Raxmonov O‘ktam Kamolovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sanoat gaz chiqindilarini tozalash uchun yuqori samarali namli chang tozalash uskunasini yaratish», 02.00.16–Kimyo texnologiyasi va oziq-ovqat ishlab chiqarish jarayonlari va apparatlari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/T36.
Ilmiy rahbar: Raxmonov Toyir Zoyirovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi DSc.27.06.2017.T.03.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Muxiddinov Djaloliddin Nasirovich, texnika fanlari doktori, professor; Avazov Yusuf Shodievich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sanoat gazli chiqindilarini aerozollardan chuqur tozalash uchun yuqori samarali namli chang tozalovchi qurilmani ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
changli gazlarni to‘g‘ri oqimli yangi tirsakli qurilmaning gidravlik kattaliklari va konstruktiv xususiyatlarini e’tiborga olgan holda uch muhitli gaz-suyuqlik qatlamining energiya sarflariga ta’sir etuvchi omillar aniqlangan;
dispers zarrachalarning gaz-suyuqlik qatlamida harakatlanishning matematik modeli ishlab chiqilgan va mayda dispers zarrachalarni cho‘ktirish jarayoni samaradorligini hisoblash algoritmi ishlab chiqilgan;
harakatchan nasadkali to‘g‘ri oqimli qurilmaning energiya sarflariga ko‘ra gaz sig‘imi va suyuqlikni tutib turish miqdorini aniqlash imkonini beradigan empirik formulalar yaratilgan;
tirsakli chang tozalash qurilmasida gazlarni changdan tozalash samaradorligini aniqlash uchun tenglama ishlab chiqilgan;
o‘lchami bir mikrondan kichik mexanik zarrachalardan 95–98% samaradorlikda tozalash imkoniyati mavjud bo‘lgan yangi qurilma ishlab chiqilgan;
sanoat gazlarini changdan chuqur tozalash uchun, shu turdagi qurilmalarga nisbatan, gidravlik qarshiligi 20–25% ga kam bo‘lgan yangi, samarali chang tozalash qurilmasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sanoat gaz chiqindilarini tozalash uchun yuqori samarali namli chang tozalash uskunasini yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
changli gazlarni tozalash qurilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (№IAP 03839, 2008 y.). Natijada qurilma sanoat gazlarini mayda dispers aerozollardan kam energiya sarfi bilan chuqur tozalash imkonini bergan;
changli gazlarni chuqur tozalash uchun ishlab chiqilgan, samarali va energiyatejamkor qurilma “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning ta’mirlash-mexanik zavodida amaliyotga joriy etilgan (“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning 2019 yil 6 iyuldagi 04-04168-son ma’lumotnomasi). Natijada aspiratsiyalash tizimi AS-2da havoning changdan tozalash samaradorligini 95–98% oshirish va yangi qurilmaning gidravlik qarshiligi shu turdagi qurilmalarga nisbatan 20–25% ga kamaytirish imkonini bergan.