Alieva Jamila Rayimjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kremniyda 3d va I, III–V guruh elementlari atomlarining diffuziya parametrlari», 01.04.10–Yarimo‘tkazgichlar fizikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/FM77.
Ilmiy rahbar: Nosirov Murod Zakirovich, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.30.08.2018.FM/T.01.12.
Rasmiy opponentlar: Abduraxmanov Kaxxar Pattaxovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Zikrillaev Nurullo Fatxullaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan muhandislik-qurilish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kremniyda kimyoviy elementlar davriy sistemasining I, III–V guruh va 3d o‘tish elementlarining kirishma atomlari diffuziyasining asosiy parametrlarining empirik ma’lumotlarni eng kichik kvadratlar usuli yordamida qayta ishlash bilan aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor kimyoviy elementlar davriy jadvali atomlarining kremniyda diffuziya jarayoniga tegishli diffuziya koeffisientlari, faollashish energiyalari atomlarning tartib raqamlariga, kristall panjaraning bog‘lanish elektronlar soniga muvofiqligi va kovalent radiuslariga bog‘liqligi tajriba natijalarining empirik ifodalari ishlab chiqilgan;
kremniyda atomlar diffuziyasining makroskopik nazariyasi, kristalldagi tuzilish nuqsonlari, ularning termodinamikasi, diffuziya jarayonlari kinetikasini tavsiflovchi matn, jadval, grafik va diagrammalarni yaratuvchi «Visual Basic-6,0» dasturi asosida EHM uchun dasturiy mahsulot ko‘rinishida eng kichik kvadratlar tadqiqot usuli ishlab chiqilgan;
kremniyda diffuziyalanuvchi 3d elementlari atomlarining asosiy diffuziya parametrlari Do(x) va E(x)ning qiymatlarini atomlarning (Sc, Ti, V, Cr, Mn, Fe, Co va Ni) tartib raqami va massalari ortib borishi bilan kamayishi eng kichik kvadratlar usuli orqali aniqlangan;
ilk bor davriy jadvalning I, III–V guruhlariga mansub hozirgacha o‘rganilmagan 12 ta atomlarning kremniyda diffuziya koeffisienti va faollashish energiyasi qiymatlari eng kichik kvadratlar usuli orqali aniqlangan;
bor (V) atomlarining polikristall kremniyga termik diffuziyalanish jarayonida kristall donalarda va donadorlik chegara sohalarida turlicha diffuziya koeffisientlariga ega bo‘lishi tufayli kristall bo‘ylab zaryad tashuvchilar harakatchanligining o‘rtacha kirishma konsentratsiyasiga bog‘liqligining nomonoton o‘zgarishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kremniyda kimyoviy elementlar davriy sistemasining I, III–V guruh va 3d o‘tish elementlarining kirishma atomlari diffuziyasining asosiy parametrlarini empirik usulda aniqlash asosida:
kremniyda turli guruhlar atomlarining diffuziya koeffisienti va atomlar faollashish energiyasini aniqlash usuli OT-F-2-28 raqamli «Legirlangan kremniy sirti va hajmidagi kvant o‘lchamli effektlar hamda ularning p-n-strukturalardagi zaryad tashuvchilar fotogeneratsiya va rekombinatsiya jarayonlariga ta’siri» fundamental loyihasida yuqori darajada legirlangan yupqa qatlamlar qalinligini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 6 oktyabrdagi 39-01/04-349-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish natijaviy keskin r-p-o‘tishda nomuvozanatli zaryad tashuvchilarning samarali dreyfining stimullanishi shartlarini aniqlashga imkon bergan;
diffuziya koeffisientini eng kichik kvadratlar usulida aniqlash natijalari BF3/003 raqamli «Kirishmali voltaik effektga asoslangan yarimo‘tkazgich negizli mikro va nanoo‘lchamli noan’anaviy va muqobil energiya manbalarini yaratish» fundamental loyihada kremniyga ishqoriy metall atomlarining diffuziya parametrlarini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 6 oktyabrdagi 39-01/04-349-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish litiy, natriy, kaliy, seziy kabi atomlar diffuziya koeffisientini va faollashish energiyasining atomlar radiusi va massasiga bog‘lanish qonuniyatini aniqlashga imkon bergan;
empirik ma’lumotlar asosida eng kichik kvadratlar usulida hisoblangan atomlar diffuziya koeffisienti va faollashish energiyasi qiymatlari ilmiy laboratoriyada olingan tajriba natijalari bilan taqqoslash maqsadida foydalanilgan (Kimyo texnologiya va metallurgiya universiteti (Sofiya, Bolgariya) ilmiy tadqiqot sektorining 2019 yil 20 maydagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish metall va kremniy tarkibli metall kristallarida noan’anaviy atomlarning turli haroratli diffuziyasini tahlil qilishga imkon bergan;
kremniyda atomlar diffuziya parametrlarini empirik aniqlash bo‘yicha olingan natijalar yarimo‘tkazgichli va fotovol`taik qurilmalar ishlab chiqarishda foydalanilgan («LeXsolar GmbH» (Drezden, Germaniya) ilmiy-ishlab chiqarish korxonasining 2019 yil 1 maydagi 102,MD-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish yarimo‘tkazgichlar fizikasi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha ishlab chiqariladigan qurilmalarni takomillashtirishga imkon bergan.