Sobirov Ozodbek Tojimatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi koksidlari (Homoptera: Coccinea) faunasi, morfologiyasi va ekologik xususiyatlari», 03.00.06–Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/B120.
Ilmiy rahbar: Shakarboev Erkinjon Berdiqulovich, biologiya fanlari doktori, profecsor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Zoologiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.52.01.
Rasmiy opponentlar: Medetov Maxsetbay Japakovich, biologiya fanlari doktori; Karimqulov Abdulla Tojiqulovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi mevali va manzarali o‘simliklari koksidlarining tur tarkibini tahlil qilish, dominant turlarning morfologik, biologik va ekologik xususiyatlarini aniqlash hamda koksidlarga qarshi kurash choralarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Farg‘ona vodiysining mevali va manzarali o‘simliklarida uchrovchi koksidlar faunasining 9 oila, 41 ta avlodlarga mansub 55 turdan iborat ekanligi aniqlangan;
Pseudococcus vovae Nass., Gossyparia salicicola Borchs., Adiscodiaspis tamaricicola Mal., Chionaspis salicis (Lind.) turlari Farg‘ona vodiysi koksidofaunasi uchun aniqlangan;
Farg‘ona vodiysi koksidofaunasining 17 turi endemik va 38 turi esa adventiv turlar ekanligi ochib berilgan;
koksidlarning turli oilalariga mansub turlar morfologik belgilaridagi o‘xshashlik va farq qilish jihatlari ochib berilgan;
burishgan soxta qalqondor (Eulecanium rugulosum Arch.)ning Farg‘ona vodiysi sharoitidagi eng ko‘p tuxum qo‘yuvchi tur, ya’ni 1 ta individga 3800-4000 ta tuxum to‘g‘ri kelishi aniqlangan;
koksidlarning biologik va ekologik xususiyatlariga asoslangan holda ularga qarshi kurash usullarini takomillashtirish tadbirlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Farg‘ona vodiysi koksidlari faunasi, morfo-biologik va ekologik xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Farg‘ona vodiysi hududida tarqalgan mevali va manzarali o‘simliklarda uchrovchi koksidlar kenja turkumi 5 oilasining 23 ta turlaridan 60 nusxa hasharot namunalari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti Noyob kolleksiyasi fondiga topshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 12 sentyabrdagi 4/1255-24-33-son ma’lumotnomasi). Natijada namunalar respublikamizning Farg‘ona vodiysi hududlari bo‘yicha hasharotlar fondini boyitgan va interfaol atlaslar tayyorlash hamda elektron ma’lumotlar bazasini yaratish imkonini bergan;
Farg‘ona vodiysining mevali va manzarali o‘simliklarida uchrovchi koksidlarning faunasi va shu asosda aniqlangan turlarning taksonomik va faunistik tahlili Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi «Lug‘umbek» va «Oyim» o‘rmon xo‘jaliklariga, Asaka tumanidagi «Avtosanoat agro» MChJga qarashli jami 1215 gektar maydondagi intensiv bog‘larga va Andijon viloyati o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining 2019 yil 12 sentyabrdagi 3-30/266-son ma’lumotnomasi). Natijada respublika hududiga koksidlarning xavfli turlarini chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, ularga qarshi uyg‘unlashgan kurash usullarini ishlab chiqish imkonini bergan;
Farg‘ona vodiysi o‘simliklari dunyosida tarqalgan koksidlarning taksonomik, hayotiy formalari, moslanishlari haqida ma’lumotlar berilib, koksidlarning bioxilma-xillikni saqlashdagi ahamiyati bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Ekologiya va atrof-muhitni muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Andijon viloyati bo‘limi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2019 yil 8 oktyabrdagi 03-03/1-3690-son ma’lumotnomasi). Natijada Farg‘ona vodiysi sharoitida koksidlarning populyasiyalar holatini baholash, jiddiy zarar keltiruvchi turlarga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish imkonini bergan.