Rustamov Maxammasidik Kukanbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Nitron tolasini karbamid bilan modifikatsiyalab, sintez qilingan yangi anionalmashuvchi sorbentning fizik-kimyoviy xossalari», 02.00.04–Fizik kimyo; 02.00.06–Yuqori molekulyar birikmalar (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.RhD/K53.
Ilmiy rahbar: Babaev Tuygun Mirzaaxmedovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.27.06.2017.K.01.03.
Rasmiy opponentlar: Rafikov Adxam Salimovich, kimyo fanlari doktori, professor; Trobov Xamza Tursunovich, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: nitron tolasini karbamid bilan modifikatsiyalab, sintez qilingan yangi anionalmashuvchi sorbentning fizik-kimyoviy xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor nitron tolasini karbamid bilan kimyoviy modifikatsiyalash usuli orqali birlamchi va ikkilamchi aminoguruhlar tutgan tolasimon anionalmashuvchi materiallar sintez qilingan;
nitron tolasi karbamid bilan ta’sirlashganda choklangan strukturalar hosil bo‘lishi va polimer strukturasida tartibsizlanishning ortishi aniqlangan;
PAN-KDM sorbentiga bixromat, poliyodid ionlarining yutilishi ionalmashish, shuningdek kompleks hosil qilish mexanizmlari bo‘yicha borishi aniqlangan;
polimer strukturasiga spesifik moddalar maqsadli kiritilganda olingan sorbentning simob ioni va bug‘iga nisbatan selektivligi ortishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Karbamid bilan modifikatsiyalangan nitron tolasining fizik-kimyoviy xossalarini aniqlashning ilmiy natijalari va ishlatilish sohalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
nitron tolasini karbamid bilan modifikatsiyalab, sintez qilingan anionalmashuvchi sorbentlar «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJda amaliyotga joriy qilingan («Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning 2019 yil 12 noyabrdagi AA-8721-son ma’lumotnomasi). Natijada sul`fat kislota ishlab chiqarish sexi eritmalaridan Mo ni ajratib olishning yangi samarali texnologiyasini yaratish imkonini bergan;
sintez qilingan yangi anionalmashuvchi sorbentlarning ishlab chiqarish texnologiyasi «MAXAM-CHIRCHIQ» AJda amaliyotga joriy etilgan («MAXAM-CHIRCHIQ» AJning 2019 yil 25 dekabrdagi 96-9/100-son ma’lumotnomasi). Natijada tolasimon ionalmashuvchi sorbentlarni sintez qilishning yangi texnologiyasini yaratish imkonini bergan;
nitron tolasini karbamid bilan modifikatsiyalab, sintez qilingan yangi anionalmashuvchi sorbentdan A-12-53 raqamli «Polimer tashuvchilarga immobillangan reagentlar bilan atrof-muhit ob’ektlaridan ekotoksikantlarni fotometrik va sorbsion-fotometrik aniqlash usullarini ishlab chiqish» mavzusidagi amaliy loyihada nitroguruh tutgan organik reagentlarni polimer tashuvchisi sifatida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 25 dekabrdagi 89-04-3114-son ma’lumotnomasi). Natijada og‘ir va zaharli metallarni aniqlashning sorbsion-fotometrik usulini ishlab chiqish imkonini bergan.