Xoldorova Shohista Azamjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi: “Elektron muloqot matnlarining pragmatik xususiyatlari”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Fil2721.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Ilmiy rahbar: Davlatova Ra’no Xaydarovna filologiya fanlari doktori, professor 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Jizzax davlat   pedagogika universiteti, PhD.01/2025.27.12.Fil.06.02.
Rasmiy opponentlar: Jo‘raeva Bibish Muhsinovna, filologiya fanlari doktori, professor; Narxodjaeva Xurshida Sharipovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Chirchiq davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi elektron muloqot matnlarining pragmatik xususiyatlarini tadqiq etish, virtual kommunikatsiyada nutq ishtirokchilarining niyati, nutqiy strategiya va taktikalarining voqelanishi hamda lisoniy va nolisoniy vositalarning funksional-pragmatik imkoniyatlarini aniqlashdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
elektron muloqot matnlarining pragmatik tabiati kommunikativ niyat, adresant–adresat munosabatlari, nutqiy vaziyat va kontekst, nutqiy aktlar tizimi, muloqotning texnologik omillarga bog‘liqligi, implisit ma’no, pragmatik ta’sir, interaktivlik, ijtimoiy-pragmatik omillar hamda adresat interpretatsiyasi kabi lingvopragmatik tamoyillar asosida ochib berilgan;
chat muloqotining kommunikativ-struktur modeli ishlab chiqilib, uning boshlanish, asosiy xabar va yakunlovchi qismlardan iborat modeli ishlab chiqilgan; elektron kommunikatsiya terminologiyasini milliylashtirish maqsadida “nik-neym” terminiga muqobil ravishda “foydalanuvchi nomi”, noverbal kommunikativ vositalarni ifodalash uchun esa “emoji” – “tasviriy belgi”, “smayl” – “his-belgi”, “stiker” – “yorliqcha” terminlari tavsiya qilinib, ularning lingvopragmatik maqomi hamda funksional imkoniyatlari aniqlangan;
elektron muloqot matnlarida kommunikativ strategiya va taktikalarning (o‘zini namoyish qilish, ishontirish, manipulyativ strategiyalar) kommunikativ maqsad va pragmatik intensiyaga ko‘ra turli nutqiy aktlar orqali voqelanishi aniqlanib, “pragmatik intensiya – strategiya – taktika – natija” zanjirining raqamli diskursda amal qilishi asoslangan;
raqamli muloqot sharoitida deyktik birliklarning an’anaviy shaxs, makon, zamonni ko‘rsatish vazifalari virtual makonning noaniqligi, asinxron muloqot hamda grafik-belgili vositalarning faollashuvi sababli kengayishi va funksional o‘zgarishlarga uchrashi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Elektron muloqot matnlarining pragmatik xususiyatlari mavzusida olib borilgan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
elektron muloqot matnlarining pragmatik tabiati kommunikativ niyat, adresant–adresat munosabatlari, nutqiy vaziyat va kontekst, nutqiy aktlar tizimi, muloqotning texnologik omillarga bog‘liqligi, implisit ma’no, pragmatik ta’sir, interaktivlik, ijtimoiy-pragmatik omillar hamda adresat interpretatsiyasi kabi lingvopragmatik tamoyillar asosida ochib berilganligi to‘gʻrisidagi xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2020-2023-yillarda bajarilgan AM-F3-201908172 “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish mavzusi” nomli amaliy loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 30-sentyabrdagi 01/4-4619-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tilining ta’limiy korpusini shakllantirishda elektron muloqot matnlarining pragmatik parametrlarini hisobga olish, kommunikativ niyat, adresant–adresat munosabatlari va pragmatik ta’sir vositalarini korpus materiallari tarkibida tizimlashtirish imkoniyati yaratildi hamda korpusning ilmiy-ta’limiy qiymati va amaliy funksionalligi oshirilgan;
chat muloqotining kommunikativ-struktur modeli ishlab chiqilib, uning boshlanish, asosiy xabar va yakunlovchi qismlardan iborat modeli ishlab chiqilgan; elektron kommunikatsiya terminologiyasini milliylashtirish maqsadida “nik-neym” terminiga muqobil ravishda “foydalanuvchi nomi”, noverbal kommunikativ vositalarni ifodalash uchun esa “emoji” – “tasviriy belgi”, “smayl” – “his-belgi”, “stiker” – “yorliqcha” terminlari tavsiya qilinib, ularning lingvopragmatik maqomi hamda funksional imkoniyatlari aniqlanganligi yuzasidan chiqarilgan ilmiy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2022-2024-yillarda bajarilgan IL-402104209 “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish)” mavzusidagi innovatsion loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 30-sentyabrdagi 01/4-4618-son ma’lumotnomasi). Natijada dasturiy vositada chat muloqotiga xos birliklar, qisqartmalar, grafik vositalar hamda me’yoriy chekinish holatlarini aniqlash va qayta ishlash imkoniyatlari takomillashtirildi. Shuningdek, dasturning avtomatik tahlil qilish nazariy-metodologik asosi boyitilib, axborot-qidiruv va mashina tarjimasi tizimlarida o‘zbek tilidagi elektron muloqot matnlarini qayta ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
elektron muloqot matnlarida kommunikativ strategiya va taktikalarning (o‘zini namoyish qilish, ishontirish, manipulyativ strategiyalar) kommunikativ maqsad va pragmatik intensiyaga ko‘ra turli nutqiy aktlar orqali voqelanishi aniqlanib, “pragmatik intensiya – strategiya – taktika – natija” zanjirining raqamli diskursda amal qilishi asoslanganligi yuzasidan chiqarilgan xulosalardan nazariy ma’lumot sifatida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida davlat ilmiy texnika dasturlari doirasida 2022–2023-yillarda bajarilgan II-4721101717-raqamli “Xizmat ko‘rsatish obektlari milliy nomlari interaktiv elektron platformasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining 2025-yil 22-oktyabrdagi 1605-son ma’lumotnomasi). Natijada xizmat ko‘rsatish obektlari nomlarining kommunikativ samaradorligini ta’minlovchi pragmatik omillarni aniqlash, nomlash jarayonida adresatga ta’sir ko‘rsatish mexanizmlarini tavsiflash hamda nomlarning ishontirish, e’tiborni jalb etish va ijobiy munosabat shakllantirishga qaratilgan kommunikativ strategiyalarini baholash imkoniyati kengaydi va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish uchun nazariy-metodologik asoslar takomillashtirilgan;
    raqamli muloqot sharoitida deyktik birliklarning an’anaviy shaxs, makon, zamonni ko‘rsatish vazifalari virtual makonning noaniqligi, asinxron muloqot hamda grafik-belgili vositalarning faollashuvi sababli kengayishi va funksional o‘zgarishlarga uchrashi haqidagi ilmiy xulosalar Jizzax viloyat teleradiokanalining 2025-yil 23-avgust kuni “Yoshlar hududi” hamda 2025-yil 9-sentyabr kungi “Subhidam” ko‘rsatuvi dasturlarida amaliy qo‘llanilgan (Jizzax viloyat teleradiokanalining 2025-yil 18-sentyabrdagi 1070/13-10-son ma’lumotnomasi). Natijada tomoshabinlarda elektron muloqot madaniyatini yuksaltirish, auditoriyaning lingvistik savodxonligini oshirish, yoshlarning virtual makondagi nutqiy hatti-harakatlarini tartibga solish hamda ularni o‘zbek tili imoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanishga yo‘naltirishga xizmat qilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish