Almuradova Dilbar Muradovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Uch karra salbiy sut bezi saratonini tashxislash va davolashda zamonaviy yondashuv», 14.00.14–Onkologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib663.
Ilmiy rahbar: Ataxanova Nigora Ergashevna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.04.12.2018.Tib.77.01.
Rasmiy opponentlar: Alimxodjaeva Lola Tel`manovna, tibbiyot fanlari doktori; Pulatov Doniyor Anvarovich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: N.N. Bloxin nomidagi Rossiya onkologiya ilmiy markazi Federal davlat byudjet muassasasi (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: uch karra salbiy sut bezi saratoni bilan xastalangan bemorlarni tashxislash va davolash usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
uch karra salbiy sut bezi saratonining medullyar va apokrin gistologik podtiplari past proliferativ aktivlikka ega bo‘lganligi sababli boshqa podtiplarga nisbatan yaxshi prognozga, xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan metaplastik podtipi esa, juda yomon prognozga ega ekanligi isbotlangan;
uch karra salbiy sut bezi saratonida umumiy va residivsiz yashovchanlikni yaxshilash maqsadida sitotoksik neo’adyuvant polikimyoterapiyani kasallikning bosqichidan qat’i nazar radikal operatsiyadan oldin o‘tkazilishi zarurligi isbotlangan;
uch karra salbiy sut bezi saratonini kasallikning klinik bosqichidan qat’i nazar davolashni neo’adyuvant polikimyoterapiyaning taksan va platin kombinatsiyalarida boshlash va radikal operatsiyadan so‘ng kapesitabin preparatini qo‘llash orqali davo taktikasi takomillashtirilgan;
uch karrali salbiy sut bezi saratonini bashoratlashda inobatga olinmagan androgen reseptor ekspressiyasining mavjudligi va uning darajasi bilan o‘sma o‘lchami, pereferik limfa tugunlar va Ki67 kabi prognostik faktorlar orasida to‘g‘ri proporsional korrelyasiya borligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Uch karra salbiy sut bezi saratonini tashxislash va davolashda zamonaviy yondashuvini  yaxshilash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Uch karra salbiy sut bezi saratonini tashxislash va davolash algoritmi” uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 24 apreldagi 8n–d/92-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma uch karra salbiy sut bezi saratonini davolash-tashxisot taktikasini optimallashtirish, tashxislash, asoratlarsiz davr hamda bemorlar umr ko‘rish davomiyliligini oshirish imkonini bergan;
uch karra salbiy sut bezi saratoni davolash va tashxisotiga  zamonaviy yondashuvlar sifatini yaxshilashning samaradorligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent shahar filiali klinik amaliyotiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 12 iyundagi 8n-d/103-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot davomida olingan ilmiy natijalar sut bezi saratoning eng xavfli turi hisoblangan uch karra salbiy fenotipi bilan xastalangan bemorlarda davolashning birinchi bosqichini neoad’yuvant kimyoterapiya muolajasini taksan va platin preparatlari kombinatsiyasi bilan o‘tkazish yordamida bemorlarning residivsiz yashash ko‘rsatkichini 79,5% gacha va umumiy umr ko‘rish davomiyliligi 81% gacha oshishiga va bu o‘z navbatida bemorlar hayot sifatini yaxshilash, bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam doirasini kengaytirish, kasallikning davriy asoratlarini kamaytirish hamda bemorlar hayot tarzi sifatini oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish