Abbasova Saidaxon Akmal kizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Buxoro-Xiva regioni shimoliy-g‘arbiy qismi yura davri yotqiziqlarida murakkab shakllangan uglevodorodli tutqichlar geologik tuzilishini modellashtirish», 04.00.07–Neft` va gaz konlari geologiyasi, ularni qidirish va razvedka qilish (geologiya-mineralogiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/GM33.
Ilmiy rahbar: Abdullaev G‘aybulla Sayfullaevich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Neft` va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Neft` va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti, O‘zbekiston neft`-gaz sanoati ilmiy-tadqiqot va loyihalash instituti, Toshkent davlat texnika universiteti, Rossiya davlat neft` va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali, DSc.27.06.2017.GM/T.41.01.
Rasmiy opponentlar: Rajabov Shuhrat Sayfullaevich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori; Akramxujaev Alisher Obidovich, geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: «O‘zbekgeofizika» AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasining uglevodorod xomashyo bazasi kengaytirish uchun Buxoro-Xiva regioni shimoli-g‘arbiy qismidagi doirasida yura davri cho‘kindi jinslarida uglevodorodlarning murakkab tuzilishli tutqichlarini geologik modellashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
seysmogeologik strukturalarni uch o‘lchamli modellashtirishning tavsiya etilgan optimal metodi asosida Buxoro-Xiva regionining shimoli-g‘arbiy qismidagi yura davri terrigen cho‘kindilarida uglevodorodlarning murakkab tuzilishli tutqichlari mavjudligi aniqlangan;
yangi olingan geologik-geofizik ma’lumotlar asosida Buxoro-Xiva regioni shimoli-g‘arbiy qismida terrigen yura davri cho‘kindilari bo‘yicha yangi uch o‘lchamli geologik model` ishlab chiqilgan, unga ko‘ra kelajakda bajariladigan geologik-razvedka ishlarining turlari, hajmi va o‘rni asoslangan;
ilk bor Buxoro-Xiva regioni shimoli-g‘arbiy qismidagi yura davriga xos terrigen cho‘kindilari tarkibida to‘lqinli maydonning dinamik anomaliyasi ajratilib, yura davri terrigen cho‘kindilari kesimida murakkab tuzilishli tutqichlar va uglevodorod xomashyosi zaxiralarini ko‘payishi aniqlangan;
ilk bor modellashtirish asosida qadimgi daryolar o‘zanlari belgilangan, daryolarning meandarlangan qismlarida linza shaklidagi qumli kollektorlarda potensial tutkichlar mavjudligi aniqlangan;
Buxoro-Xiva regioni shimoli-g‘arbiy qismidagi yura davri terrigen cho‘kindilari qatlamlarning hosil bo‘lish sharoitlarini mufassal litologik-fatsial tiklash jarayoni asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Buxoro-Xiva regioni shimoli-g‘arbiy qismidagi yura davri cho‘kindilarida uglevodorodlarning murakkab tuzilishli tutqichlarining geologik tuzilishini modellashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Izgancha, Sharqiy Xatar maydonlarida qidiruv va razvedka quduqlarini joylashtirish “O‘zneftegazgeologiya” MChJda amaliyotga joriy qilingan («O‘zbekneftgaz» AJning 2018 yil 27 dekabrdagi 02-14/1-112-son ma’lumotnomasi). Natijada ularning geologik tuzilishini tasdiqlash, yura davri cho‘kindilarida mahsuldor tutqichlar mavjudligini aniqlash va mahsuldorlik konturlarini jiddiy darajada kengaytirish imkonini bergan;
Janubiy Oqqum, Shimoliy Suzma maydonlarida qidiruv va razvedka quduqlarini joylashtirish bo‘yicha berilgan tavsiya “O‘zneftegazgeologiya” MChJda amaliyotga joriy qilingan («O‘zbekneftegaz» AJning 2018 yil 27 dekabrdagi 02-14/1-112-son ma’lumotnomasi). Natijada yura davri yotqiziqlarida XVIII va XIX gorizontlarida murakkab tuzilishli tutqichlarning mavjudligini aniqlash imkonini bergan.