash va uni klinik amaliyotda baholash bo‘yicha olingan natijalar asosida quyidagi ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqildi va sog‘liqni saqlash muassasalari amaliyotiga tatbiq etildi:
Birinchi ilmiy yangilik: miokard revaskulyarizatsiyasi o‘tkazilgan keksa yoshli yurak ishemik kasalligi bo‘lgan bemorlarda klopidogrelga javob shakllanishida CYP2C 19 geni polimorfizmlari, trombotsitlar agregatsiyasi, metabolik sindrom komponentlari va endotelial funksiya ko‘rsatkichlarining o‘zaro bog‘liqligi kompleks baholanib, ushbu omillar klopidogrelga rezistentlik xavfini erta aniqlashda muhim klinik-farmakogenetik ahamiyatga ega ekanligi ilmiy jihatdan asoslandi. Mazkur ilmiy yangilik asosida ishlab chiqilgan takliflar Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori, professor X.A. Akilov tomonidan 2025 yil 06 iyunda tasdiqlangan “Klopidogrelga rezistentlikni baholash va terapiyani individuallashtirish algoritmi (genetik va funksional yondashuvlar)” nomli uslubiy tavsiyanoma mazmuniga singdirilgan. Ushbu takliflar Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi Shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasida 2025 yil 23 sentyabrdagi 78-sonli buyruq asosida hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent viloyati mintaqaviy filialida 2025 yil 25 sentyabrdagi 62-sonli buyruq asosida amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: Miokard revaskulyarizatsiyasi o‘tkazilgan keksa yoshli yurak ishemik kasalligi bo‘lgan bemorlarda klopidogrel samaradorligini farmakogenetik, metabolik va endotelial ko‘rsatkichlar asosida kompleks baholash trombotik asoratlar xavfi yuqori bo‘lgan bemorlarni erta aniqlash imkonini berdi. Natijada MACE holatlari soni 4 tadan 2 taga kamayib, bemorlarning uzoq muddatli prognozini yaxshilashga erishildi. Iqtisodiy samaradorligi: Bir nafar bemorni qayta statsionar davolashning o‘rtacha qiymati 9000000 so‘mni tashkil etdi. Qayta gospitalizatsiyalar sonining 2 taga kamayishi hisobiga 20 nafar bemor uchun iqtisodiy samara 18000000 so‘mni tashkil qildi; Xulosa: miokard revaskulyarizatsiyasi o‘tkazilgan yurak ishemik kasalligi bo‘lgan bemorlarda antitrombotsitar terapiyaga genetik rezistentlikni aniqlash keksa yoshdagi bemorlar o‘rtasida yurak-qon tomir asoratlari, qayta gospitalizatsiya va to‘satdan o‘lim xavfini kamaytirishda ahamiyat kasb etishi aniqlandi.
Ikkinchi ilmiy yangilik: yurak ishemik kasalligi va metabolik sindrom bilan kasallangan keksa yoshli bemorlarda metabolik sindrom komponentlari sonining ortishi klopidogrelga nisbatan yuqori qoldiq trombotsitar reaktivlik, ishemik simptomlar og‘irlashishi va noxush yurak-qon tomir hodisalari xavfining oshishi bilan bog‘liq ekanligi aniqlandi. Mazkur natijalar metabolik sindromni klopidogrel samaradorligiga ta’sir etuvchi klinik-metabolik fon sifatida baholash zarurligini ko‘rsatdi. Ushbu ilmiy yangilik asosida ishlab chiqilgan takliflar Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori, professor X.A. Akilov tomonidan 2025 yil 25 iyunda tasdiqlangan “Yurak ishemik kasalligi va metabolik sindrom bilan kasallangan bemorlarda klopidogrelga rezistentlik: klinik ahamiyati, genetik omillar va terapevtik yondashuvlar” nomli uslubiy tavsiyanoma mazmuniga kiritilgan. Ushbu takliflar Toshkent shahar Shayxontohur tumani tibbiyot birlashmasida 2025 yil 22 sentyabrdagi 1131-14-205-TV/2025-sonli buyruq asosida hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialida 2025 yil 25 sentyabrdagi 67 i/t-sonli buyruq asosida amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: Metabolik sindrom belgilari bir nechta omillar bilan birga namoyon bo‘lgan keksa bemorlarda klopidogrelga javob reaksiyasi pastroq hamda yirik yurak-qon tomir asoratlari xavfi yuqoriroq ekani ko‘rsatildi. Bu esa ushbu toifadagi bemorlarni erta ajratish, ularda klinik kuzatuvni kuchaytirish va davolash yondashuvini individuallashtirish muhimligini asoslaydi. Bu MACE holatlari sonining kamayishiga olib keldi. Iqtisodiy samaradorligi: Bir nafar bemorda MACE holatini davolash uchun sarflanadigan o‘rtacha xarajat 13000000 so‘mni tashkil etdi. MACE holatlari sonining 3 tadan 2 taga kamayishi hisobiga iqtisodiy samara 13000000 so‘mga teng bo‘ldi; Xulosa: Yurak ishemik kasalligi bilan og‘rigan keksa yoshdagi bemorlarda jiddiy asoratlardan o‘lim ko‘rsatgichini, nogironlik darajasini takroriy shifoxonalarga yotqizilish ko‘rsatgichlarini kamaytirishga yordam beradi.
Uchinchi ilmiy yangilik: CYP2C19 funksiyasi pasaygan allellarini tashuvchi keksa yoshli bemorlarda klopidogrelga laborator va klinik javobning pasayishi metabolik sindrom va endotelial disfunksiya mavjudligida yanada yaqqol namoyon bo‘lishi ko‘rsatildi. Bu esa genetik omillarni yakka holda emas, balki klinik-metabolik va funksional ko‘rsatkichlar bilan birgalikda baholash zarurligini asosladi. Mazkur ilmiy yangilik asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar “Klopidogrelga rezistentlikni baholash va terapiyani individuallashtirish algoritmi (genetik va funksional yondashuvlar)” nomli uslubiy tavsiyanoma mazmuniga singdirilgan. Ushbu tavsiyalar Shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasida 2025 yil 23 sentyabrdagi 78-sonli buyruq asosida va Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent viloyati mintaqaviy filialida 2025 yil 25 sentyabrdagi 62-sonli buyruq asosida amaliyotga tatbiq etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: Endotelial funksiya pasayishi (FMD <6%) bilan bog‘liq yuqori trombotik xavf guruh bemorlari aniqlanib, terapiyani o‘z vaqtida korreksiya qilish orqali 12 oylik MACE-siz omon qolish ko‘rsatkichi oshirildi. Iqtisodiy samaradorligi: Bir bemor uchun intensiv terapiya va qo‘shimcha diagnostik tadbirlarga sarflanadigan xarajat 5000000 so‘mni tashkil etdi. Xavf guruhidagi bemorlarni erta aniqlash va davolashni o‘z vaqtida to‘g‘ri tanlash orqali og‘ir asoratlar, qayta shifoxonaga yotqizilish va bemor hamda uning oilasiga tushadigan iqtisodiy yukni kamaytirish imkoni yaratiladi. Ushbu xarajatlarning oldi olinishi hisobiga 20 nafar bemor uchun iqtisodiy samara 10000000 so‘mga teng bo‘ldi. Xulosa: Yurak ishemik kasalligi va MS bilan og‘rigan keksa yoshdagi bemorlarda miokard infarkti, o‘tkir koronar sindrom, restenoz, qayta jarrohlik amaliyotlari va to‘satdan o‘lim xavfini kamaytirishga qaratilgan individual yondashuv muhim ahamiyatga ega.
To‘rtinchi ilmiy yangilik: endotelial funksiyaning pasayishi, jumladan FMD ko‘rsatkichining kamayishi, trombotsitlar funksional faolligining oshishi va klopidogrelga etarli javob shakllanmasligi bilan bog‘liq qo‘shimcha klinik-prognostik belgi sifatida baholandi. Ushbu natijalar keksa yoshli revaskulyarizatsiya qilingan YuIK bemorlarida trombotik xavfni baholashda endotelial funksiya va trombotsitlar agregatsiyasini birgalikda tahlil qilish zarurligini ko‘rsatdi. Mazkur ilmiy yangilik asosida ishlab chiqilgan takliflar “Klopidogrelga rezistentlikni baholash va terapiyani individuallashtirish algoritmi (genetik va funksional yondashuvlar)” hamda “Yurak ishemik kasalligi va metabolik sindrom bilan kasallangan bemorlarda klopidogrelga rezistentlik: klinik ahamiyati, genetik omillar va terapevtik yondashuvlar” nomli uslubiy tavsiyanomalar mazmuniga kiritilgan. Ushbu takliflar Toshkent shahar Shayxontohur tumani tibbiyot birlashmasida 2025 yil 22 sentyabrdagi 1131-14-205-TV/2025-sonli buyruq, Shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasida 2025 yil 23 sentyabrdagi 78-sonli buyruq, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialida 2025 yil 25 sentyabrdagi 67 i/t-sonli buyruq hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent viloyati mintaqaviy filialida 2025 yil 25 sentyabrdagi 62-sonli buyruq asosida amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: Tadqiqot natijalari genetik xususiyatlar, metabolik buzilishlar va endotelial disfunksiya birga kuzatilgan holatlarda trombotik asoratlar xavfi yuqoriroq bo‘lishini ko‘rsatdi. Shu bois bunday bemorlarda xavfni baholashda odatdagi klinik shkalalar bilan bir qatorda qo‘shimcha omillarni ham inobatga olish zarur. Bu yondashuv xavfli bemorlarni barvaqt aniqlash, asoratlar ehtimolini kamaytirish va davolash taktikasini har bir bemorning klinik holatiga mos ravishda tanlashga yordam beradi. Iqtisodiy samaradorligi: Samarasiz antitrombotsitar terapiya natijasida bir bemorga to‘g‘ri keladigan qo‘shimcha xarajat 6000000 so‘mni tashkil etdi. Samarasiz terapiya holatlari soni 5 tadan 2 taga kamayishi hisobiga iqtisodiy samara 18000000 so‘mga teng bo‘ldi. Xulosa: YuIK va MS bilan og‘rigan keksa yoshdagi bemorlarda jiddiy asoratlardan o‘lim ko‘rsatgichini, nogironlik darajasini takroriy shifoxonalarga yotqizilish ko‘rsatgichlarini kamaytirishga yordam beradi. Ayni shu guruh bemorlarda maqsadli davolash katta ahamiyat kasb etishi aniqlandi.
Beshinchi ilmiy yangilik: genetik, metabolik, funksional va klinik ko‘rsatkichlarni birgalikda baholash asosida keksa yoshli yurak ishemik kasalligi bo‘lgan bemorlarda klopidogrelga rezistentlik xavfini stratifikatsiya qilish va antitrombotsitar terapiyani individuallashtirishga qaratilgan integral yondashuv ishlab chiqildi. Ushbu yondashuv klopidogrelga etarli javob shakllanmasligi ehtimoli yuqori bo‘lgan bemorlarni erta aniqlash, ularni past, o‘rta va yuqori xavf guruhlariga ajratish hamda davolash taktikasini bemorning genetik va funksional xususiyatlariga moslashtirish imkonini berdi. Mazkur ilmiy yangilik asosida ishlab chiqilgan takliflar “Klopidogrelga rezistentlikni baholash va terapiyani individuallashtirish algoritmi (genetik va funksional yondashuvlar)” nomli uslubiy tavsiyanoma mazmuniga singdirilgan. Ushbu tavsiyanoma Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi Shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasida 2025 yil 23 sentyabrdagi 78-sonli buyruq asosida hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent viloyati mintaqaviy filialida 2025 yil 25 sentyabrdagi 62-sonli buyruq asosida amaliyotga joriy etilgan. Ijtimoiy samaradorligi: Genetik, metabolik, funksional va klinik ko‘rsatkichlar integratsiyasi asosida ishlab chiqilgan xavf guruhlari stratifikatsiyasi va individuallashtirilgan antitrombotsitar terapiya algoritmi 12 oylik klinik natijalarni baholashda amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi. Iqtisodiy samaradorligi: Qayta gospitalizatsiyalar soni 4 tadan 2 taga kamaydi. Bir qayta gospitalizatsiyaning o‘rtacha qiymati 10000000 so‘mni tashkil etgan. Natijada iqtisodiy samara 20000000 so‘mga teng bo‘ldi. Xulosa: taklif etilgan algoritm klopidogrelga rezistentlik xavfi yuqori bo‘lgan bemorlarni erta bosqichda ajratib olish, ularda kuzatuv va davolash taktikasini to‘g‘ri belgilashga yordam beradi. Bu yondashuv noxush yurak-qon tomir asoratlari va qayta shifoxonaga yotish holatlarini kamaytirish, shu bilan birga ortiqcha davolash xarajatlarini qisqartirish uchun amaliy ahamiyatga ega.