Ma’lumki, mamlakatimiz Prezidentining 2019 yil 24 may kuni O‘zbekiston milliy universitetida ta’lim va ilm-fan sohasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida binar (ikkitalik) himoya tizimi asosidagi dissertatsiya himoyasi amaliyotini joriy qilish vazifasi belgilab berilgan va 2019 yilning 11 iyulida “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (PQ-4391-son) Prezident qarori e’lon qilingan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 fevraldagi 74-son “Binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida talabgorlarga fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini berishni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan 2020 yilning 6 mart kuni O‘zbekiston milliy universitetida davra suhbati o‘tkazildi. Mazkur davra suhbatida universitet professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va mustaqil izlanuvchilari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Oliy attestatsiya komissiyasi xodimlari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida talabgorlarga ilmiy darajalar berishning innovatsion xususiyatga ega tadqiqotlarni rivojlantirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish, ilmiy natijalarni amaliyotga tezkor joriy etishning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, yoshlarning ilmiy faoliyatga qiziqishlarini oshirish va rag‘batlantirish, shuningdek, jamiyat hayotida ilmiy faoliyat nufuzini yanada yuksaltirishdagi ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Davra suhbati mutaxassis va olimlar bilan yosh tadqiqotchilar o‘rtasida qizg‘in savol-javoblar tarzida kechdi.
OAK Axborot xizmati