Baxramov Aslanbay Mirzaxmadovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Turlararo o‘zaro duragaylash asosida kompleks qimmatli xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan g‘o‘za navlarini yaratish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Qx368.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
Ilmiy rahbar: Axmedov Djamalxon Xodjaxanovich, biologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: g‘o‘zaning «Navro‘z» navi (NAP 00150).
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2019 yil 26 martdagi 01-11/645-son xulosasi.
II. Tadqiqotning maqsadi: turlararo duragaylash asosida respublikaning turli ekstremal sharoitlariga bardoshli, tezpishar, serhosil, tola sifati V-tipga mansub, kasallik va zararkunandalarga chidamli g‘o‘za navlarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor respublikaning noqulay tuproq-iqlim sharoitlariga bardoshli bo‘lgan g‘o‘za genofondidan olingan xorijiy va mahalliy namuna hamda navlari baholangan;
g‘o‘zada turlararo chatishtirish asosida biologik va seleksion ko‘chatzorlarda qimmatli xo‘jalik belgilarning irsiylanishi va o‘zgaruvchanligi aniqlangan;
turlararo duragaylarda morfo-xo‘jalik belgilarning o‘zaro bog‘liqligini tahlil qilish asosida tezpisharlik, hosildorlik, bitta ko‘sakdagi paxta vazni, tola chiqimi, tola sifati va boshqa belgilarning ijobiy majmuiga ega bo‘lgan yangi seleksion nav va tizmalari yaratilgan;
turlararo o‘zaro duragaylash asosida kompleks qimmatli xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan g‘o‘zaning yangi «Navro‘z» navi yaratilgan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Turlararo o‘zaro duragaylash asosida kompleks qimmatli xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan g‘o‘za navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
duragaylardan ajratib olingan oila va tizmalar asosida turli stress omillarga bardoshli, o‘suv davri 115-120 kun, tola chiqimi 37,0-38,0%, bitta ko‘sakdagi paxta vazni 5,5-6,0 gramm va tolasining uzunligi 33,4-33,7 mm ga teng bo‘lgan g‘o‘zaning «Navro‘z» navi yaratilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining seleksiya yutug‘iga patenti (NAP 00150) olingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 10 iyundagi 02/020-557-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu g‘o‘za navidan ekib kelinayotgan boshqa andoza navlarga nisbatan yuqori va sifatli paxta hosili olish imkoni yaratilgan;
g‘o‘zada turlararo chatishtirish asosida yaratilgan o‘rta tolali «Navro‘z» navi 2011 yildan Toshkent viloyati uchun istiqbolli g‘o‘za navlari qatoriga kiritilgan va qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish tavsiya etilgan davlat reestriga kiritilgan (Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazining 2019 yil 7 iyundagi T-6-4-292-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ushbu navdan andoza Namangan-77 naviga nisbatan gektaridan o‘rtacha 4,3 sentner va S-6524 naviga nisbatan 6,6 sentnergacha qo‘shimcha paxta hosili olishga erishilgan;
qimmatli xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan g‘o‘zaning «Navro‘z» navi 2011-2018 yillar davomida Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on va Bo‘ka tumanlari paxtachilik fermer xo‘jaliklarida jami 5894 gektar maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 10 iyundagi 02/020-557-son ma’lumotnomasi). Natijada paxtachilik fermer xo‘jaliklarida o‘rta tolali g‘o‘zaning «Navro‘z» navidan gektaridan o‘rtacha 39,5 sentnergacha paxta hosili olishga erishilgan va iqtisodiy samaradorlik 314,5 mln. so‘mni tashkil etgan.